Qirg'iziston: Konstitutsiyani o'zgartirish loyihasi nizolarni kuchaytirdi


Rasmiy Bishkekning Qirg’iziston konstitutsiyasini o’zgartirish harakatlari Prezident Almazbek Atambayev va uning yaqin o’tmishdagi safdoshlari orasiga nizo soldi. 30-avgust kuni sobiq muvaqqat hukumat a’zolari bayonot bilan chiqib, mamlakat rahbari hamda parlamentdan zikr qilingan tashabbusdan voz kechishni talab qilgan edi.

Bayonot mualliflariga ko’ra, bosh qomusni o’zgartirish qonunga zid chora. Taklif qilinayotgan o’zgartirishlar esa oliy boshqaruv tizimida mavjud muvozanatning buzilishiga olib keladi, hukumatni parlament nazoratidan olib chiqadi, sud mustaqilligi hamda inson huquqlari ustuvorligiga putur yetkazadi.

Oradan bir kun o’tib, mustaqillikning 25 yilligiga bag’ishlangan tantana paytidagi nutqida, Prezident Atambayev sobiq safdoshlarini uning sha’niga nisbatan yolg’on-yashiq, bo’hton yog’dirish, shuningdek, gijgijlash va korrupsiyada aybladi.

Bir guruh deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan “Qirg’iz Respublikasining Konstitusiyasiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish borasidagi” qonun yuzasidan referendum o’tkazish haqida qonun loyihasi iyul oyi oxirida jamoatchilik muhokamasiga qo’yilgan edi.

Kuni-kecha mahalliy matbuot olg’a surilgan o’zgartirishlar xususida “taklif-mulohazalar inobatga olingan va prezident tomonidan qo’llab-quvvatlangan” yakuniy matnni e’lon qildi.

Aytish joizki, muxolifat o’tgan oy bosh qomusni o’zgartirishga qarshilik maqsadida “Hokimiyatni uzurpatsiyalashga yo’l yo’q”, deb atalmish harakatni tuzgan va umumrespublika qurultoyi o’tkazishga qaror qilgan.

O’shdagi“Sulaymon nuri” nomli inson huquqlari tashkiloti rahbari Sodiqjon Mahmudovning aytishicha, taklif qilinayotgan o’zgartirishlar bosh vazir va hukumat vakolatlarini oshirishni ko’zda tutadi.

Yana bir yangilik - inson huquqlari borasida xalqaro qonunlar ustuvorligini cheklash rejasi. Bu esa Qirg’iziston muhim xalqaro hujjatdagi imzosidan voz kechishini toqazo qiladi, deydi mutaxassis.

Suhbatdosh yuz berayotgan tortishuvlar demokratiya normalarini tatbiq etayotgan jamiyat uchun tabiiy hol, deb hisoblaydi.

“Referendum g’oyasini olqishlayotganlar ham, norozilar ham bor. Nuqtai-nazarlar qonuniy yo’llar va usullar bilan - masalan, matbuot orqali, har xil anjumanlar, majlislarda - izhor qilinishi lozim”, - deydi huquqshunos.

Taniqli qirg’iz siyosatshunosi, O’sh davlat universiteti professori Arap Anarbayev bosh qomusni o’zgartirish harakatlarini bemavrid, deb hisoblaydi.
“Natijada tinchib qolgan muxolifatni uyg’otib oldilar, oppozitsiya yana birikadi. Fuqaroviy jamiyat vakillari ham ular tomon bo’layapti. Turli guruhlar o’rtasida ziddiyat kuchaymoqda", - deydi professor.

"Bas, o’z paytida 2020-yilning 1-sentabriga qadar konstitutsiyaga o’zgartirish kiritmaslik borasida qonun qabul qilingan ekan, sabr-qanoat qilib turilgani ma’qul edi. Referendum o’tkazishga ketadigan mablag’ni xalq xo’jaligi uchun muhim qurilishlarga yo’naltirgan afzal”.

U siyosatchilarning talash-tortishishlari jamiyatni ikkiga bo’lishi ehtimoliga ishonmaydi.

“Hokimiyat referendum otkazishga jazm qilsa, albatta, o’tkazishi mumkin, chunki uning qo’lida ma’muriy va siyosiy resurs mavjud. Ammo bu tadbirdan mamlakatga jiddiy naf tegishiga shubham bor”, - deydi Arap Anarbayev.

XS
SM
MD
LG