Koreys tadbirkorlar: Shimolga qarshi cheklovlarni yumshataylik

  • Amerika Ovozi

Seul. Janubiy Koreya

Seul. Janubiy Koreya

Janubiy Koreya biznes doiralari fikricha, Prezident Pak Kin Xe Shimoliy Koreyaga nisbatan 2010-yilda savdo-sotiq sohasida joriy etilgan cheklovlarni yumshatishni so’ramoqda. Tadbirkorlarining aytishicha, savdoni rivojlantirib, sarmoyani oshirish nafaqat iqtisodiy foyda, balki tinchlik va xavfsizlik yo'lida xizmat qiladi.

Koreyaaro iqtisodiy hamkorlik qo’mitasi deb nomlangan guruhga Janubiy Koreyaning 140 kompaniyasi kiradi. Ular Shimoliy Koreya bilan savdo-sotiqni yo’lga qo’yish tarafdori. Maqsadga erishish uchun guruh har hafta Seulda namoyishga chiqmoqda.

2010-yilda Shimoliy Koreya suvosti kemasi Janubiy Koreyaga qarashli kemani cho’ktirganidan keyin Seul Pxenyan bilan aloqalarni to’xtatgan edi. O’shanda 46 dengizchi halok bo’lgan.

Tadbirkorlar guruhi rahbari Yu Don Xo savdoga qo’yilgan cheklovlar Shimoliy Koreya uchun jazo rolini bajarmadi, deydi.

“Shimoliy Koreyada Janubiy Koreya yillar davomida sarmoya kiritgan sohalarni boshqarish huquqi va monopoliyasining maqomi Xitoy, Rossiya va Yevropaga berib yuborildi. Janubiy Koreya bizneslari esa yo’q qilindi”, - deydi u.

Janubiy Koreya o’z kompaniyalariga qo’shni mamlakatdagi Keson sanoat zonasida biznes yuritishga ruxsat bergan. U yerda joylashgan fabrikalarda 55 ming shimoliy koreyalik ishlaydi, oyiga 70-100 dollar maosh oladi. Bu Janubiy Koreyadagi maoshlarga qaraganda ancha past. Bundan tashqari, maoshlar bevosita ishchilarga emas, Shimoliy Koreya hukumatiga to’lanadi.

2008-yilda shimollik askar bir sayyohni otib o’ldirganidan keyin Seul Kumgan tog’lari hududiga turistlarni kiritmay qo’ydi.

Prezident Pak Kin Xe Pxenyan o’tmishdagi bosqinchilik harakatlari, yadroviy shartnomani buzgani uchun kechirim so’rashi kerak, shundagina savdo-sotiqqa ruxsat beriladi, deb keladi. Ammo so’nggi paytda Janubiy Koreya rahbarining pozitsiyasi bir oz yumshagan ko’rinadi. Ikki taraf tinch yo’l bilan qayta birlashish haqida muzokara boshlashi kerak, deydi u.

“Bo’linish asoratlarini yengillashtirish va tinch yo’l bilan birlashishga erishish yo’lida istalgan odam bilan uchrashishga tayyorman”, - deydi prezident.

Janubiy Koreya Milliy assambleyasi vakili, muxolif partiya a’zosi Xon Ik Po savdo-sotiq va biznes aloqalarni kengaytirish birlashish jarayonining muhim qismi, deydi.

“Bir-biri bilan chiqisha olmayotgan Xitoy va Tayvan uchun tinchlik, almashinuv va hamkorlik muhim jarayonlardir. Busiz birlashish haqida gapirishdan foyda yo’q”, - deydi u.

Ammo o’tmishda Pxenyan yordam evaziga yadroviy dasturini to’xtatish kabi va’dalarini ko’p buzgan. Shu sababdan ayrim janubiy koreyaliklar savdoni qayta tiklash Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikning o’rnatilishiga olib kelishiga ishonmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG