AQSh davlat kotibi Riyodda

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Riyodda Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla bilan uchrashmoqda, 4-noyabr, 2013-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Riyodda Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla bilan uchrashmoqda, 4-noyabr, 2013-yil

To’qqiz kunlik xorijiy safarga chiqqan AQSh davlat kotibi Jon Kerri Saudiya Arabistonida qirol Abdulla bilan uchrashib, ikki davlat o’rtasidagi sovuqlikka barham berishga harakat qilmoqda.

Qirollik AQShning Suriya va Eronga nisbatan siyosatidan norozi. Riyod Vashingtondan Tehronni yangi sanksiyalar bilan jazolashni so’rab, Suriya hukumatiga qarshi esa harbiy kuch ishlatishga chaqirib keladi. Qo’shma Shtatlar bu ikki davlat bilan mavjud muammolarni diplomatik yo’l bilan hal etishga urinmoqda.

Kerrining aytishicha, AQSh Eronga yadro qurolini qo’lga kiritishiga imkon bermaydi. Davlat kotibi qirollik tashqi ishlar vaziri shahzoda Saud al-Faysal bilan ham muloqot qilgan. Al-Faysal nazarida ikki davlat Suriya masalasida hamfikr, garchi taktik yondashuvlarda farq bo'lsa-da.

Kerriga ko'ra, Suriya mojarosiga diplomatik yo'l bilan barham bergan afzal. Shu bilan birga, deydi davlat kotibi, mamlakat prezidenti Bashar Assad xalq ishonchini yo'qotgan, hokimiyatda ortiq qololmaydi.

Saudiya Arabistoni o’zini sunniy musulmonlar dunyosining yetakchisi sifatida ko’rar ekan, Eron va Suriyadagi shia hukumatlarni o’ziga tahdid deb biladi.

Kerrining aytishicha, Obama ma’muriyati Riyodning xavfsizlikka doir xavotirlarini o’rinli hisoblab, qirollik mudofaasini kuchaytirishda yordam berishga tayyor.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG