Kurdlar Kobanini mudofaa qilmoqda, Turkiyadan yordam yo'q

  • Amerika Ovozi

Turkiyaning Suriya bilan chegarasi bo’yidagi qishloqlarda mahalliy kurdlar va Suriyaning Kobani shahridan qochganlar yashaydi. Shaharni “Islomiy davlat” jangarilari egallash ehtimoli bor. Kurd qurolli kuchlari bir oydan beri qarshilik ko’rsatib, buning oldini olishga harakat qilmoqda.

Suriyalik va turkiyalik kurdlar umumiy dushmanga qarshi yelkama-yelka jang qilmoqda. Qo’lga qurol ololmaganlar esa umid bilan bu to’qnashuv natijasini kutyapti. Ammo shahar mudofaachilari son jihatdan kamroq, o’q-dorilari ham tugamoqda.

Ustiga-ustak, jihodchilarning safi kengayayotgani haqida xabarlar tarqalib, shaharni vahima bosgan. Turk qishloqlarining birida yashovchi Ali ismli 47 yashar cho’ponning aytishicha, uning 18 yoshli qizi Kobani uchun janglarda ishtirok etmoqda.

"Qizim jihodchilar deyarli qurshovga olgan shahardan so’nggi bor qo’ng’iroq qilganida kuchlarning nomutanosibligi haqida afsus bilan gapirgan edi. Ularning qayerdan bunchalik ko’payayotganidan taajjubda. Turkiya esa kurd ko’ngillilarini chegaradan Kobanigacha bo’lgan korridor orqali o’tkazmayapti. Yo’l ochilsa, turkiyalik va suriyalik kurdlar elatdoshlariga qo’shilgan bo’lardi", - deydi cho’pon.

Kuchlar teng bo’lganida edi jihodchilarni yengib, shaharni ushlab qolgan bo’lar edik, deydi unga qizi. Aven ismli bu yosh juvon rejasini ota-onasiga bildirmay, chegaradan noqonuniy o’tib kurd kuchlariga qo’shilgan.

G’arb va BMT rasmiylari ham vaziyatdan xavotirda. Biroq rasmiy Anqara o’z kurdlarini chegaradan o’tkazmoqchi emas. Natijada bu elat vakillari Turkiya hukumatini “Islomiy davlat”ni zimdan qo’llayotganlikda aybladi. Ular nazarida kurdlar Anqara uchun jihodchilardan ko’ra xavfliroq.

Turkiya nazarida Suriyada jang qilayotgan kurdlarning Kurdiston ishchilar partiyasi bilan tili bir. Anqara bu tashkilotni terrorchilar ro’yxatiga kiritgan. AQSh va Yevropa Ittifoqi ham shunday belgilagan. Turkiya kurd jangarilariga qarshi 30 yil kurashib, so’nggi oylarda tomonlar tinchlik xususida muzokaraga kirishgan edi. Ammo Kurdiston ishchilar partiyasining bildirishicha, agar jihodchilar Kobanini egallasa, muloqot to’xtatiladi.

So’nggi bir necha kun Turkiyaning bir necha shahrida kurdlar namoyish qilib, hukumatdan islomiy jangarilarga qarshi amaliyot boshlashni talab qilgan. Politsiya bilan to’qnashuvlarda salkam 40 odam o’lgan.

Bir necha kun oldin Kobanida bo’lgan Iroqning Kurdiston mintaqasi parlamenti deputati Abu Bakr Umar Abdullaga ko’ra, shaharda vaziyat og’ir, mudofaachilar yengil qurollangan, jihodchilar ixtiyorida esa tanklar bor.

"Ammo mudofaachilarning ruhi baland", - deydi qonunchi.

Unga ko’ra, janglar murosasiz kechmoqda, har bir ko’cha, har bir uy uchun qattiq kurash ketmoqda.

Kobanining uchdan biri kurdlar nazoratida. Turkiyaga yetaklovchi korridor tobora torayib bormoqda.

AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya hozircha kurdlarga faqat havodan yordam bermoqda. Qo’shma Shtatlar amaliyot boshida qo’shin kiritmaymiz degan edi, biroq ayrim tahlilchlarga ko’ra, piyoda askarlarsiz “Islomiy davlat”ni yengib bo’lmaydi. Busiz shahar tez orada butunlay jihodchilar qo’liga o’tadi, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG