AQSh va Rossiya Suriya bo'yicha kelishib olishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri Rossiyaga safar qilmoqda. Prezident Vladimir Putin va Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Suriyada terrorchi to'dalarga qarshi birlashib harakat qilish haqida gaplashayapti.

Ikki davlat bugungi og'ir damlarda ijobiy o'zgarish qilishga qodir, buning uchun salohiyati yetarli, deydi Kerri.

Kerri va Putin 14-iyul kechqurun ko'rishib, Suriyadagi ahvolni muhokama qilgan. Bosh diplomatning aytishicha, muloqot samimiy va jiddiy ruhda o'tdi. Biroq Kreml matbuot kotibining so'zlariga ko'ra, tomonlar Suriyada bevosita harbiy hamkorlik masalasini muhokama qilmadi.

"Vashington Post" gazetasining yozishicha, kecha va bugun Moskvada muzokara qilayotgan AQSh diplomati Putinga muayyan taklif bilan murojaat qilish uchun borgan.

Rossiya va Amerika "Islomiy davlat", al-Qoida va Suriyadagi boshqa ekstremist to'dalarga qarshi harbiy ittifoqqa birlashsin, deydi AQSh tomoni.

Unda, xususan, Rossiyadan Suriya rahbari Bashar al-Assadga bosimni oshirish, oppozitsion guruhlarga havodan zarba berishni to'xtatish so'raladi. Evaziga Amerika Rossiyaga ekstremist to'dalarni birgalashib bombardimon qilishda yordam beradi.

Ayni paytda ikki davlat Suriyadagi harbiy harakatlarni alohida, bir-biriga suyanmagan holda amalga oshirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG