Jon Kerri: Huquq himoyasi, diplomatlar xavfsizligi ustuvor vazifalar

  • Amerika Ovozi

AQSh yangi Davlat kotibi Jon Kerri kechadan boshlab vazifasiga kirishdi. Xizmatning birinchi kunida u jahonda inson huquqlarini himoya qilish zaruratini eslatdi.

Kerri dunyoning turli burchaklarida ishlayotgan AQSh diplomatlari xavfsizligini ta’minlashga va’da berdi.

An’anaga ko’ra yangi davlat kotibi lavozimiga kirishgan kuniyoq vazirlik xodimlari bilan uchrashdi. Jon Kerri prezident Obamaning dunyo xavfsizligini ta’minlash rejasiga amal qilishga so’z berdi.

“Prezident sizning madadingiz bilan yuritayotgan bu siyosat, shubhasiz, Amerikaning sha’ni va xalqaro sahnadagi mavqeini qayta tikladi. Bir necha yillik mehnat mahsulini ko’rib turibmiz”, - deydi Jon Kerri.

Uning nazarida bu martabaning foydasi, savobi ko’p.

“Jahonda tinchlik qaror topishiga xizmat qilishimiz mumkin. Urushlar, mojarolar kammi bugun? Ziddiyatni qon to’kmay hal qilish mumkin-ku. Shu kuchimizni xalqlarni kambag’allikdan xalos etishga, kasalliklarni davolashga, inson huquqlari va so’z erkinligini himoya qilishga sarflasak bo’ladi-ku”, - deya mulohaza yuritdi diplomat.

Barak Obama prezidentlikning birinchi muddatida inson huquqlari, ayniqsa, xotin-qizlar huquqlarini ustuvor yo’nalish deb belgiladi. “Human Rights Watch” tashkiloti rasmiysi Sara Margon fikricha, Qo’shma Shtatlar ko’p narsaga qodir.

“Inson huquqlari kabi qadriyatlarni himoya qilishda dadilroq, samaraliroq harakat qilish mumkin. Umid qilamanki, Obama ma’muriyati kelasi to’rt yildan unumli foydalanib, haq-huquq masalasiga ko’proq diqqat qaratadi”, - deydi “Human Rights Watch” rasmiysi.

Jon Kerri yangi lavozimda Isroil prezidenti Shimon Perez va Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan telefonlashdi. Isroil va Falastin o’rtasida totuvlikni ta’minlash – oldimizda turgan dolzarb vazifalardan, dedi Kerri.

Kerri Yaponiya va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari bilan ham telefon orqali gaplashdi. Diplomatning aytishicha, Shimoliy Koreya raketa sinovlarini bas qilmasa, jazo bilan yuzlashishi muqarrar.

Davlat departamentida so’zlagan Jon Kerri o’tgan yili Liviyaning Bing’ozi shahrida AQSh vakolatxonasiga hujumda halok bo’lgan safdoshlarni esladi.

“Kasbimiz xavf-xatar bilan bog’liq ekani sir emas. Xizmat paytida jon bergan hamkasblar Kris Stivens, Glen Dogerti, Tayron Vuds va Shon Smit xotiramizda abadiy qoladi”, - dedi Kerri.

Vashingtondagi Kato tahlil instituti olimi Malu Innosent Liviya muammosi hali hal bo’lganicha yo’q, deydi.

“Davlatni oyoqqa turg’izish bilan xalqni, millatni oyoqqa turg’izish o’rtasida farq katta. Liviyada jamiyat o’zligi, fuqaro ongi haqida gap ketayapti hozir. Sobiq rahbar Muammar Qaddafiy necha yil boshqardi bu xalqni? “Bo’lib, hukmronlik qil” shiori ostida davlatni yillar davomida boshqardi. Urushdan keyingi Liviyani hali ko’p sinovlar kutayapti”, - deydi ekspert.

Jon Kerridan avval davlat kotibi vazifasini ketma-ket ikki ayol bajargan – Xillari Klinton va Kondoliza Rays.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG