Qirg'iz ayoli: O'zbek yurtdoshlarim hech qayerga ketmaydi, ularning vatani shu yerda


Anara Dautalieva bilan ikki oy oldin Vashingtondagi bir siyosiy munozara paytida tanishib qoldim.

So’z olganlardan biri, markaziy osiyolik olimaning, “Tojikiston va Qirg’izistonda energetika sohasini uquvi past odamlar boshqarmoqda” degan fikri yonimda o’tirgan bu ayolning juda g’ashini keltirgan edi.

U menga qarab, “Nahotki, o’zimizdan chiqqan yoshlar uyalmasdan amerikaliklarga bizni anqov qilib ko’rsatayapti”, - deya qarshilik bildirgan, mikrofonni olib, muammo odamlarda emas, irodasiz siyosatchilarda, ular qilayotgan mantiqsiz qarorlarda deya dardini to’kkan edi.

Anara Dautaliyeva Qirg’izistonning Chuy viloyatidan. “Toza tabiat” degan tashkilotga asos solgan. Maqsadi nafaqat atrof-muhit, balki oshkoralik va erkinlik uchun kurashish. Jahon Banki va Xalqaro Valyuta Jamg'armasi bilan hamkorlik qilib keladi. Shuningdek, bu ayol mamlakat yangi konstitutsiyasi ustida ishlagan hay'at a'zosi.

O’sha munozara ketidan men bu ayol bilan o’tirib rosa gurunglashib, bir necha kun oldin Bishkekda Qurmanbek Bakiyev prezidentlikdan ketgani va undan keyingi g’alayonlar haqida gaplashgan edim.

Xayrlashar ekanmiz, Anara Dautaliyeva “yurtingni sog’inibsan-a, men ham sog’indim” deya ko’ziga yosh olgan, meni singlisidek bag’riga bosib, “yaxshi kunlarda ko’rishaylik” deya umid qilgan edi.

Keyingi muloqotimiz, afsuski, juda og’ir damlarga to’g’ri keldi. Qirg’iziston qo’shni o’lkalarga qaraganda erkin, fuqarolik jamiyati ancha rivojlangan, odamlar huquqini talab qilishni biladi deya maqtagan ayol bugun O’sh va Jalolobodni qonga belagan voqealar haqida nima derkin deya unga telefon qildim. Anara Dautaliyeva Jalolobodda ekan.

"O’zbek mahallalariga dori-darmon, yordam olib keldim, nodavlat tashkilotlar nomidan. Ular yurtdoshlarim axir. Men ularga qirg’izlar nomidan hamdardlik bildirdim. Ular himoyasiga vaqtida kela olmaganimiz uchun kechirim so’radim. Bu jinoyatlarni qirg’iz xalqi emas, terroristlar, iflos odamlar qilgan dedim. Bu oddiy qirg’izlarning ishi emas”.

Anara Dautaliyeva qirg’inda Bakiyev va uning oilasini, xususan ukasi Janish va o’g’li Maksimni ayblaydi.

“Ular qabih insonlar, hokimiyatni boy bergani alam qilib, jinoyatchi to’dalar qo’liga pul berib, shunday vahshiylikka borgani hali ko’rasiz isbotlanadi”,- deya ishonch bildiradi u.

“Janish Bakiyev hozir Tog’li Badaxshonda ekanini bilamiz. Odamlar ushlanayapti, dalil-isbotlar bu Bakiyevlar ishi ekanini oshkor etsa, ajabmas”, - deydi u.

Qirg’iz-o’zbek hech qachon bir-biriga bu qadar shafqatsizlik qilmaydi, qilmagan ham, deydi faol.

“Men onaman. Biror ona yoki ota o’g’liga “bor, o’zbekni o’ldir” demaydi. Birovning mulkiga ko’z olaytirsang, o’g’irlasang, qo’lingni kesaman deb tarbiya qilamiz. Hech kim bolasini qotil qilib tarbiyalamaydi. Qirg’izlar o’zbeklarga qarshi qirg’in tashkil qilgan degan gaplarni eshitsam, jonim chiqib ketay deyapti.

Men qirg’izman. Qandaydir johil odamlarni deb butun qirg’izni ayblash adolatdan emas. O’zbek yig’layapti, biz ham yig’layapmiz. Qondosh xalqmiz axir. Butun qirg’iz nomidan aytishim mumkin: bu bizning milliy fojiamiz. Biz hech kimga bunday kunlarni ravo ko’rmaymiz. Mana Botkenda qancha tojik bor. Mamlakatimizda 80 dan oshiq elat vakilini topasiz”, - deydi Anara Dautaliyeva.

“Biz qotil xalq emasmiz. Qashshoqmiz, ezilganmiz, toptalganmiz, lekin qonxo’r emasmiz.

Navbahor, esingdami sen bilan Vashingtonda dildan so’zlashgan, qanday iliq holda xayrlashgan edim. Millionlab qirg’izlar o’zbeklar bilan shunday aloqada va bu rishtalarni hech kim so’ndira olmaydi. Ularning ildizi mustahkam. Bu mojaroda hech kim yutgani yo’q. Shuncha begunoh insonlarni, odamlar bir umr ishlab orttirgan mol-mulkini, mehnati mahsulini boy berdik. Bu hammamiz uchun birdek talofat”, - deydi Anara Dautaliyeva.

Uning fikricha, mamlakat yangi konstitutsiya ustidan ovoz berishi, yangi boshqaruv tizimi joriy etilishi, barcha elatlar tengligi va huquqi ta’minlanishi kerak.

“O’zbeklar”, - deydi u, “bizning jamiyatimizning ajralmas qismi. Yulg’ichlikka asoslangan boshqaruv bizni mana shunday qora kunlarga yetakladi. O’zimizni o’zimiz yovuz kuchlardan himoya qila olmadik”, - deya afsuslanadi Anara Dautaliyeva.

Bu faol nazarida jinoyatchilar muvaqqat rahbariyat zaif ekanidan foydalangan.

“Bu kuchlar sistemadagi kamchiliklarni yaxshi bilgan”, - deydi u. “Qirg’inni ataylab referendumdan oldin rejalashgan.

“Bu yaraning bitishi juda qiyin bo’ladi”, - deya tan oladi u. “Lekin bu kunlar dahshatidan saboq olamiz degan umiddaman. Insonni qadrlashni o’rganishimiz kerak. Bu faqat so’zlar emas. Butun Qirg’iziston hozir motamda. Bu jinoyatchilar bizni bo’lishga urindi. Lekin uning uddasidan chiqa olmaydi, chunki biz bir-birimizga dushman bo’la olmaymiz.

"Sen o’zbek qizi, men qirg’iz qizi. Sen yig’lasang, men ham yig’layman, xuddi bugungidek. Birga kulib, birga yig’lab o’rgangan xalqlarmiz. Tinch bo’lsak bas deb bir burda nonga shukur qilib yashaydigan xalqlarmiz. Mening o’zbek hamyurtlarim hech qayerga ketmaydi. Ularning vatani shu yerda”, - deydi Anara Dautaliyeva.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG