Iroqlik kurdlar neft yordamida iqtisodiy ahvolini yaxshilamoqchi

  • Amerika Ovozi

Bay Hasan neft koni, Kirkuk yaqini, Iroq

Bay Hasan neft koni, Kirkuk yaqini, Iroq

Iroq shimolidagi kurd jangarilari o’tgan hafta Kirkuk shahrida ikki yirik neft qudug’ini egallab oldi. Islomiy jangarilar hujumi natijasida hududdan chekingan Iroq qo’shinlari bu inshootlarni tashlab ketgan edi. Kurdlar qora oltin yordamida iqtisodiy ahvolini yaxshilab, mustaqil bo’lishni rejalamoqda.

Dunyodagi neft zaxiralarining to’rt foizi Kirkuk zamini ostida saqlanmoqda. Kurdlar, arablar, mahalliy qabilalar qora oltinni o’z nazoratiga olishni ko’zlaydi.

Hozirda bu maqsadga kurdlar yaqinroq turibdi. Kirkuk va Bay Hasan neft quduqlari peshmerga, ya’ni kurd jangarilari qo’liga o’tgan.

Kurdiston mintaqaviy hukumatida tabiiy resurslar vaziri Ashti Havramiyning aytishicha, kurdlar yil oxiriga borib iqtisodiy farovonlikka erishadi.

"O’zimizning pulimiz bo’lsa, Bag’doddagi diktatorlar changalidan xalos bo’lamiz", - deydi u.

Markaziy hukumat nazarida neftni chetga to’g’ridan-to’g’ri sotishga kurdlarning haqqi yo’q. Ular bu ishni Bag’dod orqali qilishlari zarur. Bir necha oy burun kurdlar qora oltinni Turkiyaga eksport qilishni boshlaganida markaziy hukumat byudjetdan mintaqa uchun ajratiladigan pulni muzlatib qo’ygan edi.

Biroq qo’shimcha quduqlarni nazoratiga olgan Kurdiston mintaqaviy hukumati neft qazish ko’lamini kengaytirmoqchi.

"Dohuk va Baziandagi neftni qayta ishlash zavodlarini kattaroq qilmoqchimiz, kichikroq zavodlar ham bor. Yengilroq neft va kondensat ishlab chiqaruvchi inshootlar qurilmoqda", - deydi Havramiy.

Bu mahsulotlar uchun yaxshi mijoz topish oson bo’lmaydi, deydi Londondagi “Chatxam xaus” tahlil markazida energetika masalalari bo’yicha ekspert Valeri Marsel.

"Gap yuridik maqomda, bahsli neftda. Mijoz uni sotib olmaydi, chunki kelajakda Iroq eksportlaridan mahrum bo’ladi. Bu qaltis ishga qo’l urishmaydi", - deydi Marsel.

May oyida Kirkukdan Turkiyaga neft quvuri uzatildi. Mintaqaviy hukumat 2015-yilgacha qo’shni mamlakatga kuniga 400 ming barrel neft sotmoqchi, deydi ekspert.

"Quvurning Kurdistondan bevosita Turkiyagacha tushgani juda muhim, chunki mintaqaning Bag’dodga tobeligi kamayadi. Kurdiston uchun bu Yaqin Sharqdan ajralib, Turkiya tomon, Yevropa tomon ochilish demakdir", - deydi mutaxassis.

Peshmerga sobiq jangarisi 62 yashar Umar Hasan Mavludning aytishicha, kurdlar Kirkukni ota-bobolarining yeri sifatida ko’radi va u uchun jang qilishga tayyor.

"1991-yilda Iroq armiyasi Kirkukni tortib olish uchun kelganida o’sha yerda edim. Kerak bo’lsa, o’zimni, qonimni, oilamni bu yo’lda fido qilishga tayyorman", - deydi Mavlud.

Iroqda siyosiy tanazzul hukm surar ekan, kurdlar buni o’zi uchun bir imkoniyat sifatida, Kirkukdagi neft konlarini esa kelajakdagi mustaqil kurd davlatining iqtisodiy asosi sifatida ko’rmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG