Breaking News

Qirg'iziston janubida uy qurilishlari avjida


O'zbeklar Qirg'iziston janubida vayron bo'lgan uylarini qayta qurmoqda
O'zbeklar Qirg'iziston janubida vayron bo'lgan uylarini qayta qurmoqda

Qizil Xoch Xalqaro Qo'mitasi O'sh va Jalol-Obod viloyatlarida 370 ta ikki xonali uy qurmoqda.

Qirg'iziston janubida iyun oyidagi zo'ravonliklarda vayron bo'lgan uy-joylar o'rnida qurilish ishlari davom etmoqda. O'sh viloyatida zarar ko'rgan uylar chet mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan Xalqaro Qizil Xochning moliyaviy yordamida asta-sekin tiklanmoqda.

Qahraton qish kelmasidan oldin O'sh qirg'ini jabrdiydalari turar-joylarni tiklab olishga shoshmoqda. Hududda mingdan ziyod uy-joy, savdo va maishiy xizmat maskanlari vayron bo'lgan. Xalqaro tashkilotlar mingga yaqin uylarni qurib bermoqda. Dastlabki imoratlar bitish arafasida.

Qizil Xoch Xalqaro Qo'mitasi O'sh va Jalol-Obod viloyatlarida 370 ta ikki xonali uy qurmoqda.

"Biz qirg'iz hukumati bilan asosan ikki xonali uylar qurishga kelishib olganmiz. Ammo odamlar o'zlari xohlasa, keyinchalik qo'shimcha xonalar solib olishi mumkin. Qurilish jarayoni turli bosqichda. Masalan, Furqat mavzesida barpo etilayotgan uylarning 50 foizining devorlari tiklangan. O'shning Cheryomushki mavzesida esa yo'llar torligi sabab qurilish materiallarini keltirish qiyin bo'lmoqda. Shu bois ishlar bir oz sust," - deydi ushbu tashkilotning tashqi aloqalar
bo'yicha mutaxassisi Robert Pshedpelski.

Buyuk Britaniyaning "Bolalarni asrang" deb nomlangan xalqaro tashkiloti O'sh viloyati Qora-Suv tumanining Qizil-Qishloq hududi va Jalol-Obod viloyati Bozor-Qo'rg'on tumanida 350 ka yaqin uy-joy barpo etishni rejalagan. Qizil-Qishloqda ish qizg'in ketmoqda.

Tashkilotning "Boshpana" deb nomlangan loyihasi rahbari Vilyam Bikerton ketayotgan qurilish ishlari sur'atidan mamnun.

"Qurilishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti mablag'i hisobiga amalga oshiryapmiz. "Bolalarni asrang" tashkiloti 60 kishini ish bilan ta'minlagan. Shuningdek, kichik biznesni tiklashga ko'mak beryapmiz. Ja'mi 123 tijorat maskanini tiklashga umid qilyapmiz", - deydi janob Bikerton.

Turar-joy qurilishi "Bolalarni asrang"ning janubiy Qirg'izistondagi faoliyatining faqat bir yo'nalishidir. Ushbu tashkilot odamlarda kelajakka ishonch uyg'otgan.

"Qisqa muddatda uylarni tiklaymiz, odamlar o'z makoniga ega bo'ladi", - deydi Bikerton.

Ayni paytda davlat tizimlari jabr ko'rgan hududlarda bir necha ko'p qavatli turar-joy binosi qurmoqda. O'sh va Jalol-Obod shaharlarini qayta tiklash va rivojlantirish bo'yicha davlat direksiyasi rahbari Jantoro Sotibaldiyev olib borilayotgan ishlarni qoniqarli, deb baholagan. Qurilish materiallarini yetkazishda qiyinchiliklar mavjudligini aytib, qishgacha barcha uylar bitkazilishiga ishonch bildirgan.

Mutaxassislar keng ko'lamli qurilish ishlari uchun malakali ustalar yetishmayotganini aytadi. Bir ko'chaning o'zida yuzlab qurilish ketayogan bo'lib mahalliy aholi qo'ldan kelgan yordamni bermoqda.

XS
SM
MD
LG