Qirg’izistonda xalq partiyalarni dasturi emas, rahbariga qarab baholamoqda


Qirg’izistonda 30 siyosiy partiya kelasi oygi parlament saylovlariga hozirlik ko’rmoqda. Ular 120 o’rinlik qonunchilik organiga kirish uchun kurashmoqda. Kuzatuvchilar fikricha, partiyalarning programmalari haqida biror narsa deyish qiyin. Xalqqa buning uncha farqi yo’q va ular asosan partiya rahbarlariga qarab xulosa qilmoqda.

Qirg’izistonda parlament saylovlariga taxminan uch hafta vaqt qolar ekan, o’lkada saylov oldi jarayoni avjida. Hatto olis qishloqlarda ham saylovda qatnashayotgan turli siyosiy partiyalar shiorlari va chaqiriqlarini ko’rish mumkin.

Yetakchi partiyalardan birining Aravon tuman tashkilot rahbari Mamasoli Mashrapxo’jayevning aytishicha, joylarda saylovoldi kurash har xil o’tmoqda.

“Qaysidir partiyalar xolis ish olib bormoqda, qaysidir partiyalar esa raqibining shiorlarini yirtib, noxush harakatlar qilmoqda. Aholining faolligi juda baland. Sababi, menimcha, qirg’izistonliklar qonuniy hokimiyat tezroq o’z ishini boshlashi tarafdori”, - deydi u.

Yana bir partiya faoli, moliya xodimi Abdimital Joroyevning aytishicha, saylovchilar siyosiy partiyalarga o’z istaklarini bildira boshlagan.

“Hozirda bir necha asosiy siyosiy partiyalar ko’zga tashlanmoqda. Ko’pchilik ulardan tinchlik o’rnatilishini, iqtisodiy-ijtimoiy masalalar ijobiy yechilishini kutmoqda”, - deydi Abdimital Joroyev.

Qirg’iziston parlamentiga saylovda 29 siyosiy partiya qatnashadi. Bu galgi parlamentda 120 deputat o’rin oladi.

Qirg’iziston janubining O’sh va Jalol-Obod shahri aholisi etnik to’qnashuvlar ortidan bir qadar siyosatdan uzoqlshgani seziladi. Boshqa tuman va shaharlarda esa siyosiy jarayonlarga qiziqish susaymagan, deydi tahlilchilar.

“Ko’pchilik siyosiy partiyalar ko’payib ketganidan norozi. Chunki ular aholini bo’layapti. Unisi bu yoqqa tortadi, bunisi bu yoqqa. Shuning uchun bir necha yirik partiya bo’lsa, yaxshi edi, degan fikrlar ham bor. Qaysi partiya o’z dasturlarini elga yaxshiroq yetkazib bergan bo’lsa o’sha partiya ko’proq tarafdorlarga ega bo’ladi. Ammo menimcha, bugungi kunda dasturlardan ham ziyodroq ko’pchilik partiya liderlariga, nomzodlar ro’yxatidagi odamlarga nazar tashlamoqda”, - deydi Mamasoli Mashrapxo’jayev.

Ayni paytda, kuzatuvchilar fikricha, aholi saylov va unda qatnashayotgan siyosiy partiyalar borasida yetarli ma’lumotga ega emas.

Avvalgi yillardagi saylovlar arafasida turli siyosiy kuchlar saylovchilarning ko’nglini olish maqsadida har xil qonunbuzarliklarga yo’l qo’ygan. Bu safarchi? Odamlarda siyosiy partiyalarga ishonch na qadar baland?

“Juda ko’p partiyalar Ramazon oyida iftorlik bahonasi bilan odamlarga osh tarqatgan. Ularning asil maqsadlari saylovchilarning ovozini qozonish. Hozir ham “biz parlamentga o’tib ketsak, uni-buni qilib beramiz”, degan vadalar oz emas”, - deya mulohaza yuritadi partiyalardan birining tuman rahbari Mamasoli Mashrapxo’jayev.

“Ko’pchilik siyosiy partiyalar saylovoldi vadalarini bajarmaganidan aholi norozilik bildiradi”, - deydi Abdimital Joroyev.
Mahalliy tahlilchilar saylovoldi kurash vaziyatni chigallashtirishi ehtimoldan xoli emas deydi. Mamlakat prezidenti Roza Otunbayeva bo’lajak parlamentga kriminal guruhlar vakillari ham intilayotganini aytib o’tgan. Otunbayeva shuningdek saylovda qatnashayotgan siyosiy partiyalardan ikki masalaga tegmaslik talab qilinganini urgulagan. Ya’ni shimol-janubga bo’linish hamda millatlararo munosabatlarga so’z tegizmaslik.

O’sh yaqinidan bo’lgan yosh olim Alisher Yusupov taniqli partiyalardan biri nomzodlari ro’yxatiga kirgan. Bu kabi ro’yxatlarda yoshlar soni oz emas, deyilmoqda.

“Saylovoldi kurash boshlangan beri, hozirgacha siyosiy partiyalar o’zini bir yaxshi, toza tarafdan ko’rsatishga harakat qilmoqda. 20 yildan buyon Qirg’izistonda ko’plab saylovlar, siyosiy jarayonlar bo’lib o’tgan va safargi parlament saylovlari xolis o’tishiga umid qilaman. Agar men parlament deputati bo’lib saylansam, birinchi navbatda, millatlararo do’stlikni mustahkamlashga harakat qilaman. Ikkinchi rejam esa iqtisodiyotni ko’tarish”, - deydi yosh nomzod.

XS
SM
MD
LG