Breaking News

Qirg’iziston kasalxonalariga AQShdan yordam


AQSh Qirg’izistonga insonparvarlik yordami berishda davom etmoqda. Bishkek va yana bir necha viloyatlarga sog’liqni saqlash muassasalari va ijtimoiy masalalar bilan shug’ullanadigan dargohlarga texnologik, xususan tibbiy uskunalar va dori-darmonlar tarqatilgan.

Insonparvarlik yordami Amerika hukumati tomonidan Qirg’izistonga “Project Hope” deb nomlangan xayriya tashkiloti orqali yetkazilgan.

Tashkilot xodimasi Gulmira Sidiqovaning aytishicha, yuk 16 muassasa orasida tarqatiladi.

“Bular, asosan, viloyatlar markaziy kasalxonalari, oilaviy meditsina markazlari, Bishkek shahar sog’liqni saqlash departamenti hamda ijtimoiy vazirlikka qarashli muassasalar. Aytaylik, ortopedik vositalar ilk bor keltirildi. Nogironlarga aravachalar topshirilayapti, dori-darmonlar ham juda ko’p”, - deydi Sidiqova.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, AQSh Davlat departamentining “Umid” dasturi doirasida ko’rsatilayotgan ushbu insonparvarlik yordamining umumiy miqdori 2,1 million dollarni tashkil qiladi. Dori-darmon va tibbiyot uskunalari Allergan, Covidien Kendall, Medline kabi taniqli farmasevtik kompaniyalar tomonidan hadya etilgan.

Qirg’iz rasmiylari hisob-kitobiga ko’ra, bu yordam 65 mingdan ziyod bemorni davolashga imkon beradi. Ulardan 23 ming nafari ortopedik vositalardan foydalanadi. 12 mingi esa qon bosimi kasalliklaridan aziyat chekayotgan insonlardir.

Aytish joiz, Amerikaning “Project Hope” xayriya tashkiloti Qirg’izistonda 7 yildan buyon faoliyat ko’rsatib keladi.

“2011-yili Qirg’iziston tibbiyot muassasalariga bizning tashkilot 25 million dollarlik ko’mak ko’rsatdi”, - deydi tashkilot mas’ul xodimi Gulmira Sidiqova.

Suhbatdoshga ko’ra, keltirilayotgan dori-darmon va tibbiyot uskunalaridan qanday foydalanish xususida Qirg’iziston tibbiyot tarmoqlarida o’quv-mashg’ulotlar o’tkazilgan.

Amerika Qirg’izistonda yirik ijtimoiy loyihalarga o’z hissasini qo’shib kelmoqda. Jumladan, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, yo’l xavfsizligini oshirish, maorif va sog’liqni saqlash tizimlariga ko’mak borasida.

XS
SM
MD
LG