Turkiya samolyotlari kurd bazalarini o'qqa tutgan

  • Amerika Ovozi

Turkiyaning Sanliurfa viloyati, 15-oktabr, 2014

Turkiyaning Sanliurfa viloyati, 15-oktabr, 2014

Turkiya harbiy samolyotlari Iroq-Turkiya chegarasidagi Kurdiston ishchilar partiyasi bazalarini havodan o'qqa tutgan. Hujum kurd isyonchilari va Anqara o'rtasida boshlangan tinchlik muzokaralaridan ikki yil o'tib ilk bor kuzatilmoqda.

Turkiya harbiylari chiqargan bayonotga ko'ra, havo zarbalari turk bazalaridan biriga kurdlar uyushtirgan hujumga javoban amalga oshirilgan.

Istanbuldagi Qodir Xosh universiteti tadqiqotchisi Soli O'zelning aytishicha, havo hujumlari Anqara va Kurd qarshilik harakati o'rtasidagi uzoq yillik kurashning davomidir.

"Bu o'tgan hafta Turkiyada ro'y bergan namoyishlarga ma'lum ma'noda javobdir. Bosh vazirning buzg'unchilik, terror harakatlari va zo'ravonlikka qarshi katta kuch bilan javob berilishi haqida aytgan gaplari ham shunga mos keladi", - deydi O'zel.

"Miliyat" gazetasi tahlilchisi, kolumnist Qodri Gurselga ko'ra esa, Kobanidagi vaziyat yuzasidan kurdlar sabr-toqatining to'lib borayotgani kurdlar bilan olib borilayotgan tinchlik jarayoniga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

"Ikki yildan beri hech narsaga erishilmadi, - deydi u. - Muammolarga yechim topish jarayonini amalga oshirish bo'yicha hech qanday jiddiy qadam tashlanmadi. Keyin esa Kobani va Rojava muammosi o'rtaga chiqdi. Kurdlar orasida norozilik kayfiyati kuchayib bormoqda".

Kuzatuvchilarning aytishicha, Turkiya o'z hududi orqali Kobanidagi kurdlarga qurol-yarog' o'tkazilishiga ruxsat bermayapti. Shu ham mahalliy kurdlarni yanada g'azablantirdi, deydi ular.

Kobaniga harbiy aslaha yetkazish uchun chegarani ochish bo'yicha Turkiyaga xalqaro bosim kuchayib bormoqda.

Turkiyaning chegarani ochmaslik qarorida oyoq tirab turib olishi diplomatik jihatdan Anqaraga ancha qimmatga tushmoqda, deydi tahlilchi O'zel.

Turkiyaning kurd isyonchilari bazalarini o'qqa tutishi Anqara o'z qaroridan hali-veri voz kechmasligini ko'rsatadi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an "Islomiy davlat" guruhi hamda Suriyadagi kurd jangarilarining har ikkisini terrorchi tashkilot deya atab, ulaga qarshi jazo choralari ko'rilishi haqida ogohlantirgan. Erdog'anga ko'ra, Turkiya Kobani taqdiriga aralashmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG