Breaking News

Immunitet taqchilligi virusi… Qirg’izistonda o’tgan forumdan reportaj


Qirg’izistonning O’sh shahrida immunitet taqchilligi virusi (VICh) bilan yashayotgan insonlar hamjamiyatining Uchinchi milliy forumi bo’lib o’tdi. Qatnashchilar bugungi muammolar va ularni hal etish yo’llarini muhokama qildi.
Immunitet taqchilligi virusi… Qirg’izistondan reportaj/Ulug'bek Sokin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:43 0:00
Yuklab oling

Forum Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi yordamida tashkil etildi. Qirg’izistonda bunday virusga chalinganlar soni 4700 dan ko’p va ular turli qiyinchiliklarga uchrayotgani sir emas.

Anjuman tashkilotchilardan biri Xayrullo Hakimovning aytishicha, immunitet taqchilligi bilan yashayotgan insonlar uchun asosiy muammo turli kamsitishlar va e’tiborsizlikdan iborat.

“Immunitet taqchilligiga chalingan insonlar oldida katta muammolar mavjud. Mana bugungi anjumanda ham mutaxassislar, ham immunitet taqchilligiga uchragan odamlar ham aytishmoqda – bunday odamlarni kamsitish hollariga tez-tez uchramoqda. Bugungi forumning asosiy maqsadi jamiyat e’tiborini immunitet taqchilligiga uchragan odamlarga qaratish va bunday odamlarning muammolarini hal qilish yo’llarini qidirish. Immunitet taqchilligiga duchor bo’lgan insonlarni qolgan boshqa kasallar kabi qabul qilish kerak. Masalan, sil kasali undan dahshatliroq”, - deydi suhbatdosh.

O’shdagi nodavlat tashkiloti xodimi Andrey Romanov fikricha, aksar hollarda mahalliy aholi VICh ga duchor bo’lgan insonlarga shubha bilan qaraydi.

“Asosiy muammo shundaki, biz tomonlarda jamiyat bunday odamlarni yaxshi qabul qilmaydi va odatda o’rtada qandaydir devor turadi”, - deydi u.

Rasmiy ma’lumotlarga binoan, Qirg’izistonda hozirda 4700 dan ziyod immunitet taqchilligi virusiga yo’liqqan odamlar istiqomat qiladi. Ularning aksariyati janubda yashaydi.

Virusga chalinganlarning ma’lum qismi davolanish, ishga joylashish, moddiy yordam olishda turli muammolarga uchrab turadi.

Ali ismli yigit immunitet taqchilligi virusiga chalinganlardan biri.

“Bizni tushunadigan odamlar ham bor, orqadan o’dag’aylanadiganlar ham bor. Bu borada ish olib borilsada, kamsitishlar yo’q emas”, - deydi u.

O’z navbatida, mutaxassislar bu kasallikka uchragan odamlarning davolanishiga astoydil hafsala qilmayotganidan afsus bildiradi.

O’shdagi OITS markazi rahbari Elmira Narmatovaning aytishicha, aslida antiretrovirus dorilar yetarli.

“Ammo ularni qabul qilish jarayonida o’zini yaxshi seza boshlagan odamlar dorini olmay qo’yadi. Buning oqibatitlari yomon bo’lishi mumkin. Chunki inson organizmida o’sha preparatlarga qarshi viruslar paydo bo’ladi, davolanish sxemasi izdan chiqadi”, - deydi shifokor.

Mutaxassislarga ko’ra, ayni paytda davolash markazlarini ham mustahkamlash darkor. Aytaylik, O’shdagi OITS markazida faqat ikki nafar maxsus bilimli shifokor faoliyat ko’rsatadi.

“Davlat masalaga chuqurroq nazar tashlashi kerak. Masalan, xalqaro tashkilotlardan kelayotgan mablag’ni to’g’ri, o’z o’rnida ishlatish lozim”, - deydi nodavlat tashkilot xodimi Andrey Romanov.

Aytish joizki, keyingi yillarda Qirg’izistonda aynan xorijdan Global Jamg’arma orqali kelayotgan ko’mak qanday ishlatilayotgani haqida bahslar ko’paygan.

Anjuman qatnashchilari fikricha, immunitet taqchilligiga chalingan odamlarning muammolarini hal qilish uchun barcha imkoniyatlarni jalb qilish lozim. Bu o’rinda xalqaro amaliyot va tajribaga tayanish kerak bo’ladi.

“Har bir inson salomatligi uchun o’zi javobgar degan prinsipni amalda bo’lishini xohlar edik. Ya’ni kasallar o’z muammolarini shifokorlar yoki boshqaning zimmasiga yuklab qo’ymaslikni o’rganishi kerak. Qolaversa, kasallikni oldini olish ishlari ko’p yo’nalishli bo’lishi darkor. Bu ishlarda ta’lim xodimlari ham, o’z-o’zini boshqarish tizimi ham, huquq-tartibot tizimlari, qo’yingki butun jamiyat qatnashishi lozim”, - deydi OITS markazi rahbari Elmira Narmatova.

Aytish joizki, bugungi forum uchunchisi bo’lib, avvalgi ikki anjuman qay darajada bo’lsada o’z samarasini bergan.
Forumda sobiq prezident Roza Otunbayeva ham qatnashdi
Forumda sobiq prezident Roza Otunbayeva ham qatnashdi

“Bilasizmi, natijalar yo’q emas. Odamlar kasallikka bir qadar to’g’ri nazar bilan qaray boshladi. Televideniyeda ko’rsatuvlar biroz ko’paydi. Gubernatorlar, shahar merlari qabulida bo’lyapmiz”, - deydi virusga uchragan suhbatdoshlardan biri.

Anjuman tashkilotchilari fikricha, forumda Qirg’iziston sobiq prezidenti, hozirda yirik nodavlat jamg’arma rahbari Roza Otunbayeva ham qatnashgani zikr qilingan muammolarga jamiyat diqqatini jalb qilishga xizmat qiladi.
XS
SM
MD
LG