Breaking News

Qirg'iziston shimolida favqulodda holat


Qirg’iziston hukumati shimoldagi Qumtor oltin konini namoyishlardan pana qilish uchun favqulodda holat e’lon qildi.

Kanadaning “Centerra Gold” kompaniyasi qazish ishlarini olib borayotgan bu kon atrofida bir necha kundan beri namoyishlar tinmayotgan, odamlar elektr tarmog’ini uzishga, inshootni egallab olishga uringan edi.

Politsiya ko’zni yoshlantiruvchi gaz va maxsus granatalarni qo’llab, namoyishchilarni tarqatgan, 92 kishini qamoqqa oldi, deydi Bosh vazir Jantoro Sotiboldiyev.

Uning aytishicha, Issiq Ko’l regioni, Jeti O’g’uz tumanida yuzlab fuqarolar seshanba kunduz Qumtorga boruvchi yo’llarni to’sgan, qator talablarni olg’a surib, ular bajarilmasa, hukumatdan “Centerra Gold” bilan bitimni uzishni talab qilgan.

Ular, xususan, yo’llarni remont qilishni, bog’chalar bunyod etib, suv quvurlarni yotqizishni hamda ish o’rinlari yaratishni so’rayapti.

Prezident Almazbek Atambayev hududda 10-iyunga qadar komendant soati e’lon qilgan.

Qirg’iziston oltin zahiralarining katta qismi Qumtor konida bo’lib, bu obyekt mamlakat iqtisodiyotini tirab turadi.

Kon 2009-yildan beri Kanada kompaniyasi tomonidan yurutilar ekan, millatchi guruhlar nazarida hukumat uni musodara qilishi zarur.

Hukumat tuzgan komissiya xulosasiga ko’ra, “Centerra Gold” Qumtor uchun kam haq to’layapti va atrof-muhitga katta zarar yetkazib kelayapti. Torontoda asoslangan kompaniya voqea yuzasidan biror izoh berganicha yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG