Breaking News

Xalqaro hamjamiyat: Qirg'izistonda saylovni kechiktirmaslik kerak


Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Ittifoqi Qirg'iziston hukumatini janubda tartib o'rnatishga undab, insonparvarlik yordamini oshirishni va'da qilarkan, 27 iyunga mo'ljallangan referendum va kuzda o'tishi rejalangan parlament saylovlari qoldirilmasin degan chaqiriq bilan chiqmoqda.

Ular nazarida mamlakat kelajagini etnik to'qnashuvlar ortida turgan odamlar emas, oddiy xalqning o'zi hal etishi kerak.

Lekin O'sh va Jalolobodda vaziyat hamon keskin. O'zbeklarga qarshi xurujlar aniq bir reja asosida olib borilgan va hukumat buni bila turib, zarur chora ko'rmagan degan da'volar yangrar ekan, muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva bugun yana aybni sobiq prezident Kurmanbek Bakiyev tarafdorlariga yukladi.

"Xunrezlikda gumon qilinib ushlangan odamlar so'roq qilinganida, ular bu ishlarning orqasida Bakiyev turganini aytmoqda. Bunga hech kimning shubhasi yo'q",- deydi Otunbayeva.

BMT maxsus elchisi Miroslav Yencha bugun Bishkekda rahbariyat a'zolari bilan uchrashib, "saylovlarga tayyorgarlikni to'xtatmang" deya maslahat bergan.

Lekin bu tashkilot xodimlarining o'zi ham shuni tasdiqlamoqdaki, 200 mingga yaqin o'zbek jon saqlash uchun O'zbekiston chegarasiga borgan va ular hayoti qil ustida qolmoqda. O'sh va Jalolobod shaharlari va atrofdagi qishloqlar vayrona. Qochqinlar qachon qaytishi mumkin degan savolga hech kim javob bera olmaydi.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan fuqarolar deydiki, chegaraga har daqiqada odam to'la avtobus va yuk mashinalari yetib kelmoqda.

O'zbekistonning 30 joyida qochqinlar lageri barpo etilgan. Yana minglab o'zbek qochqinlar ayni damlarda chegaradan o'tishni so'rab o'tiribdi. Ularning ahvoli og'ir: suv va oziq-ovqat, tibbiy yordam kerak.

Qirg'iziston Sog'liqni saqlash vazirligi o'tgan payshanba kuni, 10 iyunda boshlangan to'qnashuv va zo'ravonliklarda o'lganlar soni 177, jarohatlanganlar esa 1800 ga yaqin.

Lekin bu raqamlarga ishonch yo'q, deydi xalqaro va mahalliy xizmatchilar. O'zbek jamoasi har kuni yuzlab jasadni dafn etmoqda. O'zbekistonga borgan minglan qochqinlar orasida yaradorlar juda ko'p. 12 kishi ular bardosh bera olmay vafot etgan. O'sh va Jalolobodda o'ldirilgan insonlar yoqib yuborilgani haqida aniq ma'lumotlar bor.

Rupert Kolvill, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissariat matbuot kotibi Jenevadan turib gaprar ekan, "Etnik zo'ravonlik O'shning besh mahallasida bir paytning o'zida boshlanganini isbotlovchi dalillar bor", - deydi.

Tashkilot rasmiylari nazarida qotilliklar, buzg'unchilik, kimni qachon nishonga olish hollari puxta rejalagan ko'rinadi.

Bu orada kecha Londonda Bakiyevning o'g'li Maksim hibsga olingan. Qirg'iziston muvaqqat hukumati uni nafaqat janubdagi xunrezliklarda balki xalqdan millionlab dollar mablag'ni o'marganlikda, o'zlashtirganlikda ayblaydi.

Qirg'iz rasmiylarining aytishicha, Bakiyev tarafdorlari hatto Tojikiston va Afg'onistondan odam olib kelib, ulardan etnik to'qnashuvlar boshlash uchun foydalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG