Qirg'izistonning soxta pasportlari yuzasidan xalqaro tekshiruv

  • Amerika Ovozi

Turkiya politsiyasi Istanbulda soxta pasportga ega bir guruh sahoyatchilarni hibsga olgach, Qirg'izistonda shunga oid keng ko'lamli tekshiruv boshlangan. Ayon bo'lishicha, O'sh shahrida uyushgan jinoiy guruh odamlarning pasport ma'lumotini o'g'irlash va shu asosda soxta pasport tayyorlash bilan shug'ullangan.

Turkiyaga Qirg'izistondan sayyohlar ko'p keladi. Bu yerda hozir Qirg'iziston pasportlariga oid xalqaro tekshiruv boshlangan.

May oyida 98 kishi soxta hujjatga egalik qilishda ayblanib hibsga olingan.

Ularning aslida xitoylik uyg'urlar ekani aniqlangan. Saudiya Arabistoniga hajga borishni ko'zlagan bu shaxslar mohirona tayyorlangan Qirg'iziston pasportlariga ega bo'lgan.

"Firibgarlarning ulushi katta bo'lgan. Xitoydan hajga borish o'rtacha 10 mingdan 20 ming dollargacha tushadi. Jinoiy guruh bir million dollardan ortiq daromad ko'rgan. Shu bois ular xatardan qo'rqmagan", - deydi Qirg'iziston pasport agentligi rahbari Toirbek Sarpashev.

Qirg'izistonda xalqaro xavfsizlik talablariga javob beruvchi pasportlar ishlab chiqarila boshlaganiga 10 yildan oshdi. Ammo shu bilan birga, respublikada hujjatlar soxtalashtirilayotgani keng yo'lga qo'yilgani haqida xavotirlar ham mavjud.

Mamlakat rasmiylarining aytishicha, Istanbulda qo'lga tushgan pasportlar Qirg'izistonniki, faqat ularga Xitoy fuqarolarining surati tushirilgan.

"Pasportning har bir sahifasiga xavfsizlik belgilari o'rnatilgan. Masalan, bir-biriga ulangan ikkita chiziq bor. Yorug'ga tutsangiz, u bitta bo'lib ko'rinadi. Ular o'g'irlangan yoki yo'qolgan pasportlarni qayta ishlashadi. Bo'sh pasportni qo'lga kiritgach, ayrim sahifalardagi ma'lumotlarni o'zgartirishadi", - deydi pasport agentligi mutaxassisi Temirlan Kubatov.

Rasmiylarning aytishicha, O'sh shahrida odamlarning pasport ma'lumotlarini o'g'irlash bo'yicha katta jinoiy sxema ishlagan.

"5-6 kishidan iborat uyushgan jinoiy guruh Qirg'iziston fuqarolari uchun lotereya e'lon qilgan. Ular g'oliblarni Saudiya Arabistoniga hajga olib borishni va'da qilgan", - deydi Sarpashev.

Jinoyat sxemasi quyidagicha ishlagan.

O'shliklar haj safarini yutib olish uchun lotereyaga taklif qilingan. Unda ishtirok etish uchun odamlarning pasportlari yig'ib olingan. So'ng pasportdagi ma'lumotlar yangi bo'sh pasport sahifalariga ko'chirilgan. Ularda xitoyliklarning surati bo'lgan.

So'ng hech qanday yutuq chiqmadi, deb pasportlar egalariga qaytarilgan. Hozircha O'shda bu ishga aloqador biror kishi hibsga olingani aniq emas. Ayni paytda Turkiyada xitoyliklarga yo'lboshchi bo'lgan ikki qirg'izistonlik qamoqda.

Qirg'iziston sobiq adliya vazirining aytishicha, ichkaridan kimdir yordam bermasa, haqiqiy pasport blankalarini qo'lga kiritish mumkin emas.

"Pasport sahifalari soxta bo'lmagan. Oxirgi betini rangli printerda chiqarib, unga boshqa surat yopishtirishgan, xolos", - deydi sobiq vazir Almambet Shikmamatov.

Qirg'iziston pasport agentligi rahbari uning xodimlari jinoyatga aralashganini inkor etib, bu tashqi guruhlar ishi ekanini aytadi.

"Bu ishga agentlik ham, uning xodimlari ham aloqador emas. Hujjatlarni soxtalashtiruvchi guruhlar hamma davlatlarda bor", - deydi agentlik rahbari Sarpashev.

"Ozodlik" radiosining qirg'iz xizmati o'tkazgan tekshiruvda soxta pasport yasab beruvchi vositachilar aniqlandi.

Muxbir O'shdagi parkda hatto ularning biri bilan uchrashdi.

"Bu narxga bog'liq. Biz pasport agentligidagi odamlar bilan gaplashamiz. Biz faqat vositachilarmiz. Ba'zan yaxshi ishlar bo'lib turadi", - deydi pasport olib berishni va'da qilayotgan shaxs.

"Tojikiston yoki O'zbekiston fuqarosi, masalan, Turkiyaga bormoqchi. Shunga qancha olasiz?" - deya so'raydi jurnalist.

"Aniq narxini hech qachon oldindan aytmaymiz. Oldin qanday hujjatligini ko'rishimiz kerak. 2000 yoki 3000 dollarlik ishlar ham bo'lgan", - deydi vositachi.

O'shda avval ham soxta pasport bilan bog'liq mojarolar bo'lgan. Aprel oyida 20 yoshli yigit O'sh aeroportida ushlangan edi. Uning sumkasidan 9 ta soxta Qirg'iziston pasporti chiqqan. Dunyo bo'ylab jangarilar tarqalayotgani yuzasidan xavotirlar kuchaygan bir paytda bu hodisalarning yuz berishi hujjatlar xavfsizligi bo'yicha Qirg'iziston layoqatini savol ostiga qo'ymoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG