AQSh hukumati, Vatikan: Qur’onni yoqish yaramas, xunuk ish

  • Amerika Ovozi

AQShdagi cherkov 11-sentabr fojeasini xotirlab, Qur’on kitoblarini yoqishni rejalar ekan, katolik dunyosi markazi Vatikan buni yaramas, xunuk qadam deya ta’riflamoqda.

Har bir din muqaddas kitobi, darohlari va ramzini himoya qilishga, hurmat talab qilishga haqli, deydi Vatikan vakillari.

Katolik peshvolar nazarida 11-sentabr xurujiga javoban g’azabga to’la yana bir ishni boshlash to’g’ri emas. AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton ham Florida shtatidagi kichik cherkov tashabbusini tanqid qilmoqda. Klinton kecha Davlat departamentida iftor dasturxonida so’zlagan.

AQSh generali Deyvid Petreus va NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen xavotiri shuki, ikki musulmon davlatida jang qilayotgan askar qiz-yigitlar buning jabrini tortishi mumkin.

Nyu-York shahar meri Maykl Blumberg nazarida esa har qanday inson va tashkilot fikrini ochiq-oydin bildirishga haqli. Qur’onga o’t qo’yish bem’ani fikr bo’lsa-da, Amerika Konstitutsiyasi bu amalga qo’l urgan odamlarni himoya qiladi. O’tmishda AQShga qarshi shiorlar bilan chiqqan kishilar, Amerika davlat bayrog’ini yoqqan odamlar ham huddi shu huquqqa ega, deydi u.

Nyu-Yorkda egizak osmono’par binolar qulagan rayonda islom markazi qurish atrofida janjal tinmayotgan pallada paydo bo’lgan bu munozara ziddiyatni yanada avj oldirishi mumkin.

Cherkov peshvosi Terri Jouns islom olamining muqaddas kitobi – Qur’onni yoqib, xorijdagi vatandoshlari hayotini xavf ostiga qo’yayotganini tan oladi, ammo mash’um sentabr voqealarini shu tariqa yodga olish qarorimiz qat’iy, deydi.

Obama ma’muriyati nazarida floridalik ruhoniy xatti-harakati Amerika qadriyatlariga zid, didsiz bir ish. Davlat departamenti AQSh soldatlari, diplomatlar va sayyohlar ziyon ko’rmasa edi degan xavotirda.

Rasmiylar cherkov ahli fikridan qaytadi, fojeani xotirlashning boshqa yo’llarini topadi, degan umidda.

Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Krouli Qur’onni yoqish – provokatsiya, ig’vodir, deydi. Bu islom diniga hurmatsizlik. Ruhoniy olg’a surgan tashabbusga qarshilar dodini eshitayapmiz. Amerika ahli bunday adolatsiz fikrga qarshi turib bera olishi, uzoq yillik qadriyatlarni himoya qilishi kerak, deydi Krouli.

Pastor shu tarzda diniy ekstremizmga qarshi fikr bildirayapman desa-da, aslida radikalizm o’tini yoqmoqda, deydi Filip Krouli.

General Deyvid Petreus munozara Afg’onistondagi Tolibonga qo’l kelishi, razil maqsadda qo’llanishi mumkin, deb hisoblaydi.

Cherkov jamoasi so’zida turib olib, Qur’onni yoqqan taqdirda ham bu harakat butun boshli Amerika qarashlarini idora etmaydi. AQSh diniy bag’rikenglik, sabr-toqatni targ’ib qiluvchi diyor, deydi Davlat departamenti vakili Filip Krouli.

Poytaxt Vashingtonda esa nasroniy, yahudiy va musulmon jamoalari yig’ilib, floridalik peshvoning harakatlarini tanqid qilgan. Pastor Jerald Darli har qanday diniy nafratni, savodsizlik va farosatsizlikni rad etamiz, deydi.

Katolik ruhoniy Teodor Makarrik jahon ahli Amerika haqida noto’g’ri xulosaga bormasin, deydi. Qo’shma Shtatlar inson insonni qadrlaydigan, bir din kishisi boshqasini hurmat qiladigan jamiyat, deydi ruhoniy.

Florida ma’muriyati cherkov peshvosiga Qur’onni yoqishga ruxsat bermagan. Ammo Terri Jouns baribir fikrimizni erkin bildirishga haqlimiz, deydi.

Yahudiy pehvo Nensi Faks-Kreymer nazarida Amerikada har qanday dinga hujum barcha dinlarga, barcha amerikaliklarga hujum bilan barobar. Musulmon advokatlar tashkiloti vakilasi Farxana Xera Adliya vaziri Erik Xolder bilan uchrashdik, deydi. Qur’onni yoqish ahmoqona, xatarli bir amal, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG