Qirg’iziston yangi boshqaruv tizimiga o’tish uchun ovoz berdi


Mamlakatda 2.8 million kishi ovoz berish huquqiga ega. Yangi parlament besh yilga saylanadi, biror bir partiya 65 dan ko'p o'rinni egallashi taqiqlangan.

Mamlakatda 2.8 million kishi ovoz berish huquqiga ega. Yangi parlament besh yilga saylanadi, biror bir partiya 65 dan ko'p o'rinni egallashi taqiqlangan.

Qirg’izistonda bugun Markaziy Osiyoda ilk parlament respublikasini yaratishga qaratilgan saylovlar bo’lib o’tdi. Tinimsiz siyosiy bahslardan charchagan xalq o’lkada tinchlik-osoyishtalik qaror topishidan umidvor.

Qirg’iziston xalqiga telemurojaatida prezident Roza Otunbayeva “mamlakat tarixida yangi sahifa ochilmoqda, biz shunchaki parlamentni saylayotganimiz yo’q, davlat boshqaruvini tubdan o’zgartiryapmiz”, -dedi.

Poygada 30 ga yaqin siyosiy partiya ishtirok etmoqda. Qonunchilik organidagi 120 o’ringa 3 mingdan ortiq nomzod da’vogar. Kuzatuvchilar nazarida, avtoritar rejimlar hukmron va soxta saylovlarga o’rganib qolgan mintaqada bunaqasi bo’lgan emas.

“Qirg’iziston tarixida ilk bor saylov natijasini hech kim oldindan aytib bera olmaydi”, -deydi Miroslav Yencha, BMTning mintaqadagi maxsus vakili.

Ommaviy so’rovlarga ko’ra, 29 partiyadan olti-yettitasi parlamentdan joy olishi mumkin. Ota Makon, Sotsial Demokratlar, Ota Yurt va Or Nomus shular jumlasidan.

Biroq ovozlar qanday bo’lishidan qat’iy nazar, hech bir partiya mamlakat qonunchilik organida 65 dan ko’p o’rinni egallay olmaydi.

Saylovning erkin va adolatli ravishda, hamda osoyishta o’tishini ta’minlash uchun barcha choralar ko’rilgani aytiladi. Xavotir shundaki, saylov natijasi yuzasidan tortishuv va bahslar vaziyatni izdan chiqarishi, zo’ravonlikka turtki berishi mumkin.

“Mag’lubiyatni qabul qilish oson emas. Odamlarni ko’chaga olib chiqib, yana bir g’alayon boshlaydigan siyosatchilar doimo topiladi”, -deydi BMT maxsus vakili Miroslav Yencha.

Rossiya nazarida Qirg’iziston parlament boshqaruviga tayyor emas. Prezident Dmitriy Medvedev mamlakat yana beqarorlik domiga tortiladi deb ogohlantirgan.

Kreml saylovda Qirg’iziston sobiq bosh vaziri Feliks Kulovning Or Nomus partiyasini yoqlamoqda. Mazkur partiya referendum o’tkazib, prezident vakolatlarini tiklashga va’da bergan.

XS
SM
MD
LG