Qunduz Tolibon qo'lida, Markaziy Osiyo qanchalik xavf ostida?


Afg'on armiyasi Qunduz yaqinida qonli janglarga shaylanmoqda, AQSh yordami bilan, 30-sentabr, 2015

Afg'on armiyasi Qunduz yaqinida qonli janglarga shaylanmoqda, AQSh yordami bilan, 30-sentabr, 2015

Afg’onistonda hukumat kuchlari Markaziy Osiyo chegarasiga yaqin Qunduz shahrini ishg'ol qilgan toliblarga qarshi kurashmoqda. Qunduzni bosib olishda faol qatnashgan o’zbek jangarilari Tojikiston hududlariga ham kirib kelishi mumkin degan xavotirlar bor.

Afg'oniston shimolida davom etayotgan to'qnashuvlar mintaqa xavfsizligiga tahdid soladimi? Tojikiston chegarani mustahkamlashga tushgan.

Qunduz uchun borayotgan jang tafsilotlari haqida qarama-qarshi ma’lumotlar mavjud. Hukumat kuchlari o’nlab toliblar o’ldirilgani, jangarilar qochayotgani haqida ma’lumot berishayotgan bo’lsa, boshqa xabarlarga ko’ra, 30-sentabr kuni toliblar hukumat kuchlari nazoratida qolayotgan so’nggi obyetklardan biri Qunduz aeroportini egallash uchun hujum uyushtirishgan.

Qunduz Tojikistondan 70 kilometrlar uzoqlikda joylashgan, Afg’onistonning yirik shaharlaridan biri. Chegara yaqinidagi tojik aholi ham janglarga guvoh. Tojikiston mudofaa kuchlari Qunduz ishg’ol etilishi ortidan chegradagi vaziyat nazorat ostida ekanligi, jangarilar o’tishiga yo’l qo’yilmasligi bildirdi.

Mintaqaning boshqa davlatlarida Qunduz ishg’oli yuzasidan biror xavotir yangramayapti, ammo ularning barchasida vaziyat azaldan diqqat bilan kuzatuvda.

Qunduz ishg’olida o’zbek jangarailari faol ishtirok etgan, ammo ular O’zbekiston Islom Harakatiga tegishlimi yoki bosh bir guruhgami? Bu aniq emas.

“Islomiy davlat”ga bay’at keltirgan O’IH avvalroq o’z sahifasida Afg’oniston toliblari bilan munosabatlari taranglashgani, ularga toliblarga sodiqlik yoki mamlakatdan chiqib ketish sharti qo’yilayotgani haqida xabar tarqatgan edi.

Aksariyati o’zbeklardan iborat boshqa bir guruh Islomiy Jihod Ittifoqi ham Afg’oniston shimolida joylashgan.

Toliblarning yangi rahbariga sodiqligini bildirgan bu guruh yaqinda Tojikiston bilan chegaradosh ko’plab hududlarni nazorat qilayotgani haqidagi iddao qilgan edi. Amudaryo sohilidan olingan suratlar bilan dalillangan bu bayonotda chegaraning zaif nuqtalari o’rganilayotgani aytiladi. Guruh Qunduzdagi janglarda faol ekanini da’vo qilgan.

Afg’oniston bo’yicha ekspert Arkadiy Dubnovning rus nashrlariga aytishicha, Qunduzdan olingan audio yozuvlarda jangarilar ko’proq o’zbek tilida gaplashgani ma’lum. Ekspert fikricha, Afg’oniston shimolini nazorat qilish uchun tolibon va “Islomiy davlat” o’rtasida o’zaro ittifoq yuzaga kelgan.

Tolibon Qunduz ahlini tekshiruvdan o'tkazmoqda, 30-sentabr, 2015

Tolibon Qunduz ahlini tekshiruvdan o'tkazmoqda, 30-sentabr, 2015

Toliblarning yangi rahbari mulla Axtar Muhammad so’nggi bayonotida toliblar qo’shni davlatlar, Markaziy Osiyoga xavf solish niyatida emasligini aytib chiqqan edi. Ammo mintaqadan chiqqan jangarilarning Afg’oniston shimolida jadal harakatlanayotgani xavotirlarni oshiradi.

“Bunday tahdid hamma vaqt bor, ammo davlat ichida qo’poruvchi xurujlarga qarshi bo’shashmaslik kerak, Afg’onistonda aynan shu narsa bo’layapti. U yerdagi urush-janjalni to’xtatishning yo’li faqat g’oyaviy... Islom asl mohiyati tinchlikdan, ilmdan iborat e’tiqod. Uni o’limga, birovlarni sho’rini qurutishga ishlatish to’g’ri emas. Tolibon Afg’oniston xalqini nimadan ozod qilmoqchi? Mana SSSR bosqinidan ozod bo’ldi, yana nimadan ozod qilmoqchi? Bunday tahdid O’zbekistonga nisbatan ham bor. O’zbekiston terrorchi harakatlari bor, ular Botkentda bir urunib ko’rishdi. Chiqarib yuborilgach, terrorchilikni u yoqlarda davom ettirshmoqda. Ammo ular o’zbek emas, ular terorchilar”, - deydi Afg’onistondagi vaziyani kuzatib kelayotgan o’zbekistonlik olim Shuhrat Barlos.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra Qunduzdagi janglar shiddatli tus olgan. NATO qo’shinlari hukumat kuchlariga ko’makka yetib borgan. Qunduz ishgo’l qilinishi NATO qo’shinlarining Afg’onistondan chiqarilishidan so’ng toliblar erishgan eng yirik yutuq. Mahalliy armiya vaziyatni nazorat qila olmasligi isbotlandi, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG