Kerri Moskvaga bordi, Suriya va Ukrainadagi vaziyat muhokamada

  • Amerika Ovozi

Kerry Russia

Kerry Russia

Amerika Tashqi ishlar vaziri Jon Kerri bugun Moskvada hamkasbi Sergey Lavrov va Prezident Vladimir Putin bilan Ukraina va Suriyadagi vaziyatni muhokama qilmoqda.

Putin yaqinda Suriyadan rus qo'shinlarining katta qismini olib chiqishni buyurdi. Bu qarordan so'ng AQSh va Rossiya rasmiylarining yuqori darajadagi ilk uchrashuvi bu. Ikki qudratli davlat birgalikda harakat qilsa, deydi Kerri, mojaroga nuqta qo'ya oladi.

"Bu maqsadga qanday erishamiz - Moskvadagi muzokaralar bu masalaga oydinlik kiritishidan umidvorman", - dedi diplomat.

Jon Kerriga ko'ra, Jenevada erishilgan sulh natijasida Suriyada zo'ravonlik ko'lami pasaygan, aholiga gumanitar ko'mak yetkazilmoqda. Endi navbat siyosiy islohotlarga. Ammo Prezident Bashar al-Assad taqdiri muloqotdagi eng chigal masala bo'lib turibdi.

Vashington nazarida Assadga Suriya kelajagida joy yo'q, ammo Moksva uning hukumatini har tomonlama qo'llab kelmoqda.

Kun tartibidagi yana bir masala - Ukraina, jumladan, bu mamlakat sharqidagi vaziat. So'nggi payt isyonchilar va hukumat o'rtasidagi sulh bitimi tez-tez buzilayapti, janglar yana avj olgan. Obama ma'muriyati Minsk kelishuvi shu yilning o'zida to'liq bajaralishi shart, demoqda.

Bu hujjat Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga Donbass mintaqasida vaziyatni kuzatish, qurollar olib chiqilishini nazorat etish huquqini beradi.

2014-yilda Rossiya Qrim yarimorolini Ukrainadan tortib olgani uchun AQSh va Yevropa sanksiyalariga uchradi. Kreml Yevropa davlatlaridan bu choralarni bekor qilishni talab qilib kelmoqda.

Jon Kerri Rossiyada 22 yilga qamalgan ukrainalik ayol uchuvchi masalasini ham ko'taradi. AQSh, Ukraina va Yevropa Nadejda Savchenko ustidan sud jarayonini siyosiy tomosha deb, uni ozod etishga chaqiryapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG