Breaking News

Inson huquqlari tashkilotlari Azimjon Asqarovga chiqarilgan hukmdan norozi


Azimjon Asqarov (Ferghana.Ru saytidan olingan)
Azimjon Asqarov (Ferghana.Ru saytidan olingan)

Huquq faolari nazarida Asqarovga qo'yilgan ayblovlar soxta. Tergov va sud jarayonida ko'plab qonunbuzarliklarga yo'l qo'yilgani aytiladi.



Qirg'iziston sudi mahalliy o'zbek huquq himoyachisi Azimjon Asqarovni umrbod qamoq jazosiga mahkum etdi. Xalqaro tashkilotlar hukmdan shokda ekanini aytib, jarayon qonunga xilof tarzda o'tganini ta'kidlaydi. Asqarov iyun oyida janubdagi xunrezliklarni uyushtirganlikda va qirg'iz militsionerini o'ldirganlikda aybdor deb topildi.

60 yoshli Azimjon Asqarov 16-iyun kuni Jalol-Obodda ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirganlikda ayblanib, ushlangan edi. Uning da'vo qilishicha va internetda yaqinda chop etilgan rasmlariga ko'ra, tergov paytida u qiynoqlarga solingan. Tergov va sud jarayoni davomida qator qonunbuzarliklarga yo'l qo'yilgani ta'kidlanadi.

Bosh idorasi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo'mitasi vakili Muzaffar Sulaymonov Asqarov ishini yaqindan kuzatib, bu ishga aloqador odamlar bilan suhbatda bo'lgan.

"Prokuratura Asqarovning aybini isbotlab bera olmagan. Uning qurbon bo'lgan militsioner ishlagan ichki ishlar bo'limida sudgacha hibsda saqlanishi protsessual xatolardan biri bo'lgan. Bundan tashqari oilasi va advokatiga hujumlar, do'q-po'pisalar qilishdi", - deydi Sulaymonov.

Uning aytishicha, sud uning qiynoqqa solingani va boshqa qonunbuzarliklarni inobatga olmagan.

Azimjon Asqarov uzoq yillardan beri inson huquqlari bilan shug'ullanadi. Ko'plab sud jarayonlarida ayblanuvchilar himoyasida turgani uchun mahalliy militsiya dushmaniga aylanganini Human Rights Watch tashkiloti ham tasdiqlaydi. Faol iyun oyida o'zbeklarga qarshi xunrezlikka aloqador ma'lumot, foto va videosuratlarni yig'ib yurganida qo'lga olingan.

"Asqarovga chiqarilgan hukm meni shokka tushirdi", - deydi Human Rights Watch vakili Reychel Denber. "Uning o'zi, oilasi va advokatiga ko'rsatilayotgan bosim haqida ko'plab tashkilotlar Qirg'iziston hukumatini xabardor qilib turganiga qaramay jarayon adolatli o'tmagan. Qonun-qoida ta'minlanmagan sharoitda esa xolis hukm chiqarish mumkin emas".

Mahalliy faollar va Asqarov do'stlarining so'zlariga ko'ra, sud yuridik jarayon emas, ko'proq huquq-tartibot organlarining faol ustidan jazo protsessiga o'xshadi. Faol qurol va ekstremistik mazmundagi adabiyotni saqlash, odam o'g'irlashga harakat qilishda ham aybdor deb topilgan. Sud mulkini musodara qilishga buyurgan.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti ham butun jarayon va sud hukmini qoralab, bayonot chiqardi, Qirg'iziston ichki ishlar vaziri va bosh prokuroriga murojaat qilib, qonunbuzarliklarni taftish qilishga chaqirdi.

Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo'mitasi vakili Muzaffar Sulaymonovning aytishicha, jurnalist Ulug'bek Abdusalomovning ishi ham tashvishga molik.

"Diydor" gazetasi bosh muharriri Asqarov bilan bir paytda qo'lga olingan edi. Unga ham shu kabi ayblovlar qo'yilgan. Jinoiy ish soxtalashtirilgani haqida dalillar bor. Zo'ravonliklar boshlanganida Abdusalomov Bishkekda edi. Yangi konstitutsiya matni ustida ishlayotgan guruh tarkibida bo'lgan. Buni tekshirish juda oson, biroq shunga qaramay u hamon hibsda saqlanmoqda", - deydi Sulaymonov.

Kuzatuvchilar Qirg'izistonda shimol va janub o'rtasidagi ziddiyatlar borligini, markaziy hukumatning zaif ekanini alohida ta'kidlar ekan, Azimjon Asqarov va boshqa o'zbek faollariga qarshi harakatlar asosan janubdagi kuchlar ishi ekaniga ishora qiladi.

10-oktabrda Qirg'izistonda parlament saylovlari. Qonun chiqaruvchi organ kengaygan vakolatlar bilan ishga tushadi. Siyosiy vaziyat va shimol-janub ziddiyatlari yangi hukumatga kim kelishiga qarab salbiy yoki ijobiy tomonga o'zgarishi aytilmoqda. Tahlilchilar saylov kampaniyasida millatchilik shiorlari tobora balandroq yangrayotganini alohida ta'kidlaydi.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG