Kerri Moskvada Ukraina va Suriya mavzusida gaplashadi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Ukraina va Suriya masalalari xususida Rossiya rahbarlari bilan muloqot uchun kelasi hafta Moskvaga boradi. Prezident Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvlar rejalangan.

Kerrining aytishicha, Rossiyaning Suriyadagi harbiy va siyosiy manfaatlari bo'lishiga qaramay, Kreml Suriya mojarosiga siyosiy yechim topish yo'lida konstruktiv rol o'ynamoqda.

"Rossiya bu jarayonda bizga yordam beryapti. Vena jarayonining muvaffaqiyatli bo'lishi uchun foydali harakat qilyapti. Rossiya ham siyosiy kelishuvdan manfaatdor", - dedi Kerri.

Davlat kotibi Moskvada aynan qaysi kuni bo'lishini hozircha aytmayapti. Ungacha 18-dekabr kuni Kerri va Lavrov Nyu-Yorkda Suriya bo'yicha navbatdagi xalqaro majlisda uchrashadi.

Ertaga esa AQSh, Rossiya va BMT diplomatlari Jenevada uchrashib, Suriyada fuqarolar urushiga barham berishga qaratilgan tinchlik jarayonini olg'a surish yo'llari xususida gaplashadi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Gennadiy Gatilovning aytishicha, uchrashuvda Rossiya tomoni terrorga qarshi qo'shma harakatlarni jadallashtirishga ham chaqiradi.

AQSh va Rossiya Suriyada mustaqil harbiy kampaniya olib borar ekan, Suriya kelajagi bo'yicha siyosiy qarama-qarshiliklar terrorchilarga qarshi birgalikda harakat qilishga imkon bermayapti.

Jenevadagi yig'inda AQSh delegatsiyasiga davlat kotibining yordamchisi Ann Patterson rahbarlik qiladi, BMTdan esa bosh kotibning Suriya bo'yicha maxsus vakili Staffan de Mistura qatnashadi.

Tomonlar Suriya hukumati va muxolifati o'rtasida muzokaralarni tashkil etish ustida ishlamoqda. Prezident Bashar Assad hukumatiga qarshi kurashayotgan turli muxolif kuchlar ayni daqiqalarda Saudiya Arabistonida muzokara uchun vakillar tanlamoqda.

Bu o'rtada Obama ma'muriyati Suriya va Iroqda "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi hujumlarni kuchaytirmoqchi. AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Iroqqa qo'shimcha qurol va askarlarni kiritishga tayyormiz, deydi.

"Qo'shma Shtatlar Iroq armiyasiga bu ishda yordam berishga hozir. Zarur bo'lsa va Bosh vazir Haydar Abadiy iltimos qilsa, qo'shimcha jangovar vertolyotlar, harbiy maslahatchilar safarbar etamiz", - deydi vazir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG