"Darakchiga o'lim", Amerika hukumati va matbuotini savolga tutgan film

  • Amerika Ovozi

"Darakchiga o'lim" filmida bosh qahramon Gari Vebb rolini ijro etgan Jeremi Renner va uning rafiqasi rolini o'ynagan Rozmari Devitt.

"Darakchiga o'lim" filmida bosh qahramon Gari Vebb rolini ijro etgan Jeremi Renner va uning rafiqasi rolini o'ynagan Rozmari Devitt.

Rejissyor Maykl Kuestaning yangi filmi matbuot erkinligi, qoradori savdosi va urush kabi mavzularni ko’taradi. “Darakchiga o’lim” (Kill the messenger) kartinasi hayotiy voqealarga asoslanib, unda jurnalist Gari Vebb haqida so’z boradi. Muxbir Amerika hukumatini moliyaviy firibda, mamlakatda kokain iste’molining gurkirashida ayblab chiqqan.

“Darakchiga o’lim” filmida aktyor Jeremi Renner Kaliforniyadagi “San Jose Mercury News” nashrining muxbiri rolini ijro etgan. 1996-yilgi voqealar yoritiladi unda. Jurnalist aniqlashicha, Nikaraguadagi qoradori savdogarlari Amerikaga kokain eksport qilib, tushgan daromadni Nikaraguaning kommunist hukumatiga qarshi kurashga sarflaydi. Jurnalistning ta’kidlashicha, AQSh Markaziy razvedka agentligi bilsa ham, o’zini bilmaganlikka oladi. Muxbirga bu haqda maqola yozmaslik tavsiya qilinadi.

Reportyor Gari Vebb shashtidan qaytmasdan, “Jinoiy ittifoq” (Dark alliance) sarlavhali uch qismdan iborat maqolani chop etadi. Uning ta’kidlashicha, AQSh Markaziy razvedka agentligi va qoradori savdogarlari hamkorlik qilgan hamda katta miqdorda kokain eksporti oqibatida Los-Anjeles va boshqa shaharlardagi qora mahallalarda narkomaniya gurkirab ketgan.

Shundan keyin Vebbning hayoti ostin-ustun bo’lib ketadi.

“Manfaatlar, yirik nashrlarning aralashuvi, Gari Vebbga bo’lgan ishonchni yemirish…bularning hammasi jurnalistni bo’g’ib qo’ydi. Holbuki, jurnalistning ishi himoya qilinishi kerak edi. Sharmandalik”, - deydi Jeremi Renner.

The Washington Post”, “The New York Times” va “The Los Angeles Times” kabi yirik nashrlar Markaziy razvedka agentligi bilan bog’liq bu maqolalarni asossiz, kokain epidemiyasi haqidagi da’voni farazdan boshqasi emas, deya xulosa qiladi. Hatto muxbirning gazetasi oxir-oqibat Gari Vebbni qo’llab-quvvatlamay qo’yadi.

“San Jose Mercury News” nashri bunaqangi yirik, og’ir mavzuni ko’tarishga odatlanmagan edi, nazarimda. Vaziyatni qanday eplashni bilmay qolgan tahririyat. Muxbirlari orasida faqat Gari Vebb jasorat ko’rsatgan. U ishini davom ettirish uchun qo’llab-quvvatlovga muhtoj edi”, - deb hisoblaydi aktyor.

Tadqiqotchi-jurnalist Robert Parri 1985-yilda “Associated Press” agenltligi uchun ishlayotib, razvedkani tanqid qiluvchi maqola yozgan:

“Vebb boshqa jurnalistlar jasorat qilmagan ishga qo’l urgan. Aksariyat muxbirlar Markaziy Amerikada qoradori savdosi bilan shug’ullanuvchi to’dalar haqida yozgan. Gari Vebb esa kokain AQShga olib kelinganidan keyin ro’y bergan voqealarga diqqat qaratgan”.

Jurnalist Vebbga razvedka va afyun epidemiyasi o’rtasida aloqani isbotlash uchun kuchliroq dalil kerak edi.

“Uning maqolalaridan ayb izlab topish uchun qulay edi bu”, - deydi rejissyor Maykl Kuesta.

Lekin Vebb salmoqli ish qilgan, deydi jurnalist Robert Parri:

“Reportyorning bosimi va mehnati oqibatida nihoyat Markaziy razvedka boshqarmasi qoradori iste’moli bilan bog’liq vaziyatga jiddiy e’tibor qaratib, tergov boshlagan”.

Lekin u paytga borib Vebbning hayoti barbod qilib bo’lingan. U 2004-yilda o’z joniga qasd qildi. Rejissyor Maykl Kuesta film jiddiy matbuotning buguniga diqqatni oshiradi, degan umidda.

“Bu film hukumatni tanqid qilish haqida emas, aslida matbuot va jurnalistlarning og’ir mehnati haqida”, - deydi Kuesta.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG