Iroq tarkibidagi Kurdiston iqtisodi og'ir ahvolda

  • Amerika Ovozi

Chap qo’li bilan sariq taksi rulini ushlab, o’ng qo’li bilan hujjatini chiqardi. “Politsiyada ishlayman”, dedi.

Iroqning Kurdistonidagi eng katta shahar Irbildamiz. Yigitning tushuntirishicha, o’lka hukumati politsiya zobitlariga to’rt oydan beri maosh to’lolmaydi. Shu sababdan Ozodlik kirakashlik qilishga majbur. Peshmerga jangchilari esa uch oydan beri pulsiz.

Peshmerga rahbarlari ham, hukumat rasmiylari ham xavfsizlik kuchlari maoshlari odatda kech berilishini tan oladi. Bu holda boshqa zobitlar kuni ham kirakashlikka qoladi.

Neftga qaramlik

“Hozirgi iqtisodiy ahvol og’ir, chunki neftga qaramlik kuchli, iqtisodning boshqa sohalariga esa e’tibor berilmaydi”, - deydi iqtisodchi Latif Vohid. U hukumatga yangi iqtisodiy siyosat bo’yicha takliflar kiritishi kerak.

Iroq daromadining 95 foizi neftdan keladi. Mablag’ avval poytaxt Bag’dodga tushadi, so’ngra mamlakat viloyatlari va Kurdiston avtonomiyasiga ulashiladi.

Irbil va Bag’dod daromadning taqsimlanishi ustida anchadan beri talashib keladi. Irbil neftni o’zi, Bag’dod bilan maslahatlashmay sotishga uringanida markaziy hukumat Kurdistonning milliy byudjetdagi hissasini ikki baravar kamaytirdi.

Bu va jahon bozorlarida neft narxlarining pasayishi “Islomiy davlat” tahdidi hamda suriyalik qochqinlarning ko’payishi barobarida endi oyoqqa turayotgan iqtisod uchun jiddiy zarba bo’ldi.

Shaharda qurib bitkazilmagan imoratlarning beton karkaslari o’tmishda porloq hisoblangan kelajakdan darak. Maktab va kasalxonalar, temir yo’l qurilishlari to’xtatilgan. Sayyohlar mamlakatni tark etgan. Yosh, ma’lumotli kurdlar ham ular ketidan ketmoqchi.

“Siyosatchilarimiz bunday inqirozni kutmagan. Infratuzilmaga asos solishimiz kerak edi. Shunda neftga qaramlikni asta-sekin kamaytirardik”, - deydi iqtisodchi Vohid.

Ijtimoiy beqarorlik uchun sabab

Shunga qaramay Kurdiston Iroqning boshqa qismlariga qaraganda ancha barqaror. Jinoyatchilik darajasi nisbatan past, xorijliklarga munosabat yaxshi, ularni nishonga oladigan jangari guruhlar yo’q.

Kurdistonda 2800 dan ziyod xorijiy kompaniya ro’yxatga olingan.

Ammo moliyaviy sohaga yetarli e’tibor berilmaydi. Kurdistonda hamma operatsiyalar naqd pulda amalga oshiriladi.

Iqtisody ahvol yaxshilanmasa noroziliklar boshlanishi mumkin, deya ogohlantiradi Yaqin Sharq tadqiqotlari instituti tahlilchisi Rojer Guyu.

“Bir tarafdan - “Islomiy davlat”. Boshqa tarafdan - neft narxi past. Bag’dod va Irbil o’rasida sovuq urush. Bu Kurdistonda ijtimoiy noroziliklar uchun zamin yaratmoqda”, - deydi u.

“Islomiy davlat”ga qarshi kurash

Rasmiylar byudjet defisiti “Islomiy davlat” guruhiga qarshi kurashga ta’sir qilmaydi, deydi.

“Askarlarga pul to’lolmaganimizda ham ular kurashga, jangga tayyor”, - deydi Kurdiston Bosh vaziri idorasidan iqtisodchi Sohib Iso.

Peshmerga jangchilari xalqaro koalitsiyaning havo zarbalari yordamida “Islomiy davlat” nazoratida bo’lgan hudud bilan 1000 kilometrlik chegarani qo’riqlab turibdi.

Ularga to’lanadigan maosh ham siyosiy masalaga aylangan: rasmiy Irbil askarlarga mablag’ni markaziy hukumat ajratishi kerak desa, Bag’dod Kurdiston o’zi uddalasin, deydi. Ayrim manbalarga ko’ra, muxtoriyat byudjetning 10 foizini harbiy maqsadlarga sarflaydi, bu dunyodagi eng yuqori ko’rsatkichlardan.

Isoning aytishicha, Kurdistonni xalqaro hamjamiyat qo’llab-quvvatlamoqda.

“Agar mudofaa maoshlarga bog’liq bo’lganida askarlarimiz uyiga qochib ketardi. Bu holda “Islomiy davlat” jangarilari hozir Yevropa eshigini qoqayotgan bo’lardi. Shuning uchun ham xalqaro hamjamiyat bizni dastaklab keladi. Bu ularning burchi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG