Rossiya: Kreml rejalariga milliarder-oligarx soya soldi

  • Amerika Ovozi

Prezident Dmitriy Medvedev Gorkiydagi idorasida milliarder Mixail Proxorov bilan suhbatda, 27-iyun 2011

Prezident Dmitriy Medvedev Gorkiydagi idorasida milliarder Mixail Proxorov bilan suhbatda, 27-iyun 2011

Kelasi 6 oyda Rossiyada parlament va prezidentlik saylovlari bo’lib o’tadi.

Rossiyadagi eng badavlat odam Mixail Proxorov siyosatni tark etajagini e’lon qilgani Kreml uchun jiddiy zarba deb ko’rilmoqda.

2000-yili prezident etib tayinlanganidan buyon Vladimir Putin oligarxlarga qarshi kurashib keladi. Siyosatga aralashgan Yukos neft kompaniyasi rahbari Mixail Xodorkovskiy qamoqda. Qolgan boyvuchchalar yo London, yo boshqa o’lkalardan boshpana topdi. Vatanida qolganlar esa Putinga sadoqatini ochiqchasiga e’tirof etadi.

Ammo Mixail Proxorov ularga o’xshamaydigan ko’rinadi. Boyligi 18 milliard dollarga teng bu shaxsning ko’rinishi ham, yurish-turishi ham boshqacha. Bo’yi ikki metr. Yoshi 46 da. Bo’ydoq. Sport, avtomobillar va modaga qiziqadi. AQShdagi Nyu Jersi Nets basketbol jamoasi ham uniki.

Kreml Proxorovni nazorat qilishga urindi. Putin tarafdorlaridan tashkil topgan “Yedinaya Rossiya” partiyasi reytingi tobora pasayar ekan, “Pravoe delo” degan partiya tuzilib, rahbarlik Proxorovga topshirilgan edi.

Proxorov Kremlga qaram bo'lishni istamadi

Proxorov Kremlga qaram bo'lishni istamadi

Rejaga ko’ra, yangi partiya G’arbga Rossiyada demokratiya borligini namoyish etishi kerak. Lekin oligarx mustaqillikni afzal ko’rdi. O’z cho’ntagidan minglab dollar sarflab, haqiqiy saylovoldi kampaniyasini boshlab yubordi.

Siyosatshunos Viktor Davidovning aytishicha, Proxorov nazoratga berilmasligini namoyish eta oldi. “Mustaqillik esa mansabdorlarni qo’rquvga soladi, chunki Putin so’nggi 10 yilda yaratgan, nazorat ostidagi demokratiyaga tahdid bu”.

“Yedinaya Rossiya” partiyasi a’zosi Sergey Markov Proxorov o’yin qoidalarini buzgan, deb hisoblaydi:

Proxorovni qamash kerak, deb ochiqchasiga aytmasa-da, Markov milliarderni siyosatga aralashganlikda ayblaydi.

Putin hokimiyatga kelganidan buyon Rossiyada mustaqil ommaviy axborot vositalari qolmadi, muxolifat ham yo’q qilindi.

Bosh vazir Vladimir Putin prezidentlikka nomzodini qo'yishi mumkin

Bosh vazir Vladimir Putin prezidentlikka nomzodini qo'yishi mumkin

“Levada” markazi o’tkazgan so’rov natijasiga ko’ra, rossiyaliklarning 50 foizi Putin davrida korrupsiya Boris Yeltsin davriga qaraganda chuqurlashgan deb hisoblaydi.

Talaba va tadbirkorlarning yarmi Rossiyani butunlay tark etishni xohlaydi.

54 foiz fuqarolar dekabr oyida bo’lib o’tadigan parlament saylovlari adolatli bo’lishiga ishonmaydi.

Kreml G’arb kuzatuvchilarini mamlakatga kiritmaslik harakatida. Yevropa Ittifoqi 260 kuzatuvchi yubormoqchi bo’lsa, Moskva ularning uchdan bir qismiga viza bermoqchi, xolos.

Kelasi yil mart oyida Rossiyada prezident saylovlari bo’lib o’tadi. 2007-yilda Vladimir Putin o’z o’rniga Dmitriy Medvedevni tayinlagan edi. 2012-yilgi saylovda hokimiyat uchun kim kurashishi hamon noma’lum.

Sergey Markovga ko’ra, Bosh vazir Putin - yetakchi nomzod.

Tahlilchi Viktor Davidov esa Medvedev o’zining yaqinda Yaroslavlda qilgan nutqida saylov haqida og’iz ochmaganiga e’tibor qaratadi.

“U bu haqida lom-lim demadi. Saylovga bor-yo’g’i olti oy qolgan, odamlar tashvishda, chunki hech kim nomzodlarni bilmaydi”.

Aksariyat rossiyaliklar fikricha, dekabr oyida Vladimir Putin nomzod deb e’lon qilinishi turgan gap.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG