AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Qirg’iziston janubidagi eng yirik ilmgohlardan bo’lmish O’sh davlat universitetiga ko’maklashmoqda.

Moliyaviy yordam yangi test markazlarini ochish va qabul komissiyasi ishlarini takomillashtirish uchun sarflanadi.

So’nggi yillarda mahalliy mutaxassislar Qirg’izistonda oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish lozimligini aytib keladi. “Amerika Ovozi” O’sh davlat universiteti rektori, professor Qanibek Isoqov bilan shu haqda suhbatlashdi.

“O’tish davri tashabbuslari” deb nomlangan dastur doirasida ajratilgan 90 mingdan ko’proq AQSh dollariga ikki mustaqil test markazini ochish ko’zda tutilgan. Buning uchun 80 dan ortiq kompyuter texnikasi, ko’plab boshqa zamonaviy uskunalar sotib olinadi.

Qanibek Isoqovning aytishicha, maqsad o’qishga qabul qilish va o’qish jarayonida turli imtihonlardan o’tish paytida korrupsiyani cheklash.

“Barcha predmetlar bo’yicha tuzilgan test so’rovlari asosida talaba mehnatini to’g’ri, real baholash uchun imkoniyat paydo bo’ladi. Hozircha birgina test markazimiz bor. O’quv korpuslarimiz shaharning turli burchaklarida joylashganini hisobga olgan holda, yana ikki sinov markazi ochmoqdamiz. Ikkinchidan, qabul qilish jarayoniga ham tezkorlik va shaffoflik kiritiladi. Turli shubha va noxush savollarga o’rin bo’lmaydi”, - deydi O’sh davlat universiteti rahbari.

Janubiy Qirg’izistondagi bu eng yirik oliygohda 27 ming talaba ta’lim oladi. So’nggi yillarda zamonaviy usullar va jihozlarni tatbiq etishga kirishilgan.

“Ikki yildan beri biz elektron boshqaruv tizimiga o’tayapmiz. Ushbu jarayonda birinchi bosqichdan o’tdik, deyish mumkin. Bu ish oson kechmayapti. Qarshilar ham yo’q emas. Har bir talaba va muallimning mehnat faoliyati, o’qish va o’qitish jarayoni ko’zgudagiday yaqqol ko’rinadi. Buning hammasini universitet saytida ko’rish mumkin”, - deydi professor Isoqov.

Ayni paytda suhbatdosh universitet faoliyatini zamonaviylashtirish, noxush ko’rinishlarga chek qo’yish yo’lida to’siqlar ham borligini inkor qilmaydi.

“Eng katta muammo odamlarning ongida. Bizning progressiv harakatlarni muallimlarning asosiy qismi qo’llamoqda. Ammo eskicha, konservativ ko’z-qarashlar ham bor. O’tgan asrning 50-60 yillari darajasidagi leksiyalarini ko’tarib yurgan ustozlar ham yo’q emas. Professor-o’qituvchilarning yangilanishga shoshmagani, zamon sharoitiga moslashmagani – bu Qirg’izistonning barcha oliygohlari muammosi deb hisoblayman”, - deydi Qanibek Isoqov.

Mustaqillik yillari Qirg’iziston oliygohlari o’n barobar ko’paygan. Ayni paytda mutaxassislar ta’lim va bilim sifati keskin tushib ketganini tan oladi. So’nggi yillarda ta’lim vazirligi oliygohlar sonini qisqartirishga harakat qilmoqda. Bu o’rinda asosiy mezon – oliygohlarning xalq orasidagi obro’si va ta’lim sifati, deyilmoqda.

“Bozor iqtisodiyoti sharoitida har bir oliygoh bilim berish tizimi sifati, raqobatbardoshligi, talabalar uchun tuzilgan shart-sharoit borasida o’zi qayg’urishi joiz. Kim harakat qilsa, olg’a siljiydi, bo’lmasa qolib ketadi. Bozor iqtisodiyoti toshbag’ir narsa. Hech kimni ayamaydi”, - deydi O’sh davlat universiteti rektori.

O’tgan yili janubiy Qirg’izistonning ayrim universitetlarida talabalar saflari to’lmagan. Mutaxassislarning aytishicha, bunga nafaqat maktablarda berilgan bilimning pastligi, balki mahalliy oliy o’quv yurtlar obro’sining yuqori emasligi ham sabab bo’lgan.

Kuzatuvchilar nazarida, oliygohlar orasidagi raqobat va xalqaro hamkorlik o’lkada ta’lim tizimi saviyasini ko’tarishga xizmat qiladi.
XS
SM
MD
LG