Kerri Rossiyani Ukraina masalasida ogohlantirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri yaqinda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashib, Rossiyaga qo’shimcha sanksiya qo’yilishi mumkinligini aytgan. Qo’shma Shtatlar Rossiyani Ukraina sharqidagi sulhga rioya qilishga chaqirib, aks holda uning iqtisodiyoti yanada zarar ko’rishini bildirmoqda.

Kerri Jenevada BMT Inson huquqlari kengashida Ukraina sharqi va Rossiyaga qo’shib olingan Qrim yarimorolida huquqbuzarliklar haqida gapirdi.

U kengashdan vaziyatga chuqurroq qarashni so’radi.

“Qrimda hamda Ukrainaning bo’lginchilar nazoratidagi sharqiy hududlarida erkaklar, ayollar va bolalar o’lmoqda. Ularni e’tiqodi uchun qiynashmoqda, zo’rlashmoqda, jinsiy tahqirlashmoqda, garov puli uchun o'g’irlashmoqda, majburlab ishlatishmoqda, ta’qib etishmoqda, jazolashmoqda", - dedi Kerri.

AQSh va Yevropa davlatlari Rossiyani yanvarda erishilgan sulhga qaramay sharqdagi isyonchilarni qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblab, unga qarshi yangi sanksiyalar qo’llash xususida fikr yuritmoqda.

Kerriga ko’ra, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov og’ir qurollarning mojaro zonasidan chiqarilganini aytsa-da, buni tasdiqlovchi ma’lumot yo’q.

“Minskda imzolangan sulh bitimi qisman bajarilmoqda, xolos. Hududda hali ham otishmalar davom etmoqda, odamlar o’lmoqda”, - dedi u.

Lavrov BMT kengashiga vaziyatni boshqacha izohladi:

"Minskda kelishilgan choralarni amalga oshirishda jiddiy yutuqlar bor. Sulhga amal qilinmoqda. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti nazorati ostida og’ir qurollar chiqarilmoqda. Agar sulh buzilsa, bu yutuqlarni payqamay Ukrainani qurol bilan ta’minlashga chaqirayotganlar bunga asosiy sababchi bo’ladi”, - dedi u.

Qisqa muddatda Rossiya sulhga rioya qiladigan ko’rinadi, deydi Ukraina bo’yicha tahlilchi Mettyu Rojanskiy.

“Otishma davom etayotgan bir paytda ishonchsizlik, surbetlikning bo’lishi tabiiy. Axir muzokaralardan oldin hamma sulh bitilgach ham otishma bo’lishini bilgan”, - deydi Rojanski.

Tahlilchi Gari Shmit nazarida Rossiyaning Ukrainani beqarorlashtirishdan tashqari kattaroq strategiyasi bor.

“O’ylashimcha, ruslar bir necha yildan beri bu siyosat ustida o’ylab keladi. Putin Yevropaning xavfsizlik xaritasini qayta ishlab chiqmoqchi. Bunga yetarlicha dalillar bor. U anchadan beri buni rejalab kelgan deb o’ylayman", - deydi Shmit.

BMTning Inson huquqlari idorasiga ko’ra, o’tgan yil aprel oyidan beri Ukraina sharqidagi mojaro 6000 dan ziyod odamning yostig’ini quritdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG