Qirg’iziston iqtisodiyoti krizisda, xorij grantlari samara bermayapti


Qirg’iziston iqtisodiyoti krizisda, xorij grantlari samara bermayapti

Qirg’iziston iqtisodiyoti krizisda, xorij grantlari samara bermayapti

Siyosiy va iqtisodiy qiyinchiliklarga ro’baro’ kelgan Markaziy Osiyoda ikki bor davlat to’ntarishi hamda etnik nizolarga sahna bo’lgan Qirg’iziston mustaqillikka erishganidan buyon bozor iqtisodiyotiga o’tishga harakat qilib keladi.

Biroq mutaxassislar nazarida mamlakat iqtisodiyoti o’tgan 20 yildan buyon tanazzulda, qarzlar ko’paygan, tashqi yordamsiz o’zini boshqarishga qiynalmoqda.

Qirg’iziston sobiq ittifoq parchalanishi ortidan mustaqillikka erishgan davlatlar orasida birinchilardan bo’lib bozor iqtisodiyotiga o’ta boshlagan. Xususiy biznes rivoj topa boshlagan.

Yerosti boyliklari tanqis bo’lgan ushbu mamlakat hozirda asosan olib-sotish, kichik biznesdan foyda ko’radi. Yirik korxonalarning aksariyati yo’q bo’lib ketgan, asosan qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtiriladi.

Mutaxassislar nazarida o’lka iqtisodiyoti o’tgan 20 yil mobaynida tanazzuldan chiqa olmayotir.

O’shlik yosh iqtisodchi olim Alisher Yusupovning aytishicha, Qirg’izistonning iqtisodiy saviyasi pasayib ketganini barcha tahlilchilar, kuzatuvchilar, iqtisodchi-sharhlovchilar tan oladi.

“Buning sabablaridan biri mustaqillik qozongan yildan e’tiboran davlat olib borayotgan siyosiy-iqtisodiy loyihalarning to’g’ri emasligi. Qirg’iziston ayni paytda kuchli, rivojlangan bozorga ham ega emas. Bank sektori rivoj topgan davlatlar orasiga ham kirmaydi. Xitoy mollarini re-eksport qilish yo’li bilan, o’zimizdagi ancha-muncha qishloq xo’jaligi mahsulotlarini yetishtirib tirikchilik qilmoqdamiz. Qirg’izistonning iqtisodiyotini rivojlantirishda yirik potensiali bor. Ammo ushbu potensialni to’g’ri ishlata bilish kerak”, - deydi u.

Bir paytlar chetga paxta, gazmol, ipak, go’sht mahsulotlari, ayrim sanoat mollarini ishlab chiqargan Qirg’iziston endilikda asosan import va xorijdan olib kelingan mahsulotlarni re-eksport qilish yo’li bilan daromad ko’radi. Ammo bu daromad mamlakat sarflarini qoplamaydi.

Rossiya davlat ijtimoiy universitetining O’sh filiali muallimi, iqtisod fanlari nomzodi Ilhom Davidov fikricha, iqtisodiy ahvolni o’nglash uchun ishchi kuchini ko’paytirish lozim.

“Darhaqiqat, Qirg’izistonda hozirda import eksportdan ko’proq. Buning natijasida esa ekonomikamiz tashqi dunyoga qaram bo’lib qoladi”, - deydi u.

Qirg’iziston ko’p yillardan buyon xorij moliyaviy tizimlari hamda taraqqiy etgan davlatlar ko’magidan foydalanadi. Hozirda o’lkaning tashqi qarzi 2,6 milliard AQSh dollariga yetgan. Mutaxassislar xorij grantlari va kreditlari samarasiz ishlatilayotganini urg’ulaydi.

“Bu pullar qarz deb hisoblanadi. Ertami, kechmi qaytarishimiz kerak. Biz qaytarmasak bizning avlodlarimiz albatta qaytaradi. 2006 yili Xalqaro Valyuta Jamg’armasi Qirg’izistonni “HIPIC” deb nomlangan loyihaga kirgizmoqchi bo’ldi. Qarzimiz bir qadar ozayardi, ammo o’sha taraqqiy etgan davlatlarga tobelik kuchayardi, deb o’ylayman”, - deydi Alisher Yusupov.

Qirg’iziston tashqi aloqalarda Rossiya, Xitoy, AQSh va Turkiyani asosiy hamkorlar qatoriga qo’shadi. Ushbu mamlakatlardan asosan Xitoy Qirg’izistonda qator iqtisodiy loyihalar amalga oshirayotir.

Aytaylik, xitoyliklar avtomobil yo’llari qurishda, qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodlari barpo etishda yirik hissa qo’shmoqda. Rossiya tarafi esa arzon narxda yonilg’i mahsulotlari, yog’och yetkazib bermoqda. Shu bilan birgalikda imtiyozli kreditlar ajratgan.

Iqtisodchi olim Alisher Yusupov nazarida Qirg’iziston uchun strategik hamkor bo’lmish Rossiya har doim ham yordam beraverishini kutish joiz emas.

“Payti kelib ular ko’makni cheklashi ehtimol. Unga qadar Qirg’iziston o’zini tiklab olishi lozim. AQSh ham shunday. Ayni paytda Rossiyada 700-800 ming qirg’izistonlik mehnat muhojirlari faoliyat ko’rsatmoqda. Ular har yil vataniga bir milliard dollardan ziyod mablag’ jo’natib keladi. Bu hol o’lka iqtisodiyotiga yirik hissa degani”, - deydi u.

Rasmiy Bishkek Boj Ittifoqiga kirishni maqsad qilgan. Rossiya yetakchi bo’lgan ushbu Ittifoq Qirg’izistonga naqadar samara berishi mumkin, degan bahslar kuchaygan.

“Juda aktual bo’lib turgan bir masala. Dastavval qirg’iz hukumati bu narsani, ya’ni Boj Ittifoqiga kirishning afzalligi va salbiy tomonlarini parlament a’zolariga emas, balki o’z xalqiga yahshilab tushuntirmog’i darkor”, - deydi suhbatdoshlar.

Kuzatuvchilarning aytishicha, mintaqaning eng kambag’al davlatlaridan biri bo’lmish Qirg’iziston tashqi yordamgagina odatlanib qolmasdan, o’z resurslarini ishga solishi va oxir-oqibat iqtisodiyotini ko’tarishi darkor.

XS
SM
MD
LG