Afg'onistonda Qunduz shahri Tolibon nazoratiga o'tdi

  • Amerika Ovozi

Qunduz, Afg'oniston

Qunduz, Afg'oniston

Bugun tongda Tolibon Afg'oniston shimolidagi Qunduz shahriga hujum qilib, tushdan so'ng uni o'z nazoratiga olgan. Buni Tolibon rasmiylari va afg'on matbuoti tasdiqlamoqda.

Jangarilar viloyat kengashi binosi, kasalxona va yana bir necha imoratni egallab olib, shahardagi qamoqxonaga hujum qilgan va yuzlab mahbuslarni ozod etgan.

Politsiya boshqarmasi va viloyat hokimining idorasi atrofida janglar kechgan. Qunduz markazidagi maydonda Tolibonning oq bayrog'i o'rnatilgan, deydi guvohlar.

Afg'on rasmiylari jangarilar bilan otishma bo'layotganini tasdiqlagan holda Tolibon da'volarini qo'llab-quvvatlagani yo'q.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Sodiq Sodiqiyning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, jangda 25 tolib yo'q qilingan, afg'on kuchlari orasida talafot yo'q. Biroq matbuotdagi xabarlarga ko'ra, 10 dan ortiq politsiyachi halok bo'lgan.

Kecha Afg'oniston sharqida "Islomiy davlat" jangari to'dasining yuzlab a'zolari bir necha xavfsizlik postlariga hujum qilgan. Voqea Pokiston bilan chegaradosh Nangarhor viloyatining tog'li Achin tumanida ro'y bergan. Otishmada 85 jangari va uch afg'on harbiysi o'lgan, deydi rasmiylar.

Toliblar Qunduz va Nangarhorga hujum qilayotgan bir paytda afg'on rahbariyati Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ishtirok etmoqda.

Afg'oniston bosh ijrochi raisi Abdulla Abdullaning aytishicha, xalq hukumatdan ko'p narsalarni talab qilmoqda. Abdulla Prezident Ashraf G'ani bilan mamlakatni birgalikda boshqarishga kelishgan. U bosh vazirnikiga o'xshash vazifalarni bajarmoqda.

Abdulla Nyu-Yorkda "Amerika Ovozi"ga intervyu berdi.

Uning tan olishicha, milliy birlik hukumati afg'on xalqiga mamlakat oldidagi qiyinchiliklar haqida ochiq so'zlamadi. Afg'oniston qashshoqlik, "Islomiy davlat" tahdidiga yuz tutmoqda, deydi u.

Shunga qaramay, deydi Abdulla, yutuqlar ham bor va xalq saylovlardan so'ng siyosiy jarayonlar va hukumatga yana ishona boshlagan.

Abdulla shanba kuni davomiy taraqqiyotga doir anjumanda so'zladi. Uning aytishicha, ayollar uchun ta'lim imkoniyatlari ko'paydi, bolalar orasida o'lim sur'ati pasaydi, tenglik bobida olg'a qadamlar tashlandi.

Abdulla Xitoy hukumatidan ittifoqchisi Pokistonga bosim qo'yib, Afg'onistonda tinchlikni to'liq ta'minlashda samimiy hissa qo'shishga da'vat etishni so'radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG