Janubiy Koreya yadroviy xavfsizlik bo’yicha sammitga mezbon

  • Amerika Ovozi

Kelasi hafta Janubiy Koreya poytaxti Seulda yadroviy xavfsizlik bo’yicha yirik anjuman bo’lib o’tadi. Unda 50 dan ziyod davlat rahbari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilyapti.

AQSh prezidenti Barak Obama yadroviy terrorizmni dunyo tinchligi uchun eng katta tahdid deb biladi.

Sammitdan bosh maqsad - yadro qurollarini mahkam qulflangan eshiklar ortida, ya’ni terroristlardan uzoqroqda saqlash.

Bu mavzuga bag’ishlangan ilk yig’ilish 2009-yili Vashingtonda, prezident Barak Obama mezbonligida o’tgan edi. O’shanda dunyo davlatlari birgalikda konkret choralar ko’ramiz deb kelishib olgan.

“Sovuq urushdan 20 yil o’tib, g’alati bir tasodif bilan yuzlashib turibmiz. Davlatlar o’rtasida yadroviy ixtilof xavfi kamaygan, lekin dunyo hamon yadroviy hujumdan xoli emas”, - degan edi prezident Obama.

Yuqori darajada boyitilgan uran terrorchilar qo’liga tushmasligi kerak, deydi Jozef Sirinsione, mavzu bo’yicha qator kitoblar muallifi.

“AQSh xavfsizligiga eng jiddiy tahdid bu yadroviy terrorizm. Ya’ni bir guruh bomba yasash uchun zarur materiallarni qo’lga kiritib, uni Amerika zaminida portlatishi haqida gap ketayapti”.

Janubiy va Shimoliy Koreya, ma’lumki, bugun ham urush holatida. Prezident Obama Seulga tashrifi doirasida qattiq qo’riqlanadigan chegara hududni ko’zdan kechirib, Amerika qo’shinlari bilan ko’rishmoqchi.

Yadro qurollari bilan do’q qilishga odatlangan Shimoliy Koreya sammit qo’shni davlatda o’tayotganini “kechirilmas jinoyat” va “o’taketgan provokatsiya” deb qoralamoqda.

Yadroviy dastur kommunistik o’lkada otadan o’g’ilga o’tgan meros va G’arb davlatlarini chuqur xavotirga solib keladi.

“Shimoliy Koreya bilan qanday gaplashish har bir xalqaro anjumanda ko’tariladigan mavzu, albatta. Biroq Seul sammitida muammoga global miqyosda qaraladi”, - deya qayd etadi olima Aleksandra Toma.

Yadroviy inshootlar xavfsizligini ham tilga olmasdan iloj yo’q. Yaponiyada o’tgan yili ro’y bergan zilzila va tsunami oqibatlaridan hamma saboq olgan.

Kennet Luongo, ommaviy qirg’in qurollari tarqalishini bartaraf etish borasida izlanuvchi tashkilot rahbari. Yaponiyaning Fukushima zavodi fojiasi xavfsizlikka e’tiborni oshirdi, deydi u.

“Eng taraqqiy etgan jamiyat ham bunday ofatlarga tayyormiz deya olmas ekan. Xulosa shuki, dunyoda radioaktiv xavf bilan olishish sistemasi mavjud emas”.

Seuldagi anjuman oldidan Barak Obama qator davlatlar rahbarlari bilan yuzma-yuz ichrashishi kutilmoqda, jumladan, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev, Xitoy rahbari Hu Tsintao va Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG