Xalqaro komissiya: Qirg'izistondagi fojiada asosan o'zbeklar jabr ko'rgan


O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi, 18 iyun 2010

O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi, 18 iyun 2010

Bugun Bishkekda o’tgan yilning iyun oyida O’sh va Jalol-Obodda yuz bergan xunrezlikni tekshirgan xalqaro komissiya o’z xulosalarini taqdim etdi.

Komissiya raisi Kimmo Kilyunen deydiki, sobiq Sovet Ittifoqi hududida ilk bor mana shunday hay’at ishlashga muvaffaq bo’lgani - tarixiy bir yutuq.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlamentlar Assambleyasi o'tgan yili uni tuzishga qaror qilgan edi.

Organ matbuot kotibi Nil Saymon (Neil Simon) so'zlariga ko'ra, tekshiruvni Qirg'iziston hukumatining o'zi so'ragan.

"Bu juda izchil va keng qamrovni tekshiruv... Umid qilamizki, Qirg'iziston hukumati, qo'shni davlatlar va xalqaro hamjamiyat natijalarga jiddiy ko'z bilan qaraydi",- deydi u.

Komissiyada Rossiya, Fransiya, Finlyandiya, Turkiya, Estoniya, Britaniya va Avstraliya mutaxassislari ishladi.

“Tekshiruvni risoladagidek olib borish uchun barcha shart-sharoit yaratib berildi. Maqsad haqiqatni aniqlash, fojia sabab va oqibatlarini oydinlashtirish edi. Qirg’iziston hukumati biz uchun zamin hozirlab berdi. Biz istagan odamlarimiz bilan bemalol gaplasha oldik, ularni savolga tuta oldik”,- dedi Kilyunen bugun Bishkekda matbuot xodimlari oldida gapirar ekan.

Kimmo Kilyunen, xalqaro komissiya raisi

Kimmo Kilyunen, xalqaro komissiya raisi

Hisobot fevral oyi boshida yakunlangach, hujjat Qirg’iziston hukumatiga uzatilgan va undan o’z munosabatini bildirish so’ralgan. O'shanda Kimmo Kilyunen "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bo'lib, tekshiruvdan maqsad nima ekanini tushuntirib bergan edi.

Kilyunenning aytishicha, rahbariyat komissiyaga o'z javobini berib, hisobotning ularga ma’qul bo’lmagan tomonlarini ko’rsatgan. Lekin bu bilan hujjat mazmuni o’zgarmagan.

“Biz jinoiy tergov olib borganimiz yo’q. Bu izchil tadqiqot, xolos va topgan ma’lumotimizga asoslanib, Qirg’iziston xalqi va rahbarlariga maslahat berayapmiz. Hukumat unga qarab, maxsus dastur ishlab chiqmoqchi va zarur chora-tadbirlar ko’radi”, - deydi Kilyunen.

Xalqaro komissiyaning asosiy xulosasi shuki, 2010 yilning iyun oyida ro’y bergan notinchliklarda aziyat chekkanlarning ko’pi o’zbeklar. Mojaro markazi O’sh va Jalol-Obod bo’lgan. O’lganlar soni uzog’i bilan 500. Ularning 74 foizi –o’zbeklar, qolganlar esa qirg’iz.

Yuz minglab fuqaro jonini saqlash uchun O’zbekistonga qochdi. Bir necha kun ichida vatanga qaytdi, ammo ularning ko’pi keyinroq bosim va qo’rqinch ostida xorijga chiqib ketdi.

Kilyunenning tasdiqlashicha, mol-mulki, uy-joyidan ayrilganlarning aksariyati o’zbeklar.

Jinsiy tajovuz hollari eng dahshatli jinoyatlar, deydi u, bu borada mavjud informatsiya haqida gapirar ekan.

Xalqaro komissiya hisobotida voqealar rivoji nafaqat kunma-kun, balki soatma-soat ko’rsatiladi.

Hay’at a’zolari 750 dan ortiq odam bilan suhbatlashgan va 700 dan oshiq ishonchli hujjatlar toplangan. Yana minglab fotosuratlar va video materiallar bor.

Bu jiddiy tahlil, deydi Kilyunen, gap bu davlat kelajagi, elatlar taqdiri haqida ketmoqda.

Kilyunen nazarida fojiaga yetaklagan eng muhim sabab millatchilikka asoslangan siyosiy fanatizmdir.

Xunrezlikning boshlang’ich nuqtasi 7 aprel. Bishkekda Kurmanbek Bakiyev prezidentlikdan ag’darilgach vujudga kelgan beqarorlik janubga ko’chib, vaziyat kun-sayin og’irlasha borgan.

Qirg'iziston hukumati hisobotni ko'rib chiqib, uni yuqori baholagan

Qirg'iziston hukumati hisobotni ko'rib chiqib, uni yuqori baholagan

“Konflikt ortidagi asosiy kuchlar: Bakiyevning klani va uning hukumati tarafdorlari; muvaqqat hukumat tarafdorlari va siyosiy faoliyatini oshirishga harakat qilgan o’zbek yetakchilar. Jinoiy guruhlarning roli katta bo’lgan. Biror xorijiy davlat qo’li borligi haqida isbot-dalil yo’q”.

Komissiya Jalol-Obodda badavlat o’zbek Qodirjon Botirov qanday rol o’ynaganini ham o’rganib chiqqan.

“U va boshqa o’zbek faollar siyosatga kirib, o’z elati manfaati uchun kurashishni xohlagan", - deydi Kilyunen, "lekin o’zbek aholi yashaydigan hududlar ajralib chiqishi, muxtoriyatga aylanishi kerak degan gap bo’lmagan. Bu borada biror dalil yo’q”.

“To’polonlar janubda may oyidayoq boshlangan. Masalan, Jalol-Obodda viloyat hokimiyat binosiga bostirib kirilgan”,- deydi Kilyunen.

“Bu bir kunda yuz bergan fojia emas, balki tobora qaynoq tus olgan voqealar…”.

Komissiya xalqaro qonunlar, inson huquqlari normalari qanchalik buzilganini o’rganib chiqqan.

Ko’plab o’zbeklar genodsid sodir etilgan deydi. Yig’ilgan dalillar buni isbotlaydimi?

“Bu harbiy jinoyatlar yoki genodsid emas, nazarimizda. Lekin 11-13 iyun kunlari o’zbek mahallalarida amalga oshirilgan jinoyatlar, qabihlik insoniyatga qarshi harakat bo’lganini isbotlovchi dalillar bor. Inson huquqlari keng ko’lamda buzilgan, nafaqat fojia paytida, balki undan keyin ham”, - deydi Kilyunen.

“Javobgar shaxslarni topib, sudga tortish, adolatni ta’minlash – Qirg’iziston hukumatining vazifasi. Voqealar ketidan boshlangan tergov ishlari va sud jarayonlari xolis kechmadi va asosan o’zbeklarni javobgarlikka tortishdi”,- deydi Kilyunen.

“Ayblanuvchilarning 80 foizi o’zbeklar, vaholanki, jabrlanuvchilarning 74 foizi ham shu elat vakillari. Muvozanat qani?” - deya ajablanadi xalqaro komissiya raisi.

Kilyunen muvaqqat rahbariyatni zaif va layoqatsiz deya ta'riflaydi.

Hukumatning asosiy mas’uliyati - har bir fuqaro xavfsizligini ta’minlash, lekin rahbarlar buni anglab yetmagan yoki o’z vazifasini bajarishni lozim deb topmagan.

Xavfsizlik kuchlari, huquq-tartibot organlari to’g’ri boshqarilmagan. Ikki mingdan oshiq harbiy safarbar etilgan, lekin ular fuqaro manfaatini ko’zlab ish tutmagan. Qo'lidagi texnika va qurol-aslaha jinoiy guruhlarga boy berilgan.

O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi, 15 iyun 2011

O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasi, 15 iyun 2011

Komissiya Qirg'izistonga quyidagilarni maslahat bermoqda:

- Millatchilikka qarshi jiddiy kampaniya boshlang.

- O'zbek aholi katta sonni tashkil etgan hududlarda o'zbek tili muhim aloqa vositasi ekanini tan oling. Rasmiy til bo’lishi shart emas, lekin Qirg’iziston janubida aholining 30 foizi o’zbek tilida gaplashadi. Buni hurmat qilish kerak.

- O’sh shahar va viloyat hokimlari etnik hamjihatlikni ta’minlashni asosiy vazifalardan biri deb belgilab, bu masala bilan shug’ullanuvchi alohida idoralar tuzsin, mutaxassislar yollasin.

- Axborot vositalari professional me’yorlarga binoa, faoliyat yuritsin, ya’ni xolis va ishonchli ma’lumot uzatsin. Odamlar o'z tilida informatsiya ola bilsin.

- Xavfsizlik organlari huquq va qonunni hurmat qilishni o’rgansin. Ularning malakasini oshirib, etnik mojarolarning oldini olish borasida ta’lim berilsin.

- Uyushgan jinoyatchilikka qarshi jiddiy kurash boshlang.

- Aholini qurolsizlantiring. Odamlarning qo’liga qurol berayotgan amaldorlar javobgarlikka tortilsin.

- Qirg’iziston jinoiy kodeksiga o’zgartirishlar kiriting. Insoniyatga qarshi jinoyatlar jazolanishini ta’minlang.

- Janubdagi jinoiy ishlar mustaqil ravishda ko’rib chiqilsin.

- Soxta aybloblar bilan qamoqqa olish, hibsda odamlarni qiynash hollariga darhol chek qo’yilsin.

- Hukumat qiynoqlarga qarshi ochiq gapirib, organlarga har qanday qiynoq usulidan foydalanishni man etsin.

- Fojiada jabrlanganlarga tovon to’lansin, odamlarning mulklari qaytarilsin va jinsiy zo’ravonlikka uchragan fuqarolarga zarur moddiy, tibbiy va ruhiy madad ko’rsatilsin.

O'shdagi bugungi manzara

Kimmo Kilyunen ozchilikdagi elatlarga hamisha qiyin deydi. Hisobot jamoatchilik orasida olib borilgan tekshiruv natijasi, deydi u. O’zbeklar - asosiy jabrlanuvchilar ekanini hukumatning o’zi ham biladi. Qirg’iziston qanday jamiyat bo’lmoqchi va qay elat asosiy rol o’ynashi kerak degan savollarga bu xalqning o’zi javob topishi kerak, deydi u.

“Bir narsa aniq. Millatchilik, siyosiy fanatizm faqat xunrezlikka yetaklaydi. Hisobotimizdan asosiy xulosa shu. Xalqaro komissiya yordam berishni istaydi, xolos. Tinch yashash uchun til topishish kerak, boshqa yo’l yo’q”,- deydi Kilyunen.

Qirg’iziston hukumati xalqaro komissiya hisobotini yuqori baholab, uni professional ekspertiza xulosalari sifatida ko’rmoqda. Lekin, boshqaruv nazarida, hujjat haqiqatni to’liq aks ettirmaydi va barcha masalalarga xolis yondashilmagan.

Rahbariyat o’z xatolarini boshidanoyoq ochiq tan olganini eslatadi.

Shuningdek, deyiladi rasmiy Bishkek bayonotida, Qirg’iziston qo’shni O’zbekistondan og’ir damlarda ko’rsatgan yordami uchun minnatdor.

Qirg'iziston janubiga yaqindan nazar

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG