Breaking News

Samandar Qo‘qonov qariyb chorak asrlik qamoqdan keyin erkinlikda


1993-yildan beri qamoqda o'tirgan siyosatchi Samandar Qo'qonov ozod etildi
1993-yildan beri qamoqda o'tirgan siyosatchi Samandar Qo'qonov ozod etildi

24-noyabr kuni 72 yashar Samandar Qo‘qonov uzoq yillik qamoqdan ozod etilgan. Siyosatchi 1993-yildan beri panjara ortida edi.

AQShning O'zbekistondagi elchixonasi hukumatning bu qadamini olqishlamoqda. Yaqinda AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha muovini Nisha Bisvol siyosiy mahbusni ozod qilishga chaqirgan edi.

Xalqaro huquq tashkilotlari Qo'qonov qatorida boshqa muxolifatchi va faollarning ham qo'yib yuborilishini talab qilib keladi. Ular biror jinoyat sodir etmagan, balki tuzumni tanqid qilgan xolos, deya bildiradi "Human Rights Watch" tashkiloti.

Samandar Qo‘qonov O‘zbekiston Oliy kengashi deputati, Chinoz neftni qayta ishlash korxonasi boshlig‘i bo'lgan. 1993-yilning 2-iyul kuni davlatga qarashli katta miqdordagi mol-mulkni talon-taroj qilganlik aybi bilan hibsga olingan.

Milliy Xavfsizlik Xizmati yerto‘lasida bir yarim yil saqlanganidan so‘ng¸ 20 yillik qamoqqa hukm etilgan va bu bir yarim yil qamoq muddatidan chegirilmagan.

Jizzax viloyatining Forish tumanidan bo‘lgan Qo‘qonov 1989-yili Shavkat Mirziyoyev (hozirda O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi va bosh vazir) bilan bir chaqiriqda O‘zbekiston Oliy Kengashi deputatligiga saylangan.

​Uni yaqindan tanigan maslakdoshlari 1980-yillar oxirida siyosiy maydonda ko‘zga tashlangan tadbirkor va deputatning shaxsan Islom Karimov topshirig‘i bilan qamoqqa olingani va qamoqda shuncha vaqt saqlanganini ta’kidlaydi.

Qo‘qonovning Karimov g‘azabiga uchraganining sababi, deydi tahlilchilar¸ uning demokratik muxolifatga qo‘shilgani¸ xususan¸ "Erk" partiyasiga moliyaviy yordam berganidir.

Samandar Qo‘qonov mustaqil O‘zbekiston tarixida eng uzoq muddat jazolangan siyosiy mahbusdir.

Qariyb 24 yillik tutqunlikdan so‘ng joriy yilning 7-oktabr kuni yana 3 yilu besh kunlik qamoqqa hukm etilgan Samandar Qo‘qonov 24-noyabr kuni kutilmaganda ozodlikka chiqarildi. Qo‘qonov Zarafshon qamoqxonasida edi.

Qariyb chorak asrlik qamoqdan keyin erkinlik
Qariyb chorak asrlik qamoqdan keyin erkinlik

"Ozodlik" radiosi bilan suhbatda sobiq mahbus shunday deydi:

"Kayfiyat a’lo¸ sog‘liq ham¸ Xudoga shukur¸ zo‘r. Nima desam sizga¸ 23 yilu 5 oy bo‘ldi. Kim bizga shu payt ichida yordam qilib¸ shu narsalarni ko‘targan bo‘lsa¸ omad tilayman¸ sog‘liq-salomatlik tilayman. Hammasiga mening tabrigim¸ tashakkurimni yetkazib qo‘yasiz... Hamma narsaning oxiri bo‘lgandek¸ buning ham oxiri keldi¸ Xudoga shukur¸ bugun chiqdik mana... Alisher Navoiyning gapi borku¸ “Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa¸ Bulbulga tikandek oshën bo‘lmas emish”¸ degan. Qafasning ichi¸ baribir¸ qafas. Och yursangiz ham¸ ozodlikka yashashga nima yetsin!"

  • 16x9 Image

    Ozodlik

    "Ozodlik" radiosi Pragada asoslangan multimedia axborot manbai. Asosiy maqsadi - axborot oqimi va inson huquqlari cheklangan jamiyatlarga, xususan Markaziy Osiyo mamlakatlariga, ishonchli informatsiya olib kirish.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG