O'zbekiston rahbari: Fojiada qirg’izlarning ham, o’zbeklarning ham aybi yo’q


O’zbekiston prezidenti Islom Karimov nazarida O’sh va Jaloloboddagi qirg’in ortida tashqi kuchlar turibdi. Karimov bu haqda Buxoroga safari paytida so’zlagan.

Uning aytishicha, bu qotillik-qirg’in xalqaro miqyosda tergov qilinishi zarur. Qo’shma Shtatlar ham xolis tekshiruv tarafdori va Qirg’iziston hukumatini zo’ravonlikni zudlik bilan to’xtatishga chaqirmoqda.

Islom Karimovning ta’kidlashicha, O’sh va Jaloloboddagi voqealar o’zbek va qirg’izlar o’rtasidagi nizodan kelib chiqmagan, bunda qirg’izlarning ham, o’zbeklarning ham aybi yoq.

“Qirg’in O’zbekistonni mazkur ziddiyatga tortishni rejalagan tashqi kuchlar tomonidan amalga oshirilgan. Bu dahshatli jinoyatlarning ildizi ochilib, qonuniy bahosini olishi kerak. O’zbekiston ming yillardan buyon birga yashab kelayotgan qirg’iz xalqi bilan til topisha oladi”, - deydi O’zbekiston prezidenti.

O’zbekistondagi qochqinlar hozirgi vaziyatda qirg’izlar bilan yana birga yashashni tasavvur eta olmasligini aytmoqda. Qirg’iziston hukumati o’zbeklarni ortga qaytishi uchun harakat ham qilayotgani yo’q.

“Na qirg’iz hukumati, na qirg’iz jurnalistalri kelib holimizdan xabar olgani yo’q.To’polonda jon saqlab shu yoqqa o’tib oldik, o’lgan o’ldi, qolgan qoldi. Chuqurlarga tushib, mayda-mayda bolalar olomon ichida qolib bosilib ketdi. Qachongacha ezilib yashaymiz”, - deydi qochqinlardan biri.

AQSh davlat kotibi muovini Robert Bleyk Andijonga tashrifi mobaynida shafqatsizlikni boshdan kechirgan qochqinlar hikoyasidan iztirobga tushganini bildirar ekan, zo’rovonliklar yuzasidan xalqaro tekshiruv o’tkazish zaruriyatini ta’kidladi.

“Lagerdagi ko’plab qochqinlar bizga o’z erkaklari qanday o’ldirilgani, ayollar zo’rlanganini gapirib berishdi. Bu jinoyatlarning hammasi mustaqil tekshiruv talab etadi. Bu birinchi galda muvaqqat hukumat zimmasidagi masala. Ayni paytda O’zbekistonda joylashtirilgan o’zbeklarni ko’rsatmalari bunday tekshiruv uchun foydali bo’ladi deb hisoblaymiz. Tekshiruv xalqaro tashkilotlar tomonidan, ya’ni xalqaro tekshiruv o’tkazilishi kerak”, - dedi Robert Bleyk.

O’zbekistondagi minglab qochqinlar esa yashash uchun munosib sharoit yaratilishini, Qirg’izistonda o’zbeklar ikkinchi bor ommaviy zo’rlikka, tahqirlashga uchraganini aytishmoqda.

“Hozir bizni yongan uylarimizga ham qirg’izlar kirib o’tirib olgan emish, o’zbeklar qochib ketdi deb. Bizni ko’chamizga soat birda tank keldi, yo’lni to’sib qo’ygan edik. Tank orqasidan soldatlar kelib otishdi, sochma o’qlar bilan. To’rt kishiga tegdi, bittasi o’ldi. Biz O’zbekiton tomonga qochdik, VLKSMda yana otishma boshlandi, meni bir qarindoshim o’ldi. Vaziyat qandayligiga qarab xulosa chiqarish kerak-ku”, - deydi qochqinlardan yana biri.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG