Shimoliy Koreya AQShga qarshi urush nog’orasini chalayapti

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un Qo’shma Shtatlar va uning bazalariga qaratilgan raketa tizimlarini shay holatga keltirishni buyurgan.

Prezident qo’mondonlar bilan favqulodda majlisdan keyin shu qarorga keldi, deya xabar beradi bu davlat axborot vositalari.

E’lon ketidan qizil bayroqlarni ko’targan minglab ishchi-xizmatchilar, talabalar va harbiylar ko’chaga chiqdi. Poytaxt Pxenyanning markaziy maydonida katta parad bo’lib o’tdi.

Ayni paytda mintaqada AQSh va Janubiy Koreya harbiylari mashqlar o’tkazyapti. Amerika radar ilg’amaydigan B-2 rusumidagi jangovar samolyotlarini ko’z-ko’z qilgani rasmiy Pxenyanni g’azabga keltirgan.

Armiyani shaylagan Shimoliy Koreya rahbari “amerikalik imperialistlarning adabini berib qo’yish vaqti keldi”, deydi. AQShning Janubiy Koreya, Guam oroli va Gavayidagi bazalari mo’ljalda.

Xitoy va Rossiya barcha tomonlarni bosiqlikka chaqirmoqda. Kremlning ogohlantirishicha, provokatsiya natijasida vaziyat izdan chiqib, urushga aylanib ketishi hech gapmas.

AQSh Mudofaa vazirligi, o’z navbatida, Shimoliy Koreyani xavfli xatti-harakatlardan o’zini tiyishga undamoqda.

Ayni damda shimol qo’shnisi Janubiy Koreya bilan, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi bilan aloqani uzgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG