Serbiya 55 davlatga elchi yo’llab, Kosovoni tan olmaslikni so’ramoqda


BMT Sudi qaroriga ko’ra, Kosovo 2008 yilda Serbiyadan ajralib, o’zini mustaqil davlat deb e’lon qilgani xalqaro qonunlarga zid emas.

Qo’shma Shtatlar rezolyutsiyani olqishlab, barcha davlatlarni Kosovoni tan olishga chaqirmoqda.

Sud hukmi qonuniy kuchga ega emas. Serbiya barcha vositalarni ishga solib, sobiq provinsiyasini o’z nazoratiga qaytarishga ahd qilgan.

AQSh, Kosovo mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan davlat, butun jahon ahlini shu yo’ldan borishga da’vat etmoqda.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Kosovo o’z cheragaralariga ega suveren davlat ekani va 2008 yilgi qaror qonuniy ekani tasdiqlandi. Klinton ham Serbiya, ham Kosovoni tafovutlarni chetga surib, endi Yevropa hamjamiyati tomon harakat qilishga undamoqda.

“Qo’shma Shtatlar Serbiya uzoqni ko’zlab, Kosovo bilan konstruktiv hamkorlik yo’lini tanlaydi degan umidda. Har ikki davlat kelajagi Yevropa bilan integratsiyada”, - deydi Filip Krovli, Davlat departamenti vakili.

AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Serbiya rahbari Boris Tadich bilan telefonda muloqot qilgan. “Serbiya bilan do’stlik rishtalarimiz mustahkam bo’lib qolaveradi”, - deydi u.

Bayden shuningdek Vashingtonda Kosovo Bosh vaziri Hoshim Tachi bilan uchrashgan.

“Kosovo hukumati va xalqi nomidan, dunyo hamjamiyatdan mustaqilligimizni tan olishni so’rayman”, - deydi bosh vazir.

Serbiya nazarida BMT rezolyutsiyasi dunyo bo’ylab bo’lginchi harakatlarga dalda beradi. Kosovoning BMTga qo’shilishini to’sish maqsadida rasmiy Belgrad 55 mamlakatga vakil jo’natmoqda.

Serbiya va Rossiya qarshiligiga qaramasdan, Kosovoni hozirgacha 70 ga yaqin mamlakat, jumladan AQSh va Yevropa Ittifoqining 20 a’zosi tan olgan.

AQSh pozitsiyasi shuki, BMT Sudi chiqargan qaror faqatgina Kosovoga taalluqli. Sud hay’ati a’zolari “asosan serblar yashovchi provinsiya Serbiyadan ajralib, xalqaro qonunlarni buzdimi” degan savolga javob berdik xolos, demoqda.

2008 yilgi urush ketidan Rossiya Gruziyaning ikki mintaqasi – Abxaziya va Janubiy Osetiyani mustaqil deb tan olgan edi. “Bu da’volar”, deydi AQSh Davlat departamenti rasmiysi Filip Krovli, “Kosovoga doir rezolyutsiyadan ayri masala”.

XS
SM
MD
LG