Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti


Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti

Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti

Oktabr oyida O’zbekiston va Qirg’izistondagi fuqaro jamiyati faollari Ekspert Ishchi Guruhi bilan hamkorlikda O’sh Tashabussi degan loyiha boshlagan edi.

Undan maqsad hozirda Qirg’izistonda tekshiruv olib borayotgan xalqaro komissiyani shu yilning iyun oyida ro’y bergan qirg’in yuzasidan zarur ma’lumot va dalillar bilan ta’minlash.

Tekshiruv nima samara berishi mumkin?


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qoshida tuzilgan maxsus komissiyaga finlyandiyalik siyosatchi Kimmo Kilyunen raislik qilmoqda.

Kilyunen avgust oyida “Amerika Ovozi” ga interyu berganida, birinchi vazifa faktlarni yuzaga chiqarish bo’ladi degan edi.

“Haqiqatni aniqlash. Xunrezlikka yetaklagan sabablarni oydinlashtirish. Etnik mojaro ortidagi omillar, odamlarni bir-biriga nisbatan qayragan shaxslar, jinoiy kuchlar, bularning hammasini qog’ozga tushiramiz. Ikkinchidan, qirg’in qanchalik siyosiy, ijtimoiy va jinoiy xarakterga ega bo’lganini ko’rib chiqish. Uchinchidan esa kelajakda bunday mojaroning oldini olish uchun nima qilmoq zarurligi haqida konkret tavsiyalar berish",- deya tushuntirgan edi Kilyunen.

Bu bir tahlil bo'ladi, deydi bu maxsus komissiya a’zolari, Qirg’iziston hukumati va xalqaro hamjamiyat bu hisobotga asoslangan holda chora ko’rishi kerak. Tekshiruv natijalari 2011 yilning yanvar oyi oxiri, fevral oyi boshlarida e’lon qilinadi.

Komissiya bilan hamkorlik qilish juda muhim, deydi Ekspert Ishchi Guruhi rahbari Suhrobjon Ismoilov.

“Qo’limizda hozir juda katta hajmda video, audio va foto materiallar yig’ilgan, mana shu voqealar bo’yicha. Komissiya ularni to’liqligicha isbot-dalildek qabul qilishi uchun, ularni sal tahlil qilib, topshirayapmiz”, - deydi ekspert.

Suhrobjon Ismoilov va boshqa faollar komissiya a’zolari bilan Toshkentda ikki bor uchrashib, o’z hisobotlarini bergan. Hozirgi kunda Qirg’iziston janubida davom etayotgan huquqbuzarlik hollari va ularning oldini olish yuzasidan ham tavsiyalar bildirilgan.

Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti

Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti

“Iyun oyida besh kun xunrezlik qilingan bo’lsa, shundan beri o’zbeklarni siqib chiqarish, ularni kamsitish, to’qima jinoiy ayblovlar bilan jazoga tortish hollari davom etmoqda. Bu xalqaro komissiya va boshqa tashkilotlar jarayonga aralashib, ularni to’xtatishi mumkin. Iyun voqealari bo’lib o’tdi, ularga tarixan baho beriladi va aybdorlarni topib jazolash kerak. Lekin hozirgi kundagi huquqbuzarliklarni darhol to’xtatish kerak. Shu bois biz komissiya bilan uchrashganimizda bu boradagi xulosa va fikrlarimizni ham bildirdik”,- deydi Suhrobjon Ismoilov.

Shunisi aniqki, maxsus komissiya biror yuridik kuchga ega emas. Xalqaro hamjamiyatga hisobot berish, xususan Qirg’iziston hukumatini adolatni ta’minlashga chaqirish va maslahat berish bilan cheklanadi.


Lekin Suhrobjon Ismoilov singari mutaxassislar umidsizlanish o’rinsiz deydi.

“Xalqaro qonunlarni o’rgangan huquqshunos, yurist sifatida men yaxshi tushunaman: komissiya bu davlat tizimida ish olib boradigan sudga o’xshagan organ emas. Xalqaro Jinoyat Sudi bor, lekin unga Qirg’iziston a’zo emas. Qirg’iziston hukumati bu xalqaro komissiya bilan hamkorlikda ishlashga qanchalik tayyor bo’lsa, tekshiruv shunchalik samarali bo’ladi. Buni biz va komissiya a’zolari, bizdan ham tajribali mutaxassislar, juda yaxshi tushunadi. Ular bu borada o’z fikrlarini yashirmaydi. Ular Qirg’iziston hukumati bilan diplomatik tilda gaplashayotganini aytishadi”.

Ammo ko’pchilikni qiynayotgan savol shuki, agar komissiya jinoyatchilar kim ekani haqida aniq dalillarga ega bo’lsa, ularni hukumatga ko’rsatib, mana shu shaxslarni ushlab, sudga tortish kerak degan talab bilan chiqa olmaydimi? Xalqaro guruh a’zolari bu ehtimoldan xoli emas deb javob qiladi.


Suhrobjon Ismoilov shu sabab ham komissiya bilan ishlash kerak deydi.

“Hammamiz hozir bu komissiyaga obyektiv ma’lumot yetkazib berishga harakat qilishimiz kerak, toki uning ishiga ijobiy ta’sir ko’rsata olaylik”, - deydi u.

Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti

Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti

“Bizga ko’p odam telefon qilayapti, ma’lumot uzatayapti. Kim bilan gaplashmaylik, mana shu jabr chekkanlar bilan, ularning savollari juda oddiy va kuchli savollar: Bu voqealar va bizga yetkazilgan jabr bo’yicha adolat ta’minlanadimi? Lekin na komissiya, na yirik davlatlar, na biz, na Qirg’iziston hukumati bu savolga javob bera olmoqda. Chunki bu voqealar birdaniga bo’lmagan. Sabablari ko’p va ularning tagiga yetish ko’p vaqt oladi. O’zbek xalqi mana shunga tayyor bo’lishi kerak, boshqacha yo’l yo’q. Qasos olish yoki qayta urush qo’zg’ash bilan hech kim, hech bir taraf foyda ko’rmaydi. Sabr bilan harakat qilishdan boshqa yo’lni ko’rmayapman”,- deydi Suhrob Ismoilov.

O’shda huquq himoyasi bilan mashg’ul Ravshan Gapirov xalqaro tashkilotlardan hafsalasi pir bo'lganini aytadi. Maslahatni-ku berishadi, ammo hech kim real bir harakat qilmayapti, deydi u.

Mahalliy advokatlar, davlat idoralari xodimlari ham qo’rqib qolgan, jabrdiydalar uchun qayg’urayotganlar juda kam, deydi Ravshan Gapirov. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining maxsus komissiyasi guvohlar bilan uchrashib, gaplashayotgani rost, deydi faol.

“Materiallar olishayapti, biz bilan ham gaplashishdi. Video syomkalar, foto syomkalar olishayapti. Bundan tashqari BMT inson huquqlari komissiyasi a’zolari ham yuribdi. Lekin buning ta’siri bo’lmayapti”.

Shu kunlarda O’shning Amir Temur va Turon shaharchalarida, O’sh shahar markazi, O’n Adir tumani, shuningdek, Qashqar qishlog’i va Tojikobodda, o’zbeklar katta sonni tashkil etadigan hududlarda, maxsus operatsiyalar olib borilib, o’ziga to’q yashagan o’zbeklar nishonga olinmoqda. Ulardan qurol topildi, terrorizmga aralashgan degan gumon va ayblovlar bilan odamlarni olib ketishayapti, deydi Ravshan Gapirov.

Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti

Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti

“Odamlarni olib ketib, ularni qo’rqitib… Maqsad o’zbeklarda hech narsa qoldirmaslik, pulini olish. Ularni och-nahor qilib qo’yish. Cho’ntagida puli bor o’zbekning o’zi qolmadi. Tizim o’zbeklarning pulini olish bilan ovora. 29 noyabrda imomning uyi portladi deb mer Melis Mirzakmatov oqsoqollarni yig’ib olib, “bizga ma’lumot keldi, islomiy ekstremistlar shaylanib, 10-20 dekabrlar orasida 14 ta joyda terakt o’tkazamiz degan, bizda shunday ma’lumot bor” deb odamlarni vahimaga solib, buyruqlar chiqarib, boy o’zbeklarning uylariga har narsa tashlab, pulini olish bilan ovora”.

Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, bunday informatsiya mavjud emas.

Ravshan Gapirov O’sh meri Melis Mirzakmatovni xalq orasida vahima va qo’rqinch urug’ini sochayotganlikda ayblaydi. Mer esa bu tanqidni inkor etib, hatto iyun oyidagi to’polonlarni ham to’xtatishga uringanini, xavfsizlik kuchlari unga bo’ysunmaganini aytib keladi. Ravshan Gapirov bu g’irt safsata deydi.

“Boshqacha qilib aytganda, mer Bishkekdagi hokimiyatga, prezident va boshqalarga tupurib qo’ygan. Bishkek buni biladi, lekin o’zini bilmaslikka olib o’tiribdi. Sababi Melis Mirzakmatov ularning buyruqlarini ochiqdan-ochiq tan olmayapti. Mer televizorga chiqib olib, “xalqning farovonligini o’ylayman” deb o’zini oqlayapti. U Bishkekni ochiqdan-ochiq inkor etib qo’ygan, allaqachon. Buni hamma biladi ham”,- deydi huquq faoli.

O’zbek aholi hech kimga ishonmay qo’ygan. O’n minglab odamlar xavfsiz boshpana izlab vatanni tark etar ekan, ularga hech kim “qol yurtingda, yasha shu yerda” demayapti. Janubda agar iyun oyigacha qariyb 800 ming o’zbek yashagan bo’lsa, huquq faollari hisobicha, ularning yarmi hozir qochqinga aylangan.

“Chiqib keta olmaganlar, imkoniyatini topa olmaganlar qoldi xolos. Topganlar chiqib ketdi, pul-mul degandek. Men masalan o’zim ko’rib yurgan xalqning uchdan ikki qismi yo’q endi desam adashmayman”.

“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan boshqa o’zbeklar ham bu fikrga qo’shiladi. Xavfsizlik organlari odamlarni noqonuniy yo’llar bilan olib ketib, qo’pol so’roq qilayotgan, qiynayotgan, mayib-majruh qilib qo’yayotgan, pora olib, qo’yib yuborayotgan yoki qo’rqitib qo’yayotgan hollar ko’p.

Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti

Xalqaro komissiya qirg’in sabablarini o’rganish bilan band, lekin o’zbeklar umidni boy beryapti

Qirg’iziston markaziy hukumati a’zolaridan bu borada so’rasangiz, huquqbuzarlik hollarini rad etmaydi. Hukumat muammoga chora izlayapti deyish bilan cheklanadi.

Yaqinda “Amerika Ovozi” Qirg’izistonning Vashingtonga tayinlangan yangi elchisi Muxtor Jumaliyevdan bu borada so’raganida, tizim murakkab davrni boshdan kechirmoqda, lekin prezident Roza Otunbayeva va butun rahbariyat qo’ldan kelgan barcha harakatni qilib, fuqaro xavfsizligini ta’minlashga urinayapti degan javob oldi.

Ravshan Gapirov bunga ishonmaydi. U yaqinda kuzatilgan bir holatni gapirib beradi.

“9 dekabr kuni O’sh shahrida 16 ga kirgan yosh bir kelinchakni eshigining tagidan olib ketishgan. Mashinada kelishgan, bir ayol uni chaqirgan. Kelin borsa, betiga bir narsa tashlab, mashinaga tiqib olib ketishgan. To’rt kundan keyin Arag’onga tashlab ketishibdi. Qizning ahvoli rasvoi olam. Og’ir ahvolda kasalxonada. Bunday voqealar ko’p. Oilali, bola-chaqali ayollarni olib ketish hollari ko’p. Bu men yaqinda bilgan to’rtinchi holat. Kasalxonada yotgan mana shu kelinning oldiga borib, qirg’iz kuch organlari “Sen bizga tuhmat qilayapsan, ering urgan-u, bizni ayblayapsan. Eringni qamaymiz” deb qo’rqitishibdi. “Shikoyat arizangni qaytib olmasang, o’zingni olib ketib, so’roq qilamiz” deyishibdi. Oilasi majbur bo’ldi, arizani qaytib olishga. Boshqa iloj yo’q”.

Ravshan Gapirovning o’zi bu oilaga shuni maslahat bergan, chunki bu kelinning taqdiri haqida ma’lumotlar yetarli.

“Bundan xulosa shuki, jinoyatchi banditlarni himoya qilayapti bu hukumat, demak, ular bilan tili bir, qo’li bir. Iyun voqealarida ham shunday bo’ldi. Xavfsizlik kuchlari butun qurollari bilan o’zbeklarni otdi-ku. Hozirgi ishlarga ham hukumat boshliq bo’layapti”, - deydi huquq faoli.

Qirg’izistonni ko’zida yosh, qalbida afsus va anduh bilan tark etgan o’zbeklar turmushi bir zumda chilparchin bo’lganini aytadi.

“Hech narsamiz qolgani yo’q. Kuyib ketdi. Mol-mulkimizni o’g’irlab olib ketishdi. Hamma yoqda vahshiylik…”

O’shning Furqat mikrorayonida o’z mahallasini himoya qilgan bu kishi ism-sharifini aytmaydi. Iyun voqealarida jarohat olib, kasalxonada yotgan.

Bu o’zbek ko’rgan-bilganlariga asoslanib shunday xulosa qiladi: qirg’izlar qirg’inni oldindan puxta rejalagan. Qonli janjal chiqarish uchun elatlarni bir-biriga qarshi qayrashgan. Qirg’in ketidan esa birma-bir yurib, odamlarni xo’rlashgan, ko’plab aybsiz insonlar nobud bo’ldi xalqning ko’z oldida, deydi u. Zo’ravonliklarda yana qancha odam invalid bo’lib qoldi.

“Qo’lga tushgan odam kamida 2-3 ming dollar bilan qutulib chiqdi. Undan keyin boylarga navbat keldi. Biror aybi yo’q, faqat boy. Ulardan 5, 10, 15 ming dollargacha olib, buning ustiga ularni qattiq urib, majruh qilib qo’yib yuborishdi. Mening bir tanishim bor edi. Uning ham uyi kuyib ketdi, bu bir azob. Bir bolasi o’ldi, bu bir azob. Buning ustiga uni olib ketib, invalid qilib qo’yishdi. Bilmayman, bu inson hozir bormi, yo’qmi, xabarim yo’q”.

Qirg’in ketidan tashqi dunyo, qo’shni davlatlar kelib, konkret yordam beradi deb kutilgan edi, deydi suhbatdoshimiz, ammo ular juda sust harakat qildi. Odamlar vahima ichra yashashda davom etdi.


“Hayot burungi holiga qaytmaydi, tiklanmaydi. Bu aniq. Agar aybdorlarni topib, jazolasa ham ko’p narsa hal bo’lmaydi, chunki o’zbeklar hamma narsasini yo’qotdi. Aynan mening o’zimning barcha ishlarim, tirikchiligim tag-tugi bilan yo’q bo’lib ketdi”, - deydi bu qirg’izistonlik.

“O’zbek maktablari yopilishni boshladi. Bolalarim maktabda yaxshi o’qishar edi. Maqsadim ularni o’qitish, yaxshi joylarga joylashtirish. Mamlakatdan chiqib ketishimning sababi ham shu bo’ldi. U yerda o’zbeklarning kelajagi yo’q”.

Bu o’zbek xalqaro komissiya tekshiruvidan hech qanday natija kutmaydi, lekin o’zi guvoh bo’lgan dahshatli damlarni gapirib berishga tayyor.

“Aslida uzoqdan kelishning, bir narsani tushuntirishning ham hojati yo’q. O’zbeklar to’polon chiqargani yo’q. Biz qirg’iz mahallasiga yoki qirg’iz qishlog’iga bostirib borganimiz yo’q. O’zbeklar o’zini himoya qildi, birinchidan. Ikkinchidan, urushmi urush. Erkak kishi o’ladi. Militsiya o’ladi, harbiy o’ladi. Qirg’izlar orasidan shular o’ldirildi. Bo’ldi o’lganlar. Yosh bolalar va ayollarimizni chiqarib yuborganmiz. Mahallalarimizda hech kim qolmagan. Qirg’izlar bemalol, shoshilmay uylarimizga kirib, mol-mulkimizni o’g’irlashib, kamazlarga yuklab, orqasidan o’t qo’yib chiqib ketishgan”.

Hozir Qirg’iziston hukumati jabr ko’rgan oilalarga moddiy yordam bera boshlagan. Yangi turar-joylar qurilmoqda. Lekin vatandan chiqib ketgan o’zbeklar ulardan bebahra qolmoqda.

Qirg’izistondagi yaqinlari orqali ko’mak olish uchun ishonch qog’ozi yozib yuborsa, davlat idoralari yo’q, bu odamlarning o’zi kelsin deyapti. Qochqinlarning esa qaytishga na uyi, na imkoniyati bor. O’shda qolgan qarindoshlar so’roq qilinmasin deb, ortiqcha biror so’z aytishga ham haddi sig’maydi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG