Tursunboy Bakir O'g'li: "Qirg'izistonda xudodan qo'rqqan odamlar hokimiyatga kelishi kerak"


Tursunboy Bakir O'g'li, sobiq diplomat, parlament a'zosi

Tursunboy Bakir O'g'li, sobiq diplomat, parlament a'zosi



Qirg'izistonda prezident saylovlari 30-oktabrga belgilangan. Shu kunga qadar o'nlab da'vogarlar saylov komissiyasi tomonidan ro'yxatdan o'tgan. Ammo barchasi ham rasmiy nomzodlikni qo'lga kirita olmasligi mumkin.

Bu yilgi saylovlar konstitutsiyaga o'zgartirishlar kiritilib, prezident vakolatlari qisqartirilganidan beri birinchisi bo'ladi. Parlament kuchayganiga qaramay, prezident saylovlariga diqqat hali ham yuqori.

Tursunboy Bakir O'g'li saylovlarda to'rtinchi bor nomzodini qo'ymoqda. "Erkin Qirgiziston" partiyasining yetakchisi bo'lsa-da, parlamentda "Or-Nomus" fraksiyasidan deputat. "Erkin Qirgiziston" so'nggi parlament saylovlarida "Or-Nomus"ga qo'shilib, ishtirok etgan.

"Qirg'izistonda 105 ta siyosiy partiya bo'lsa, "Erkin Qirg'iziston" diniy yo'nalishdagi yagona partiyadir", - deydi arbob.

Uning aytishicha, bu yilgi prezident saylovlari oldingilaridan farq qiladi.

"Bu yilgi saylovlarda diktator-prezidentlar yo'q. Ko'pchilik nomzodlarning imkoniyatlari deyarli teng. Agar Qirg'iziston Bosh vaziri Olmosbek Otamboyev ma'muriy resurslarni ishga solmasa, jarayon adolatli o'tishiga ishonch bor. Ammo yangi inqilobdan cho'chigan siyosatchilar Akayev va Bakiyev yo'lidan bormaydi degan umiddaman".

Hafta boshida Markaziy Saylov Komissiyasi 83 kishini ro'yxatga olgan edi, ammo bir kun o'tib ikki mustaqil nomzod poygadan chiqdi. Biri rus millatiga mansub. Da'vogarlar rasmiy nomzodga aylanishi uchun 25-sentabrgacha kamida 30 ming imzo to'plab, qirg'iz tilidan imtihondan o'tishi kerak.

Tursunboy Bakir O'g'lining bashorat qilishicha, 10-12 kishi saralash bosqichidan o'tishi mumkin. Shundan so'ng saylov kampaniyasi boshlanadi. Prezident bo'laman deganlar ko'p bo'lishiga qaramay, asosiy da'vogarlar barmoq bilan sanarli.

"Shu 10-12 odamdan ikkisi saylovlarning ikkinchi bosqichida bellashadi, deb o'ylayman. Biri janublik, ikkinchisi esa shimollik bo'lishiga shubha yo'q. Otamboyev shimoldan va men, xudo xohlasa, janubdan ikkinchi bosqichga chiqamiz".

Tursunboy Bakir O'g'li o'z g'alabasiga ishonadi. Bunga sabab bor, deydi u.

"Qirg'izistonni bir emas, ikki prezident tashlab chiqdi. Muvaqqat hukumat davlatni boshqara olmayapti. Parlament tizimi o'zini oqlagani yo'q. Mamlakatni prezident boshqaruviga qaytarishga chaqiriqlar tobora ko'p yangramoqda. Xalq yolg'onchi va iymonsiz siyosatchilardan to'ygan. Yurtni Ollohdan qo'rqqan odam boshqarishi kerak, degan fikr ommalashmoqda".

Prezident bo'lsam, O'shdagi kabi fojia qaytarilmaydi, deydi prezidentlikka nomzod.

"Buning uchun markaziy hokimiyatni kuchaytirish kerak. Mamlakatni xalq saylagan odam boshqarishi lozim. Hozirgi rahbar ayol ishni eplay olmayapti. Bosh vazirning ham qo'lidan bu ish kelmayapti. Markaziy hokimiyatni mahalliy hokimiyatga yaqinlashtirish kerak. Prezidentga bo'ysunuvchi xavfsizlik idoralari va Bosh prokuratura idoralarini O'shga ko'chirish lozim. Kadrlar masalasiga ham jiddiy yondashib, xudodan qo'rqqan odamlarni rahbar lavozimlarga tayinlaymiz. Millat ajratmaymiz", - deydi Tursunboy Bakir O'g'li.

Ayrim tahlilchilar nazarida prezidentlik uchun kurash janub va shimol vakillari orasida murosasiz kechadi. Jiddiy qonunbuzarliklarga yo'l berilsa, mamlakat uchinchi inqilobga yuz tutadi, ammo bu inqilob, deydi kuzatuvchilar, Qirg'iziston uchun so'nggisi bo'lib, respublikada davlatchilik qulashiga olib kelishi mumkin.

XS
SM
MD
LG