Iroq kurdlari "Islomiy davlat" nazoratidagi hudud chegarasida xandaqlar qazimoqda

  • Amerika Ovozi

Iroq shimolida kurdlar "Islomiy davlat" terrorchi guruhi nazoratidagi hududlar bilan chegarada transheyalar qazimoqda. Mahalliy kurd hukumati vakillarining aytishicha, bir tomondan, bu xavfsizlik maqsadida qilinmoqda, ikkinchi tarafdan esa, chegara o'rnatish uchun.

Xandaq salkam ming kilometrlik bo'lishi kutilmoqda - shimoldagi Mosuldan janubdagi Diyalaga qadar. Kirkuk shahridagi kurdlarning peshmerga qurolli kuchlari qo'mondoni general Murod Muhammadning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, yaqinda "Islomiy davlat"dan ozod qilingan rayonlar mudofaasini kuchaytirish zarur.

"Transheya odamlarimizni Daishdan himoya qiladi. Jangarilar Kurdistonni egallab olmoqchi", - deydi general.

Buldozerlar tinmay ishlamoqda. Xandaqning eni uch metr bo'ladi. Jihodchilar bizga hujum qilolmaydi, deydi peshmerga ofitseri podpolkovnik Shirvan Muhammad.

"Ularning bombali mashinalari transheyalarimiz tufayli endi chegaradan o'ta olmaydi", - deydi u.

Biroq Iroq parlamentining Mudofaa qo'mitasi raisiga ko'ra, peshmerganing niyati boshqa. Kurdlar bu ishni xavfsizlik uchun emas, Iroqdan ajralib olish uchun qilyapti, deydi u. Iroq Kurdistoni muxtoriyat bo'lib, ayrim masalalarda Bag'doddagi markaziy hukumatga bo'ysunmaydi, siyosatini u bilan muvofiqlashtirmaydi.

Tuz Xurmatu shahar hokimi so'zlovchisi ham shu fikrda.

"Bu xandaqlar Kurdiston chegarasini belgilaydi", - deydi Muhammad Fayiq.

Biroq peshmerga harbiy shtabi boshlig'ining aytishicha, bu gaplar asossiz, chunki transheyalar kurdlar da'vo qilayotgan hudud chegarasidan 60 kilometr narida joylashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG