Saylovoldi kampaniya: 29 partiyadan munosibini tanlab olish oson emas


Saylovoldi kampaniya: 29 partiyadan munosibini tanlab olish oson emas

Saylovoldi kampaniya: 29 partiyadan munosibini tanlab olish oson emas

Qirg’izistonda 10 oktyabr kuni parlament saylovlari o’tkaziladi. Siyosiy partiyalar kampaniyaga faol berilgan. Oddiy fuqarolar bu galgi saylovlar oldingisidan ancha farq qilishini aytmoqda.

Avvalgi saylovlardan farqliroq, siyosiy partiyalarning tashviqot usullari rang-barang. Nomzodlar matbuot, sport maydonlari, konsert zallari imkoniyatlaridan keng foydalanmoqda.

Oddiy aholining ushbu jarayonga munosabati turlicha.

“Agitatsiya qilishyapti, har xil partiyalar kelib. Hamma rayonlarga borib, o’zini dasturini tushuntirib, yordam beramiz deyishyapti. Kim biladi qanaqa saylov bo’ladi. Partiyalar ham ko’p ekan, yangilari ham chiqibdi”, - deydi suhbatdosh.

“Hozir saylov ortiqcha, dabdababozlik bo’lib ketdi. Mana shu qog’ozlarni, konsertlarning nima keragi bor? Hamma partiya qilyapti, ovozining boricha ko’cha bilan bitta bo’lib, to’ydek qilyapti. Boshimizda shuncha tashvish tursa, konser yuragimizga sig’adimi?”, - deydi yana bir fuqaro.

“Saylovoldi agitatsiya juda avjga chiqdi hozir”, -deydi o’shlik tahlilchi Muhammadsolih Ismoilov.

“Tashviqotga ayrim joylarda o’zbeklar ayniqsa iyun voqealaridan keyin hukumatdan ham, hozirgi rahbarlarning elga munosabatidan ham qandaydir norozi bo’lgandek, “bizga saylovni nima keragi bor” deganday qarayotgan edi boshida. Lekin ayrim partiyalardan vakillar kelib, ayniqsa qishloq joylarida, mahallalarda o’zlarini shtablarini ochib, tashviqot ishlarini kuchaytirgandan keyin “saylovda ishtirokimiz kerak shekilli, ovozimizni talab qiladigan, shunga ehtiyoj sezgan partiyalar bor ekan, shu nomzodlarni qo’llasak bo’lar ekan” degan jonlanish paydo bo’ldi. Hozir faol ketyapti bu ish. Ular o’zlari tanlagan partiyalarga ovoz berish niyatida yurishibdi”.

Bu galgi saylovoldi jarayonida qanday yangi ko’rinishlar ko’zga tashlanadi?

“Partiyalarning ko’pligidan ko’pchilik chalg’iyapti”, - deydi Muhammadsolih Ismoilov. “Chet el ommaviy axborot vositalaridagi jurnalistlar ham shuncha partiyaning saylovda ishtiroki lol qolarli bir vaziyat deb aytishibdi. 29 ta partiyaning ichidan munosibini tanlab olishning o’zi xalqning boshini gangiratib qo’yayapti”.

Siyosiy partiyalar targ’ibot-tashviqot ishlarida, saylovchilarning e’tiborini o’ziga qaratish uchun qanday usullardan foydalanyapti?

“Bu ishga halol yondashib, ommaviy axborot vositalari xizmatidan foydalanib, halol tashviqot yuritib, niyatimizga yetamiz deganlari ham bor. Bishkekda pachka-pachka gazetalarni bostirib kelib, elga tarqatib yurganlarini ham ko’ryapmiz. El ko’nikib qolganki, kimdir uning ishini bitkazib bersa, hojatini yangilatib qo’ysa, pul yoki osh qilib bersa, shunga ovoz beramiz deb ko’nikib qolgan. Ilgarigi saylovlarda shunaqa hollar odat bo’lib qolgan edi. Puldan, yordamlardan, vaziyatdan foydalanib qolish. “Moliyaviy, moddiy yordam beraman, un olib beray” degan ishlar ham bo’layapti”, - deydi tahlilchi.

Odamlar, xalq yangi boshqaruv tizimidan nima kutadi?

“Elning umid qilayotgan narsasi, qonuniy parlament, qonun chiqarish organi paydo bo’ladi, legitim. Undan keyin parlament qonuniy hukumatni tuzadi. Har xil bo’layotgan gap-so’zlarga asos qolmaydi. Hukumat mamlakatda barqarorlikni tiklashga, bo’lgan ishlarni bartaraf qilishga kuch-g’ayrat bilan kirishadi deb umid qilyapti el. Saylovga borishga ilinji ham shundan”, - deydi suhbatdoshimiz.

Aytish joiz, Qirg’iziston parlamentidan o’rin olish uchun 29 siyosiy partiya qatnashmoqda. Ayrim kuzatuvchilar va aholi vakillari siyosiy kurash o’lkada usiz ham beqaror vaziyatni yanada chigallashtirish ehtimolidan xavotirda.

Qolaversa, ba’zi partiyalar rahbarlari norozilik chiqishlari ehtimoliga sha’ma qilgan. Suhbatdoshlar bunday do’q-po’pisalar quruq gapligicha qolishiga umid bildiradi.

Maqolani to’liq holda audiosidan tinglang.

XS
SM
MD
LG