Tinchlik korpusining Qirg’izistondagi faoliyatiga nazar


Rivojlanayotgan o’lkalarda faoliyat olib boruvchi AQSh Tinchlik korpusining bir guruhi Qirg’izistonda o’z ishini yakunlab, aprel oyidan boshlab ikkinchi guruh ishga kirishadi.

Amerikalik ko’ngillilar Qirg’izistonda 20 yildan beri faoliyat ko’rsatadi. Ular ingliz tilini o’rgatish va kichik biznesni rivojlantirishda yordam berib keladi.

Tinchlik korpusining Qirg’izistonda o’z faoliyatini yakunlayotgan guruhi ikki yil davomida asosan til o’rgatish, aholini sog’lomlashtirish, mahalliy jamoalarni taraqqiy ettirishga ko’mak ko’rsatish bilan mashg’ul bo’lgan.

Korpusning Qirg’izistondagi vakolatxonasi ma’sul xodimasi Mahabat Sultanbekovaning aytishicha, volontyorlar ikki oylik tayyorgarlikdan so’ng turli viloyatlarga jo’natiladi.

“Ko’ngillilarimiz asosiy faoliyatiga kelsak, ular maktablar va oliy o’quv yurtlarida ingliz tilidan saboq beradi. Ikkinchidan turli loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etadi. Masalan, qishgi va yozgi lagerlar tashkil etishadi, o’quv seminarlari, treyninglar o’tkazishadi”.

Tinchlik korpusi vakillari til bo’yicha test-sinovlarni takomillashtirishga ham hissa qo’shmoqda.

Tashkilotning birinchi ko’ngillilar guruhi Qirg’izistonga 20 yil muqaddam kelgan. Ularni barcha viloyatlarda, jumladan olis hududlarda ham uchratish mumkin.

“Bugungi kunda Qirg’izistonda 70 ga yaqin ko’ngilli ish olib bormoqda. Barchasi mahalliy jamoalarda yashaydi. Ular aholining turmush sharoitini yaxshilashga astoydil xizmat qilmoqda. Aytaylik, sog’liqni saqlash masalalarida qator tadbirlar o’tkazishdi. Sog’lom turmush tarzini shakllantirish bo’yicha ancha ishlar qilinmoqda. Biz yirik sarmoya kirituvchi tashkilot bol’masak-da, o’tgan yili Qirg’iziston iqtisodiyotiga 1,5 million dollar atrofida mablag’ kiritdik. Jumladan, maktablar kutubxonalariga yordam berildi, o’quv yurtlari uchun zamonaviy uskunalar sotib olindi”, - deydi Mahabat Sultanbekova.

Keyingi yillarda Qirg’iziston matbuotida AQSh Tinchlik korpusi faoliyati haqida negadir ko’p so’z yuritilmaydi. O’lkada bir qadar o’z faoliyatini chekladi degan gap-so’zlar naqadar o’rinli?

Sultanbekovaning aytishicha, bunga bir necha sabab bor.

“Darhaqiqat, 2010-yilgi voqealardan keyin biz ko’ngillilarimizni Qirg’izistonning janubiy viloyatlaridan shimolga olib ketdik. Chunki ularning xavfsizligi biz uchun muhim. Vaqti kelib, Qirg’iziston janubiga qaytish niyatimiz yo’q emas”, - deydi u.

Tashkilotning Qirg’izistondagi rejalari haqida so’z ketar ekan, qirg’iz hukumati bilan tig’iz hamkorlikda ish olib borayotganini ta’kidlash lozim.

“Qirg’iz davlati va hukumati o’z oldiga qo’ygan ustuvor maqsadlar bizning ham maqsadimiz. Ya’ni aholining bilim saviyasini oshirish, odamlarning salomatligini yaxshilash, til o’rgatish, jamoalarning faolligini oshirish kabi masalalar biz uchun muhim. Qisqa qilib aytganda, toki Qirg’iziston ahli uchun bizning xizmatimiz kerak ekan, biz faoliyatimizni davom ettiramiz”, - deydi Tinchlik korpusining Qirg’izistondagi vakolatxonasi ma’sul xodimasi Mahabat Sultanbekova.
XS
SM
MD
LG