Davlat kotibi Jon Kerri Pokistonga safar qiladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri yaqin kunlarda Pokistonga safar qiladi. Janubiy Osiyodagi bu davlatda, ma’lumki, Navoz Sharif boshchiligidagi yangi hukumat yaqinda ish boshladi.

Islomoboddagi muxbirimiz Sharon Benning xabar berishicha, kun tartibidagi asosiy mavzular bu - AQSh-Pokiston o’rtasidagi nozik aloqalar va regional hamkorlik.

AQSh tashqi ishlar vaziri Jon Kerrining Islomobodga tashrifi chog’ida Afg’oniston kelajagi va Pokistonning iqtisodiy ehtiyojlari obdon muhokama etiladi.

AQShda elchilik qilgan Maliha Lodining aytishicha, Navoz Sharif hukumati va Obama ma’muriyati o’rtasidagi yuqori darajadagi uchrashuvlar ikki mamlakat orasidagi chigal munosabatlarni yangilashga imkon beradi.

Ma’lumki, Bosh vazir Sharif Pokiston iqtisodiyotini oyoqqa turg’azishni ustuvor vazifa deb belgilagan. Uchrashuvlarda yechimini kutayotgan regional masalalar hamda Vashington-Islomobod o’rtasida uzoq muddatli hamkorlik haqida gap ketadi.

Maliha Lodi so’zlariga ko’ra, ayni damda kunning eng muhim mavzusi Afg’oniston. Qo’shma Shtatlar, Tolibon va afg’on hukumati bir davrada o’tirib, urushni murosa orqali yakunlashni ko’zlagan edi. Qatar vositachi bu jarayon to’xtab qolgan.

Vashingtonning istagi shuki, 2014-yilda xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni tark etishidan oldin Karzay ma’muriyati Tolibon bilan kelishuvga erishsin, urushga hamjihatlikda nuqta qo’yilsin.

Iyun oyida qasamyod keltirgan Bosh vazir Navoz Sharif hozircha tashqi ishlar va mudofaa vazirlarini tayinlashga shoshmayapti. Sobiq elchi nazarida, bu shundan dalolatki, Sharif shaxsiy diplomatiyaga urg’u beradi, tashqi siyosatni ham o’zi belgilaydi.

“Muhimi, yangi hukumat ishini boshlab oldi va bosh vazir aksar aholining quvvatloviga ega. Bugungi kungacha Pokiston tashqi siyosatini harbiylar tebratib kelayotgan edi”, - deydi Maliha Lodi.

Davlat kotibi Jon Kerrining Islomobodga tashrifi oldidan AQSh elchisi Richard Olson Navoz Sharif huzurida bo’ldi. Elchi Vashington o’z oldiga qo’ygan prioritetlar va mintaqaviy masalalar haqida so’zlagan. Sharif esa Qo’shma Shtatlar bilan yaqin va do’stona aloqada bo’lishni istaymiz deb ta’kidlagan.

Islomobod qo’yayotgan talablardan biri shuki, AQSh pilotsiz samolyotlari Pokistonda havo hujumlarini zudlik bilan to’xtatishi zarur. Sharif nazarida, bu hujumlar terrorga qarshi kurashga zarracha hissa qo’shayotgani yo’q, aksincha begunoh odamlar halok bo’layapti.

Navoz Sharif bu masalani shaxsan Jon Kerri bilan muhokama qilmoqchi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG