Amerikalik tahlilchilar Qirg'iziston janubidagi voqealarni tahlil qilmoqda


Ulardan biriga ko'ra, xunrezlik ortida Bakiyev va hukumatda unga sodiq kuchlar turibdi. Boshqa ekspert esa xalqaro tashkilotlarni mintaqa xavfsizligi borasida hamkorlikka chaqirmoqda

Rasmiy Bishkek "xalqaro taftishga qarshi emasmiz" desa-da, Qirg'iziston janubida etnik zo'ravonliklardan bir oy o'tib haligacha xalqaro tergov boshlanmagan. Hukumat qirg'iz va o'zbek mutaxassislaridan tuzilgan ichki komissiya ish boshlagani haqida xabar bergan. Bundan tashqari, o'zbek va qirg'iz faollari mustaqil ravishda dalil, guvohlik ko'rsatmalari to'plamoqda.

O'tgan hafta Qirg'iziston prezidenti Roza Otunbayeva hukumatga o'z dasturini taqdim etar ekan, janubdagi voqealarga alohida to'xtalib o'tgan. Uning aytishicha, Qirg'iziston adolat qaror topishidan birinchi navbatda manfaatdor. Bosh prokuratura yetakchiligida tuzilgan davlat qo'mitasi taftishidan asosiy maqsad kim aybdor ekanini aniqlash emas, balki kelajakda bunday holning takrorlanmasligini ta'minlash, deydi Otunbayeva.

Qirg'iz ma'muriyati voqealar ortida sobiq prezident Bakiyevga sodiq kuchlar turganini boshidan aytib keladi. AQShdagi "Xarpers" jurnali muharriri, huquqshunos Skott Xorton nazarida ham tartibsizliklar bakiyevchilardan boshqa tomonga kerak emas.

"So'nggi ikki hafta ichida guvohlar, mustaqil jurnalistlar va huquq faollaridan olingan ma'lumotlarga qaraganda pogromlar stixiyali bo'lmasdan, oldindan puxta reja asosida uyushtirilgan", - deydi u. "Qirg'iziston Ichki ishlar vazirligi, armiyasi va xavfsizlik kuchlari tizimida ishlayotgan mansabdor shaxslarning ushbu rejada qo'li borligi aniqlandi".

Amerikalik mutaxassis nazarida bu shaxslar Qurmanbek Bakiyev prezidentligi davrida mansabga ega bo'lgan va janub klani tarafdorlari. Bunday provokatsion harakatlari bilan muvaqqat hukumatni yemirmoqchi bo'lgan.

"Bakiyevchilar", - deydi Xorton, ""Miloshevich strategiyasi"ni ishga soldi, ya'ni mamlakatdagi ikki yirik elatni bir-biriga qarshi qayrab, hukumatni zaiflashtirishga, uni xalqaro tanqid ostida qoldirib, xalq ongida "bizga kuchli rahbar kerak" degan fikrni singdirishga intiladi".

Skott Xorton mintaqa bilan yaxshi tanish ekspert, o'z vaqtida taniqli Sovet dissident er-xotin Andrey Saxarov va Yelena Bonnerga huquqiy masalalarda maslahatchilik qilgan, Bishkekda Amerika Universitetiga asos solgan insonlardan.

Uning nazarida Qirg'iziston janubidagi voqealarda shimol-janub tafovuti yaqqol ko'zga tashlangan. Xorton etnik to'qnashuvlar asosida, ba'zi qirg'iz millatchi siyosatchilari da'vo qilganidek, o'zbeklarning avtonomiya va hattoki O'zbekistonga qo'shilish istagi bo'lganini inkor etadi.

"Janubda yashovchi o'zbeklar ham qirg'izlar kabi bu mamlakat mustaqilligini qadrlaydi", - deydi Skott Xorton. "Chunki ular so'nggi yillarda katta yutuqlar va farovonlikka erishdi. Aytish joiz, janubning o'zbeklar yashovchi qismi bu borada boshqa hududlardan ajralib turadi. Qirg'izistonlik o'zbeklar O'zbekistonda yashaganida bunchalik muvaffaqiyatga erisha olmas edi. Shuning uchun ular janubning O'zbekistonga qo'shilishini istaydi, deb ayta olmayman".

Ba'zilar fikricha, mintaqa xavfsizligi haqida bong urib kelayotgan xalqaro tashkilotlar amaliy ish qilishga kelganda pand berdi. Qirg'iziston hukumati iltimosi va o'zbek jamoasi nolasiga qaramay yordam kelmadi. Xunrezlikdan bir oy o'tib, o'tgan hafta Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Almatida majlis qilib, Qirg'iziston janubiga 52 nafar politsiyachini yuborishga qaror qildi.

Hindistonning O'zbekistondagi sobiq elchisi Bxadrakumarning "Asian Times" Internet sahifasida yozishicha, tashkilotning bunday sust harakat qilishida uning raisi - Qozog'iston rahbariyati aybdor.

Tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi tahlilchisi Mettyu Rojanskiyning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, mintaqa bilan ish olib borayotgan tashkilotlar hamkorligini kuchaytirishi lozim.

"Markaziy Osiyoda xavfsizlikni asosiy maqsad qilgan xalqaro guruhlar, xususan Birlashgan Millatlar Tashkiloti , Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, NATO, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti raqobat qilish yoki bir-birini mintaqadan siqib chiqarishga urinish o'rniga, shunday paytda birga ishlashi zarur", - deydi Rojanskiy.

Ma'lum bo'lishicha, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining qirg'iz huquq-tartibot organlari tayyorgarligini oshirish mandatiga ega qurolsiz politsiya guruhi mintaqaga 2-4 haftada yetib borishi kutilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Navanetxem Pillayning aytishicha, Qirg'izistonda xavfsizlik kuchlari yuzlab o'zbeklarni asossiz hibsga olmoqda, bir necha hollarda esa odamlarni qiynoqlarga solgan.

Mahalliy hukumat, deydi BMT rasmiysi, bunga ko'z yummoqda. Oliy komissar idorasi to'plagan ma'lumotlarga ko'ra, qo'lga olingan o'zbeklar tanasi sigareta cho'g'i bilan kuydirilgan, tirnoqlari sug'urib tashlangan, o'zlari esa to'qmoq va miltiq qo'ndog'i bilan kaltaklangan.

Bunday harakatlar, deydi Pillay, ichki va xalqaro qonunlarga zid bo'lib, Qirg'iziston janubidagi qaltis vaziyatga tahdiddir.

XS
SM
MD
LG