Kurdistonda siyosiy bo'linish kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Kurdiston rahbari Mas'ud Barzoniy

Kurdiston rahbari Mas'ud Barzoniy

Iroqning Kurdiston avtonom hududini boshqaruvchi rahbar qanday saylanishi va uning vakolatlari nimalardan iborat bo’lishi kerak? Mahalliy guruhlar orasida yuzaga kelgan tortishuvlar siyosiy beqarorlikdan darak bermoqda.

Ayni paytda Kurdiston yuz tutib turgan boshqa muammolar ham ko’p. Viloyat “Islomiy davlat” bilan 1500 kilometrli chegaraga ega. Bag’dod bilan byudjet masalasida kelishuv yo'q. Mintaqada iqtisodiy ahvol ham yomonlashgan.

AQSh va Britaniya rasmiylari Kurdistonda qator siyosiy yig’inlarda ishtirok etib, tomonlarni “Islomiy davlat” jangari guruhi tahdidi oldida birlashishga chaqirib keladi.

Siyosiy partiyalar da’vosiga ko’ra, hozir nafaqat amaldagi Prezident Mas’ud Barzoniyning kelajagi, balki viloyatda demokratiya taqdiri haqida ham munozara ketmoqda.

Barzoniy 2005-yildan beri Kurdistonni boshqarib keladi. Ikki bor muddati uzaytirilib, 20-avgust kuni uning oxirgi prezidentligi rasman yakunlandi.

Prezidentga qarashli Kurd Demokratik partiyasi (KDP) Barzoniyning muddati yana ikki yilga uzaytirilishini hamda kelgusi rahbarlar ommaviy ovoz berish yo’li bilan saylanishini talab qilmoqda.

Ammo ikki asosiy muxolif partiya – Kurdiston Patriotlar ittifoqi va O’zgarish partiyasi hamda qolgan ikki kichik partiya – Kurdiston Islomiy ligasi va Kurdiston Islomiy ittifoqi prezident parlament tomonidan tayinlanishi kerak, degan fikrda.

KDP a’zosi Shahin Mirxonning aytishicha, muxolifat murosa qilishni istamayotgani bois vaziyat og’irlashgan.

“Kelishmovchilik inqirozga aylanmoqda. Biz prezidentni saylashda aholi markaziy o’rin tutuvchi demokratik qadriyatlarga ishonamiz. Ular esa prezidentni parlament saylasin, demoqda. Biz xalq deyapmiz, ular esa parlament”, - deydi u.

Mirxonga ko’ra, Barzoniyning partiyasi masalani referendumga qo’yishga rozi, ammo IShIDni ortga surib, iqtisodiy muammolarni hal qilmaguncha va Bag’dod bilan aloqalarni yaxshilamaguncha kamida ikki yil bunga imkon yo’q.

Barzoniy muddatini yana ikki yilga uzaytirib, ayni paytda parlament vakolatlarini kuchaytirish munozaraning bir yechimi bo’lishi mumkin, deydi Kurdiston Bosh vaziri maslahatchisi Sherzod Amin.

“Nimagadir erishib va nimadandir voz kechish orqali murosaga kelish mumkin, - deydi Amin. – Boshqa yo’l esa xavfli. U harbiy ixtilofga olib borib, Tehron, Anqara yoki Bag’dod kabi tashqi kuchlarning ichki siyosiy ishlarimizga aralashishiga yo’l ochib berishi mumkin”.

“Islomiy davlat” mintaqadagi siyosiy beqarorlikdan unumli foydalanishini ko’rsata olgan guruh.

Kurdiston Patriotlar ittifoqi politbyurosi a’zosi Saadi Pirening aytishicha, muammo birdamlikning yo’qligida emas.

“Biz bir hudud, bir hukumat, bir parlamentmiz va kelishuvga erishamiz. Bu qiyin, lekin imkonsiz emas”, - deydi Pire.

“Prezident Barzoniy yana bir yil yoki ikki yil ishlashi mumkin. Lekin biz Prezidentning rolini isloh qilishimiz kerak”, - deya qo’shimcha qiladi u.

Pire nazarida, Iroq konstitutsiyasi mamlakatning federal va parlamentar tizim ekanini belgilab qo’ygan, prezidentlik boshqaruvi emas.

Barzoniy Kurdistonda kuchli siyosiy shaxs. O'g’li Masrur Barzoniy xavfsizlik rahbari bo’lsa, jiyani Nechervan Barzoniy - bosh vazir.

Tanqidchilar rahbariyatning korrupsiyaga botganidan va Mas’ud Barzoniy qo’lida haddan ziyod ko’p hokimiyat yig’ilganidan shikoyat qiladi.

Prezident tarafdorlari esa hozirgi og’ir vaziyatda Kurdiston uchun Barzoniydek kuchli odam kerakligini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG