Amerika qochqinlarga ko'mak ko'rsatish dasturini kengaytiradi

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar qochqinlarga ko'mak ko'rsatish dasturini yanada kengaytiradi. Joriy yilda jami 85 ming odamga boshpana berish rejalangan. Suriyaliklarga 10 ming joy ajratilishi ko'zda tutilgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri zo'ravonlik girdobida qolgan uch mamlakatni alohida tilga oldi - Salvador, Gvatemala va Gonduras. Qashshoqlik va jinoiy to'dalardan qochgan minglab odamlar, xususan, bolalar va ayollar, o'tgan yili chegarani noqonuniy kesib o'tib, Amerikaga kirgan.

Sudlar ularning ishlarini birma-bir ko'rib chiqmoqda. Joriy oydan boshlab ko'plab oilalar deportatsiya qilina boshladi. Obama ma'muriyatining bu qarori Kongressda tanqidga uchradi.

"Yo'qsillik va ilojsizlikdan xavfli safarga chiqayotgan, AQShga yetaman deb jinoiy guruhlar to'riga ilinayotgan bu odamlarga yordamni oshiramiz", - deydi AQSh bosh diplomati Jon Kerri.

Uning aytishicha, qochqinlar bugun global muammo, biroq Amerikada ularni qabul qilishga qarshilar ko'p.

"So'nggi paytlarda qochqinlarni xavfli deya ta'riflab, odamlarni qo'rqitish uchun siyosiy minbarlardan xunuk gaplar aytilyapti", - deydi Jon Kerri.

2011-yildan buyon Qo'shma Shtatlar suriyalik qochqinlar uchun 4,5 milliard dollar ajratgan. Mablag'ning bir qismi bu qochqinlarga boshpana bergan Turkiya, Livan, Iordaniya va Misrga ham berilgan.

AQSh immigratsiya tizimini isloh qilmasdan turib, nega qochqinlarni mamlakatga qo'yayapmiz, deydi tanqidchilar.

"Terrorizm xavfi avjiga chiqqan davr hozir. Bu odamlar qanday maqsadda kelayotganini bilmaymiz", - deydi Janubiy Karolina shtati gubernatori, respublikachi Nikki Heyli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG