Kurdlar Raqqa shahrini olishga tayyorlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Raqqa shahri "Islomiy davlat" (IShID) o'rnashib olgan eng muhim manzillardan biri hisoblanadi. Obama ma'muriyati rejasida shu shaharni ham guruhdan tortib olish ko'zda tutilgan. Mahalliy kurd jangchilari Raqqa shahri yaqinida jangarilarga qarshi hujumlarni kuchaytirmoqda.

Kurdlar va IShID o'rtasidagi janglar Raqqa shahridan 48 kilometr shimolda ro'y bermoqda. Kurd askarlarining aytishicha, ular jangarilar manzillaridan ikki kilometr uzoqlikda joylashgan va guruhning istalgan hujumini qaytarishga tayyor.

"Ular besh kishilik guruhlarga bo'lingan. Birma-bir kelib hujum qilishadi. Lekin bizning kuchlarimiz ularning olg'a yurishiga yo'l bermayapti. Ular, odatda, kechasi aholi yashaydigan hududlarga hujum uyushtiradi", - deydi mahalliy qo'mondonlardan biri.

Kurdlarga AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya havodan yordam bermoqda. Qiruvchi samolyotlarda IShIDga qarashli strategik manzillar nishonga olinmoqda.

Iyun oyida Raqqa yaqinidagi Tal Abyad shahri jangarilardan tortib olindi. Endi navbat Raqqa shahriga deydi, kurdlar. AQSh IShIDga qarshi kurashayotgan bu jangchilarga qo'shimcha qurol-aslaha jo'natgan. Raqqani qaytarib olishda ularga, shuningdek, Demokratik Suriya armiyasi ham yordam beradi.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurashda bizni boshqa kuchlar ham qo'llab-quvvatlayapti. Hammamiz urushga tayyorlanyapmiz, barcha tomondan IShIDga yuzlashishga tayyormiz. Guruhimiz g'alaba qozona olishini isbotlagan. Eng muhimi, biz AQShdan yordam va qurollar olyapmiz", - deydi kurd jangchilaridan biri Jivan Qosir.

Raqqani egallash amaliyoti hali boshlangani yo'q. Shaharni qo'lga kiritish uchun askarlarning ruhiy va jismoniy tayyorgarligi muhim, ammo haqiqiy imtihon jang boshlanganda bilinadi, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG