Breaking News

Kofi Annan: Suriya armiyasi hujumlari haqidagi xabardan xavotirdamiz


Damashqda mashina portlab, bir necha kishi jarohatlandi
Damashqda mashina portlab, bir necha kishi jarohatlandi

BMT va Arab Ligasining Suriya bo'yicha maxsus vakili Kofi Annan Suriyaning BMT kuzatuvchilari safar qilgan viloyatlarida armiya tinch aholini nishonga olgani haqidagi xabarlardan xavotirda. BMT missiyasi zo’ravonlik va to’qnashuvlar domida bir yildan ortiq vaqt mobaynida qolayotgan davlatda sulh ijrosini kuzatmoqda.

Annan bugun BMT Xavfsizlik Kengashida hisobot berdi.

"Suriya qurolli kuchlari dushanba kuni Hamo shahrida qurolni ishga solib, bir necha odamni o’ldirgani haqida eshitdik", - dedi u.

Bir kun avval BMT kuzatuvchilari muxolifat qarorgohi hisoblanmish bu hududga borib, hukumatga qarshi shiorlar ko’targan fuqarolar tomonidan qarshilangan edi.

"Agar o’ldirishlar haqidagi xabarlar tasdiqlansa, bunga chidash mumkin emas," - dedi Annan.

Hozir mamlakatda BMTning 11 xodimi ishlayotgan bo’lsa, ikki nafari Hamoga qaytgan. Missiya matbuot kotibi Niraj Singxning aytishicha, delegatsiya Damashq yaqinidagi Duma shahrida bo’lib, odamlar bilan gaplashgan.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton deydiki, xalqaro tashkilot vakillari bilan ko’rishgan fuqarolarni ta’qib qilish yoki zulm o’tkazish “mutlaqo ayanchli”.

Mana bir haftadan oshibdiki, BMTning kichik missiyasi Suriyada faoliyat ko’rsatib, Hamo, Hims va Damashqni kezmoqda. BMT Xavfsizlik Kengashi mamlakatga yana 300 tinchlikparvarni jo’natishga rozilik bergan.

Kofi Annan fikricha, hukumat va muxolifat sulhga amal qilishini ta’minlash uchun qurolsiz guruh imkon qadar tez yo’lga chiqishi kerak. Lekin tinchlikparvar missiya masalalari bo’yicha mas’ul Xerv Ladsus so’zlariga ko’ra, birinchi 100 kishi manzilga yetib borishi uchun bir oycha vaqt kerak.

Annan Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallimdan maktub olganini aytdi. Unda yozilishicha, rasmiy Damashq qo’shin va qurollarni aholi punktlaridan olib chiqqan.

Bugun Britaniyada asoslangan Suriyada inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni kuzatuvchi kengash Damashqda qurollangan odamlar razvedka xodimini o’ldirganini ma’lum qildi. Bugun, shuningdek, poytaxtda mashina portlab, bir necha odam jarohatlangan. Davlat matbuoti voqeada “qurolli terrorchi” guruhlarni ayblab, namoyishlar boshida turganlar ham shular, degan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG