Janubiy Sudandagi ayrim shaxslarga jazo choralari joriy etilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Janubiy Sudandagi siyosiy va etnik ixtilof bir milliondan ortiq odamni yashab turgan joyidan ayirdi.

Janubiy Sudandagi siyosiy va etnik ixtilof bir milliondan ortiq odamni yashab turgan joyidan ayirdi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Vashington Janubiy Sudanda notinchlik keltirib chiqarishga urinayotgan shaxslarga qarshi jazo choralarini tatbiq etish masalasini ko’rib chiqmoqda. Janubiy Sudanda davom etayotgan siyosiy va etnik ixtilof natijasida bir milliondan ortiq odam o’z uylarini tashlab chiqishga majbur bo’ldi.

“Amerika ovozi”ga bergan intervyusida Jon Kerri to’qnashuvlar uchun javobgar shaxslarga nisbatan sanksiyalarni joriy etish masalasi jiddiy ko’rib chiqilayotganini ta’kidladi, ammo jazoga tortilishi mumkin bo’lgan shaxslar nomini ochiqlamadi.

Uning aytishicha, Janubiy Sudanda neft va etnik raqobat ustidan kelib chiqqan to’qnashuvlar shaxsiy adovat darajasiga chiqqan. O’tgan yilning dekabr oyida prezident Salva Kir sobiq o’rinbosari Riek Macharni davlat to’ntarishini amalga oshirishga urinishda ayblagach, siyosiy guruhlar o’rtasida to’qnashuvlar boshlanib ketgan edi.

Mustaqillik uchun uzoq kurash olib borgan Janubiy Sudanning bunday inqirozga yuz tutishi fojeadir, dedi Kerri.

“Mustaqillikdan umidlar juda katta edi. Lekin uning shaxsiy maqsadlar va shaxsiy adovat yo’lidagi kurashga aylanib ketgani xalq tomonidan rahbariyatga ko’rsatilgan ishonchning suiiste’mol qilinganini ko’rsatadi”, - dedi AQSh Davlat kotibi.

Kerri hukumat va qo’zg’olonchi guruhlar o’rtasidagi kurashga diplomatik yechim topishga bo’lgan umid hanuz mavjudligini aytadi.

30-aprel kuni Jon Kerri Sharqiy Afrika bo’ylab safarga chiqadi. U Efiopiya poytaxti Addis-Abebaga ham tashrif buyuradi. Ayni shu yerda Janubiy Sudan hukumati hamda isyonchilar o’rtasida o’tkazilgan tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.

Yetti kunlik safari davomida Kerri Kongo Demokratik Respublikasi hamda Angolada ham bo’ladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG