Breaking News

Janubiy Koreya rahbari: Shimoliy Koreya tahdidiga keskin javob qilamiz


Janubiy Koreya prezidenti Pak Gin Xe
Janubiy Koreya prezidenti Pak Gin Xe
Janubiy Koreya prezidenti Pak Gin Xe Shimoliy Koreyaning po’pisalarini g’oyatda jiddiy qabul qilishini aytmoqda. Ziddiyat haqiqatan yarimorolning tinchini buzishi mumkin, degan xavotir bor.

Ikki Koreya o’rtasida dahanaki jang davom etar ekan, shu damgacha bosiqlik bilan so’zlab kelgan Janubiy Koreya rahbari Pak Gin Xe bugun keskin bayonot bilan chiqdi.

Shimoliy Koreya Seulga qarshi zug’um qilsa, Janubiy Koreya ortiqcha siyosat qilib o’tirmay, darrov qarshi zarba berishi shart, dedi prezident Pak Mudofaa rasmiylari bilan suhbatda.

Mudofaa vazirligi rejasi shuki, kommunistik davlat janubdagi qo’shnisiga nisbatan yadro yoki raketa qurolini qo’llashiga zarracha ishora qilsa, Janubiy Koreya birinchi bo’lib hujum qilishi mumkin.

Bundan tashqari, 2015-yilda o’rnatilishi kutilgan mudofaa tizimi bilan bog’liq ishlar tezlashtiriladi. “O’lim zanjiri” nomi bilan tanilgan bu tizim raketalarni mo’ljalga olib yo’q qilishga xizmat qiladi.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un kecha yadroviy arsenalini mustahkamlashga va’da bergan edi. Mehnatkashlar partiyasi yig’inida so’zlagan Kim kommunistik mamlakat yadroviy dasturidan voz kechmaydi, degan.

Janubiy Koreya va AQShning qo’shma yillik harbiy mashqlari rasmiy Pxenyanning g’azabini uyg’otgan. Yana bir oy davom etadigan bu mashqlar paytida Amerikaning harbiy qudrati, ayniqsa, ko’z-ko’z qilinmoqda. Uzoq masofaga uchadigan B-52 va B-2 rusumidagi bombardimonchi samolyotlar haqida gap ketayapti.

Sal oldin Shimoliy Koreya qudratli raketasini va yadroviy bombasini muvaffaqiyatli sinovdan o’tkazgan, bunga javoban BMT Xavfsizlik Kengashi qo’shimcha sanksiyalarni ishga solgan edi.

Sanksiyalar va mashqlar ketidan Pxenyan 1950-yillarda Koreya urushiga yakun yasagan bitimdan chiqdi; AQShni nishonga olishini aytib, Janubiy Koreya bilan aloqani uzdi.

AQShda respublikachi kongressmen Piter King nazarida Pxenyanning Amerikaga hujumi haqidagi tahdidlari borasida vahima qilmaslik kerak. Lekin, deydi Vakillar palatasining Davlat xavfsizligi bo’yicha qo’mitasi raisi, Shimoliy Koreya Osiyodagi qo’shnilariga zarar yetkazishi mumkin.

Kingning aytishicha, Oq uy Pxenyan bilan bevosita gaplashmagani ma’qul. Chunki bu AQShning mintaqadagi ittifoqchilari ruhiyatini cho’ktirishi aniq, deydi u.

Vashington va Seul erishgan so’nggi kelishuvga ko’ra, endilikda Amerika Janubiy Koreyani mudofaa qilishda kengroq vakolatga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG