Qirg'iziston: Tadbirkor ayollarga ko'mak ko'rsatuvchi qanday dasturlar bor?


Qo'shma Shtatlar Qirg’izistonda bozor iqtisodiyotini shakllantirishda ko’mak ko’rsatib keladi. AQShning USAID, Xalqaro taraqqiyot agentligi, Qirg'izistonning “Boy tushum” banklar guruhi bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan dastur kichik va o’rta biznesda ayollar faolligini oshirishni ko’zda tutadi.

Moddiy hamda uslubiy ko’makdan samarali foydalangan qiz-jivonlar ushbu ko'mak orqali o’z biznesini yo’lga qo’yishga harakat qilmoqda.

O’sh viloyat Qorasuv tumanilik Anarkan Shermatova besh yil muqaddam mo’jazgina tikuv sexi ochgan. U USAID va “Boy tushum” banki birgalikda amalga oshirayotgan "Kichik va o’rta biznesda ayollar yetakchiligi” deya atalmish dasturda faol ishtirok etmoqda.

Qirg’iziston agrobiznesmenlar uyushmasi ijrochi direktori Aziza Yo'ldoshevaning ta’kidlashicha, bunday dasturlar muhim va zarur.

“Chunki tadbirkor bo’lishni istagan ayollarimiz tegishli bilim hamda moliya manbalariga muhtoj. Ularda kredit olish uchun garovga qo’yiladigan mulk yo’q - odatda mulk oila boshlig'i, yani er nomiga bo’ladi. Shuningdek, boshlangan biznes rivojini kuzatib borishda ham tadbirkor ayolga yordam kerak. Bu o’rinda o’quv-ko’mak dasturlari keng imkoniyatlar beradi”, - deydi U.

Uyushma bir necha oy davomida Janubiy Qirg’izistonning turli burchaklaridan to’plangan ayollarga ish yuritish, rejalashtirish asoslarini o’rgatgan.

Suhbatdoshga ko’ra, tadbirkorlikni maqsad qilgan ayollarda ijtimoiy va oilaviy burch hissi kuchli bo’lib, ishlab topilgan mablag’ni ular o’z biznesini rivojlantirish, xonadoni farovonligini ta’minlash, farzandlariga bilim berish uchun sarflaydi.

Aziza Yo'ldoshevaning aytishicha, xalqaro tashkilotlar hamda mahalliy uyushmalar dasturlari u qadar ko’p g’ayratli ayollarni qamrab olmagan. Ko’p opa-singillar e’tibordan chetda qolib, “o’z yog’ida o’zi qovurilmoqda”. Shuningdek, ko’mak bermoqchi tashkilotlar u yoki bu ayol boshlagan biznesni qisqa muddat emas, davomli vaqt kuzatib, o’z maslahatini berib borsa yaxshi bo’lar edi, deydi u.

O’zgan shahar ayollar kengashi raisasi Matluba Musaboyevaning aytishicha, ayollar ayniqsa bichuv-tikuv, turizm, umumiy ovqatlanish sohalari, savdo rastalarida faol bo’lib, tuzukkina daromad qilmoqda.

Ayni paytda suhbatdosh mamlakat iqtisodiyotidagi noxush ko’rinishlar sabab, ko’pchilik kabi, tadbirkor ayollar ham jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotganini ta’kidlaydi.

“Berilayotgan imtiyozli kreditlar hamda uslubiy-texnik yordamdan unumli foydalanayotgan dugonalarimiz yaxshi samaraga erishyapti. Ammo olingan mablag’ni to'g’ri ishlata olmayotgan va oqibatda qarzga botib ketayotganlar ham ko’p. Bunday ayollar bor-butini sotib, pul ishlagani Rossiya, Qozog’istonga yo’l olishga majbur bo’layapti. Ustiga ustak, so’m va rublning qadri keskin tushib ketdi”, - deydi ayollar kengashi raisasi.

Qirg’iziston agrobiznesmenlar uyushmasining ijrochi direktori Aziza Yo'ldosheva tadbirkor ayollar davr sinovlaridan o’ta olishiga ishonadi.

“Ayol zoti har xil sharoitga moslasha oladi, bukiladi-yu, sinmaydi. U vaziyatdan chiqish yo’llarini topa biladi”, - deydi Yo'ldosheva.

XS
SM
MD
LG