Kerri Shimoliy Koreyaga bosimni oshirishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Jon Kerri Seulda, 18-may, 2015-yil

Jon Kerri Seulda, 18-may, 2015-yil

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri kecha Janubiy Koreyada bo'lib, Prezident Pak Kin Xe va Tashqi ishlar vaziri Yun Byon Se bilan uchrashdi. Tomonlar o'zaro munosabatlar, regional va global mavzularni muhokama qildi, Shimoliy Koreya yadro dasturi xususida gaplashdi.

Kerrining matbuot anjumanida aytishicha, Shimoliy Koreya yadro dasturi bo'yicha xalqaro muzokaralarni jonlantirish uchun bir qadam ham qo'ygani yo'q.

Pxenyanga bosimni oshirish kerak, dedi Kerri.

"Shimoliy Koreya yadrodan xoli bo'lishga doir majburiyatlarini bajarishga samimiy xohish bildirsagina, xalqaro hamjamiyatni xavotirga solayotgan boshqa masalalarni hal etishga rozi bo'lsagina, Qo'shma Shtatlar u bilan ikki tomonlama aloqalarni yaxshilashni taklif etadi. Ammo bugunga qadar, so'nggi provokatsiyalarni hisobga olganda, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi bu shartlarni bajarishga bir qadam ham qo'ygani yo'q. Aksincha, u yadro quroli va ballistik raketalarni ishlab chiqarishda, bergan va'dalarini buzishda, xalqaro qonunlarni pisand qilmaslikda, o'z xalqini asosiy erkinliklar va inson huquqlaridan ayirishda davom etmoqda", - dedi Kerri.

Uning aytishicha, agar Shimoliy Koreya inson huquqlarini poymol etaversa, uning ishi Xalqaro jinoiy sudga oshiriladi.

"BMT Xavfsizlik Kengashida o'tgan yili ilk bor Shimoliy Koreya masalasini, uning rahbari Kim Chen Un masalasini Xalqaro jinoiy sudga oshirish haqida mulohaza yuritilgan. Agar vaziyat yomonlashishda davom etsa, shunday bo'ladi ham", - dedi Kerri.

Yakshanba kuni AQSh davlat kotibi Pekinda ham bo'lib, Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan ikki tomonlama aloqalar va Pxenyan masalasini muhokama qilgan.

Kerri Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi orollarga bo'lgan da'vosi yuzasidan tashvish bildirgan. Pekin mineral resurslar va energiyaga boy orollarni o'ziniki deb biladi, dengiz bo'yidagi boshqa mamlakatlar ham ularga da'vo qiladi va Xitoyning hozirgi siyosatidan tashvishda.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yi mamlakat o'z hududiy daxlsizligini murosasizlik bilan himoya qiladi, dedi.

Pentagon dengizda harakatlanish erkinligini ta'minlash uchun hududga harbiy kema va samolyotlar yubormoqchi. Pekin bunday qadam provokatsiya bo'ladi, deya ogohlantirmoqda.

Si Zinpin sentabrda, Janubiy Koreya prezidenti esa kelasi oy Vashingtonda bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG